Линклар

Bishkek va Pekin rasmiylari Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining texnik va iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish yuzasidan memorandumni imzoladilar.

Qirg‘iziston Transport vazirligi va Xitoy Yo‘l qurilish korporatsiyasi Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini ishlab chiqish yuzasidan memorandumni imzoladi. Memorandumda bir yil ichida temir yo‘lning texnik va iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish belgilandi. Shundan so‘ng, temir yo‘l loyihasi ustida ish boshlanadi.

Temir yo‘lning uzunligi 268 kilometrni tashkil etadi. Qirg‘iziston tomoni temir yo‘lni Qashqar-To‘rug‘art- Baliqchi-Qora Kecha-Jalolobod-Andijon yo‘nalishida qurishni taklif qilmoqda.Bu holatda Qirg‘iziston shimolini janubiy viloyatlar bilan bog‘lash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Rasmiy ma‘lumotlarda aytilishicha, agar Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilsa, Qirg‘iziston birgina tranzitning o‘zidan yiliga 260 million dollardan ortiqroq foyda ko‘radi. Temir yo‘l qurilishi uchun esa 2 milliard dollar mablag‘ sarflanadi.

Biroq Xitoy tomoni temir yo‘lni qurib berish uchun Qirg‘izistondagi uchta temir konini talab qilmoqda. Bishkek rasmiylari esa temir konlari Xitoyga berilmasligini rasman bildirdi. Shundan kelib chiqqan holda, Qirg‘iziston hukumatidagi ayrim rasmiylar temir yo‘lning qurilishi yaqin yillarda boshlanishiga umid qilmasliklarini bildirmoqdalar.

- Bu muvaffaqiyatli tarzda amalga oshmaydigan loyihaga o‘xshab qoldi. Chunki Xitoy avvalgi pozitsiyasini o‘zgartirmagan holda, sarmoyaga zahiralarni almashtirish degan nuqtai nazarda qat‘iy turibdi. Ular Qirg‘iziston tomonidan taklif qilinayotgan boshqa variantlarni mutloq qabul qilishmayapti. Xitoy faqat temir konlarini so‘ramoqda, -dedi o‘z nomini aytmaslik sharti bilan suhbatlashgan qirg‘iz rasmiysi.

Qirg‘iziston tog‘-kon birlashmasi rahbari O‘ro‘zbek Duysheyevning aytishicha, Qirg‘izistondagi temir konlari juda katta zahiraga ega. Shuning uchun ham Xitoy temir yo‘lga sarflanadigan 2 milliard dollar sarmoya evaziga bundan bir necha yuz barobar ko‘p foyda berishi mumkin bo‘lgan konlarni talab qilmoqda.

- Xitoy talab qilayotgan Yetim tog‘ koni dunyodagi eng katta zahiraga ega. Bu konning zahirasi milliardlab tonnaga teng. Bundan tashqari bu kondagi temir madani sifati ham o‘ta yuqori darajada. Qirg‘iziston hukumati bu konni berishga hech qachon rozi bo‘lmaydi. Qirg‘iziston qachon qodir bo‘lganda, bu konni o‘zi o‘zlashtirib, o‘zi ishlatadi, -dedi O‘ro‘zbek Duysheyev.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi birinchi marotaba prezident Akayev davrida e‘lon qilingan edi. O‘shanda Xitoy tomoni temir yo‘ldan 99 yil faqat o‘zi foydalanishini talab qilgan. Prezident Bakiyev davrida esa Xitoy tomoni temir yo‘lga 47 yil egalik qilishga roziligini bildirgan. Biroq Qirg‘iziston prezidentlari Xitoyning bunday talablariga rad javoblarini berishgan edi.
XS
SM
MD
LG