Линклар

Shvetsiyaning TeliaSonera telekommunikatsion shirkati postsovet davlatlari, xususan O‘zbekiston maxfiy xizmatlari bilan hamkorilik qiladi u yerda inson huquqlarining toptalishiga aloqasi bor. Bu haqda Shvetsiya matbuti xabar qilmoqda.

Shvetsiya Radiosi, Svenska Dagbladet, Aftonbladet, Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi bunga oid surishtiruv o‘tkazib, natijalarini e‘lon qildi. TeliaSonera vitse prezidenti Ozodlik bilan suhbatda shirkat faoliyat olib boradigan mamlakatlar rasmiylari bilan mahalliy qonunlar doirasida hamkorlik qilishini tan oldi. TeliaSonera O‘zbekistondagi faoliyati tufayli birinchi marta tanqidga uchrayotgani yo‘q.

Ulushining 37 foizi Shvetsiya hukumatiga qarashli bo‘lgan TeliaSonera shirkati O‘zbekistondagi UCell mobil operatorining 94 foiz ulushiga egalik qiladi.

Shvetsiya jamoatchilik telekanali chorshanba kuni namoyish qilgan “Tergov missiyasi” (“Uppdrag granskning”) nomli dasturda aytilishicha, jurnalistlar TeliaSonera ishlaydigan mamlakatlarda surishtiruv o‘tkazib, shved shirkati sho‘‘ba korxonalari, xususan O‘zbekistondagi UCell mobil operatori mamlakat maxfiy xizmatlariga o‘z abonentlariga doir ma‘lumotlar, jumladan ularning suhbatlari, muayan vaqtda qayerda ekani haqidagi ma‘lumotlarni yetkazib turishini aniqlashgan.

Bunda aksar hollarda bunday ma‘lumotlar tegishli huquqiy amaliyotga zid tarzda taqdim etilishi va maxfiy xizmatlar istagan vaqtda, istagan axborotni olishi mumkinligi aytiladi reportajda.

Dasturda fikr bildirgan tahlilchilar O‘zbekistondagi kabi rejimlar “arab bahori” voqealaridan keyin aholi orasidagi kayfiyatlarni mobil aloqasi orqali nazorat qilishni kuchaytirayotganini aytishdi.

TeliaSonera: MXX bilan hamkorlik qonun doirasida


TeliaSonera vitse prezidenti Sisiliya Edstrom Ozodlik bilan suhbatda shirkat faoliyat olib borayotgan mamlakatlar rasmiylari, xususan xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilishini tasdiqladi. Lekin, deydi Edstrom xonim, bu hamkorlik mahalliy qonunchilik bilan shartlangandir.

- Dunyo bo‘ylab faoliyat olib borayotgan barcha telekommunikatsiya shirkatlari mahalliy rasmiylar va xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilish mas‘uliyatini oladi. Bu litsenziya kelishuvning shartlaridan biridir va hamkorlik miqyosi mahalliy qonunchilik bilan belgilangan bo‘ladi. Bu yangilik emas. Lekin negadir buni, “arab bahori” kontekstidagi katta yangilik sifatida taqdim qilishmoqda, deydi Sisiliya Edstrom.

"TeliaSonera O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar hukumatlari bilan hamkorlik qilib kelgan, bundan keyin ham qonun doirasida hamkorlik qilishda davom etadi. Buning “arab bahori”ga hech qanday aloqasi yo‘q", deya ta‘kidladi Sisiliya Edstrom.

Bunda, deya qo‘shimcha qiladi TeliaSonera vitse prezidenti, hamkorlik qay darajada bo‘lishini mahalliy hukumatlar belgilaydi va shirkat bu borada savdolashish imkoniga ega bo‘lmaydi.

TeliaSonera abonentlarga oid shaxsiy ma‘lumotlarni huquqiy amaliyotlarga zid tarzda taqdim etishi haqidagi fikrlarni ham Sisiliya Edstrom inkor qildi.

- Yo‘q, yo‘q. Mutlaqo unday emas. Ba‘zi mamlakatlarda telefon qo‘ng‘iroqlari haqidagi ma‘lumotlarni olish uchun sud qarori kerak. Lekin boshqa mamlakatlarda xavfsizlik xizmatlari sud qarorisiz ham bunday ma‘lumotni talab qilishi qonunda belgilangan. Shuning uchun biz mutlaqo qonunga amal qilgan holda ish tutamiz, der ekan TeliaSonera vitse prezidenti O‘zbekiston qaysi mamlakatlar sirasiga kirishi haqida izoh berishdan bosh tortdi.

U shuningdek, O‘zbekiston hukumati TeliaSonera shirkatiga bergan litsenziya kelishuvida mamlakat xavfsizlik xizmatlariga abonentlar haqida qanday ma‘lumotlar berilishi to‘g‘risida kelishilganini ham ochiqlamadi.

Sesiliya Edstrom: TeliaSonera o‘zbek maxfiy xizmatlari bilan hamkorilk qilishda davom etadi.

Sesiliya Edstrom: TeliaSonera o‘zbek maxfiy xizmatlari bilan hamkorilk qilishda davom etadi.

- O‘zbekistondagi litsenziyamizda hamkorlik qay darajada bo‘lishi ko‘rsatilganini aniq bilmayman. Lekin unda bu ma‘lumotlar qay tarzda va qaysi sharoitda taqdim etilishi aytilgan, deydi Sesiliya Edstrom.

Uning aytishicha, TeliaSonera ulushlarining 37 foiziga ega bo‘lgan Shvetsiya hukumati shirkat ish olib boradigan davlatlar, jumladan xalqaro maydonda repressiv rejimlar, deya tan olingan sobiq ittifoq respublikalari bilan hamkorlik qilib kelganidan xabari bo‘lgan.

TeliaSonera hamkorlari kim?


Sisiliya Edstryomning aytishicha, TeliaSonera UCell mobil operatorining 94 foiz ulushiga egalik qiladi. Qolgan 6 foiz aktsiyalar Takilant Ltd. nomli mahalliy shirkatga qarashlidir.

TeliaSonera vitse prezidenti Takilant Ltd. shirkati egasi kim ekanini ochiqlamadi. Lekin Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha O‘zbekistonda Ucellning 6 foiziga egalik qiladigan bu shirkat offoshor mamlakat hisoblangan Gibraltarda ro‘yhatga olingan.

Gibraltar shirkatlar reyestridan olingan hisobotda, Takilant Ltd. sanoat shirkati sifatida ro‘yhatga olingan bo‘lib, birorta ham ishchisi yo‘q, faoliyat ham olib bormaydi. Faqatgina PANALLY LTD. nomli sho‘‘ba korxonasi bor.

O‘z navbatida PANALLY LTD. Londonda 2004 yilda ro‘yhatga olingan firma bo‘lib, qanday faoliyat bilan shug‘ullanishi noma‘lumdir. Darvoqe, bu firma joylashgan manzil xususiy uyga doir bo‘lib, bu adres bo‘yicha PANALLY LTD. firmasidan tashqari faoliyati noma‘lum bo‘lgan yana 20 ta firma ro‘yhatga olingan.

Bu firmalar nima bilan shug‘ullanishi noma‘lum bo‘lsa-da, yillik daromadlari anchagina va egalari noma‘lum qolayotgan aktsiyalar mo‘maygana dividend keltirmoqda.

Masalan UCell egalaridan biri Takilant Ltd. shirkatiga qarashli PANALLY LTD. sho‘‘ba firmasining bugun 1 million 375 ming funt sterlingga teng (2 million 210 ming AQSh dollari) mol mulki bor. Britaniya shirkatlar reyestridan olingan ma‘lumotnomada ko‘rsatilishicha, 2006 yilda bu firma bisoti nolga teng bo‘lgan.

Birinchi marta emas


TeliaSoneraning O‘zbekistondagi faoliyati bundan ikki yil avval ham shved jamoatchiligida bahslarga sabab bo‘lgan edi. TeliaSonera UCell kompaniyasini Amerikaning COSCOM shirkatidan jami yarim milliard dollardan ortiqroq mablag‘ evaziga sotib olgan. Shvetsiya hukumatiga aloqasi bo‘lgan shirkat korruptsiya darajasi yuqoriligi bilan tanilgan O‘zbekistonga buncha sarmoya yotqizayotgani shved soliq to‘lovchilarida savollar tug‘dirgan edi.

Bundan tashqari shved kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi ham, yumshoq qilib aytganda, shubhaliroq bo‘lgan.

UCell shirkatidagi manba Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda, TeliaSonera UCell ni sotib olganidan keyin, O‘zbekiston rasmiylari ulardan shubhali sxemalarga ko‘ra ishlashni talab qila boshlaganini gapirib bergan edi. “Kompaniya o‘zi amalga oshirishi mumkin bo‘lgan ishlarni autsorsing orqali, ya‘ni pudratchi firmalarga topshirish orqali bajarish bo‘yicha talablar qo‘yildi. Hozirda shirkatning farroshlaridan tortib, haydovchiyu qo‘riqchilarigacha autsorsingga o‘tkazilgan”, degan edi USell dagi manba.

Unga ko‘ra, texnologik inshootlarni qurish uchun ham TeliaSonera pudratchi firmalar xizmatidan foydalanishi kerak bo‘lgan. “Agar bu shartlarga rozi bo‘lmaganimizda, litsenziyamiz olib qo‘yilishi mumkin edi. Biz bunday shartlarga ko‘nmagan shirkatlarning litsenziyalari tortib qo‘yilgani guvohi bo‘lganmiz”, degan edi USell mutaxassisi.

Shubhali sxema esa bunday bo‘lgan: TeliaSonera viloyatlarda aloqa inshootlarini qurish uchun tender e‘lon qiladi. Bu tenderda “NOKIA SIEMENS NETWORKS TASHKENT LTD.” firmasi g‘olib chiqadi. Keyin “NOKIA SIEMENS NETWORKS TASHKENT LTD.” bu ishlarni o‘zi amalga oshirmasdan yana autsorsing qoidalariga ko‘ra, “Osiyo To‘ron Telekom LTD.” nomli firmani yollaydi. Mazkur firma esa, suhbatdoshimizga ko‘ra, O‘zbekistondagi nufuzli moliyaviy guruhlardan biriga qarashli bo‘lgan.

Jamoatchilik fikri


UCell ning 6 foiziga egalik qiladigan Takilant Ltd., unga qarashli PANALLY LTD., Osiyo To‘ron Telekom LTD. firmalari o‘rtasida bog‘liqlik bormi-yo‘qmi aytish qiyin. Lekin shved shirkati TeliaSoneraning O‘zbekistondagi bu hamkorlarini birlashtiruvchi jihat ularning egasi kimligi va nima bilan shug‘ullanishi noaniq qolayotganidadir.

Shved jurnalistlari TeliaSonera O‘zbekistondagi kabi rejimlar bilan hamkorlik qilib, bu mamlakatlarda inson huquqlari buzilishiga bevosita hissa qo‘shayotganini aytmoqda. Surishtiruv reportaji qatnashchilaridan biri Svenska Dagbladet gazetasi muxbiri Erik Olson yangi faktlar TeliaSonera faoliyatida aks etmay qolmaydi, degan fikrda.

- TeliaSonera bir paytlar yuz foiz davlatga qarashli bo‘lgan, hozirda uning katta qismi xususiylashtirilganiga qaramasdan, shvedtsiyaliklarning ko‘pchiligi unga hali ham davlat shirkati deb qaraydi va bu shirkatning repressiv rejimlar bilan hamkorlik qilib kelganiga oid xabarlarni shved jamoatchiligi ijobiy qabul qiladi, deb o‘ylamayman, deydi jurnalist Erik Olsen.

TeliaSonera vitse prezidenti bu tanqidga javoban, odamlarga telekommnikatsion xizmatlarni yetkazib berish shirkatning asosiy maqsadidir, deya javob berdi.

- Bizning maqsadimiz, dunyo bo‘ylab xalqlar manfaatidan kelib chiqib, ularga telekommunikatsion xizmatlar yetkazishdir. Bunday xizmatlar butun dunyo bo‘ylab iloji boricha ko‘proq odamlarga yetkazilsa, foydali bo‘ladi, deb hisoblaymiz. Bunda biz Yevropa Ittifoqi va BMT me‘yorlariga amal qilamiz. Shuningdek biznes va investitsiya qilishga doir qarorlarni ma‘naviy qarashlardan kelib chiqib qabul qilamiz, deydi TeliaSonera vitse prezidenti Sisiliya Edstrom.

TeliaSonera dunyodagi eng yirik telekommunikatsion shirkatlardan biri hisoblanadi. Sobiq ittifoq mamlakatlaridan bu shirkat O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Gruziya va Rossiyada o‘z biznesiga ega. TeliaSonera hozirda bir yilda 12 milliard AQSh dollari miqdorida foyda ko‘rishi aytiladi.
XS
SM
MD
LG