Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:47

O‘zbekistonlik yoshlarning xorijga chiqishiga yangi to‘siq qo‘yildi


O‘zbekiston hukumati harbiy majburiyatli yoshlarning erkin harakat qilishini cheklamoqda. Bu haqda xabar tarqatgan O‘zbekiston Ekspertlar ishchi guruhiga ko‘ra, mehnat muhojirligiga ketmoqchi bo‘lgan yoshlardan bir oylik harbiy xizmatga borish talab qilinmoqda va xizmat uchun to‘lovlar majburiy tarzda undirilmoqda.

O‘zbekiston armiyaga borib xizmat qilish uchun fuqarolardan pul undiriladigan yagona davlatdir.

Joriy yilning fevral oyidan boshlab xorijga chiqib ishlamoqchi bo‘lgan harbiy majburiyatli o‘zbekistonlik yoshlar mamlakat chegarasidan chiqayotganda ularning pasportida maxsus belgi bo‘lishi talab qilinmoqda.

Bu haqda xabar bergan O‘zbekiston Ekspertlar ishchi guruhining hisobotida aytilishicha, bu belgilar tumanlardagi mudofaa ishlari bo‘limlarida “harbiy majburiyatli” shaklida qo‘yilmoqda.

Agar pasportda shunday belgi bo‘lmasa, yoshlar chegaradan ortga qaytarilib, harbiy xizmatni o‘tash talab qilinmoqda.

Ekspertlar ishchi guruhiga ko‘ra, bu holat mamlakat byudjetiga ko‘proq pul tushirish uchun amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston armiyaga borib xizmat qilish uchun fuqarolardan pul undiriladigan yagona davlatdir.

Safarbarlik rezervi chaqirig‘i nomini olgan harbiy chaqiruv yoshlardan bir oylik harbiy xizmatni o‘tashni va davlat xazinasiga 1million 800 ming so‘mni to‘lashni talab qiladi.

Biroq bu pulni to‘lashga O‘zbekistondagi hamma oilaning ham qurbi yetmaydi. Shuning uchun ham tumanlarda mudofaa ishlari bo‘limi vakillari militsiya, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan birga uyma-uy yurib, aholini shunga majbur qilmoqda, deydi Navoiy viloyatining Nurota tumanida istiqomat qiluvchi Dilshod:

- Hozir chetga chiqib mardikorlik qilish ham qiyin bo‘lib qoldi. Mahalla raislari, posbonlari uyma-uy yurib, bir oylik harbiy xizmatga boraman va pulini to‘layman degan qog‘ozga majburan qo‘l qo‘ydirib olyapti. Qo‘lni qo‘ygandan keyin majburan to‘lattiryapti. Xohlasang to‘laysan va bir oylikka borasan, bo‘lmasa hech qayoqqa chiqmaysan deyapti. Lekin ko‘pchilikning qurbi yetmayapti. Agar buncha puli bo‘lsa Rossiyaga borib nima qiladi. Qanday yashashni va nima qilishni ham bilmay qoldik, men o‘zim Rossiyaga ketmoqchi edim,- deydi 20 yoshli nurotalik Dilshod.

Safarbarlik rezervi chaqirig‘iga yoshlarni jalb qilish uchun hatto mudofaa ishlari rahbarlari, hokimlar va militsiya boshliqlarining o‘zlari uyma-uy yurmoqda, deydi jizzaxlik huquq faoli Mamirjon Azimov:

- Ko‘p fuqarolar bir million 800 ming so‘mni to‘lolmaganligi uchun voyenkomni o‘zi chiqib uyma-uy yuribdi. Hozir O‘zbekistonda ichakuzildi payti. Aholida pul yo‘q, to‘lolmayapti. Keyin nachalnik militsiya, hokim, mudofaa ishlari rahbari birga yurib, odamlarni to‘lashga majbur qilyapti,- deydi Mamirjon Azimov.

Rossiyada ishlayotgan qo‘qonlik mehnat muhojiri Rustam 19 yoshda. U bundan ikki yil oldin Rossiyaga kelgan. Rustamning aytishicha, hozir uning ishlagani kelmoqchi bo‘lgan tengdoshlari pasportiga belgi qo‘ydirish uchun pora berishga majbur bo‘lmoqda:

- Bizda hozir hamma narsa pul bilan hal bo‘ladi. Voyenkomatga pul beradi va “negodniy” qildirib olishyapti. Yoki bir oylikka borib keldi deb, hujjatini olishyapti. Hamma narsani pul bilan qilsa bo‘ladi. Menga bu gapni tengdoshlarim aytishdi,- deydi Rossiyadagi qo‘qonlik mehnat muhojiri Rustam.

O‘zbekistonda harbiy xizmatning ikki turi joriy qilingan. Birinchi turi bir yillik majburiy xizmat. Bu xizmatga yoshlar tanlab olinadi.

Ikkinchisi, safarbarlik rezervi chaqiruvi. Bunda yigitlar bir oy harbiy xizmatni o‘tashi va davlat byudjetiga 1 million 800 ming so‘m to‘lashlari shart.
XS
SM
MD
LG