Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:33

Kimo‘zar to‘y, ijrosiz farmon va xo‘jako‘rsin tanqid


O‘zbekiston rasmiy matbuotida dabdabali to‘y yana asosiy mavzulardan biriga aylanmoqda.

O‘zbekistondan olingan xabarlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda markaziy va hududiy gazeta-jurnallarda kimo‘zar marosimlar haqida qatorlar maqolalar e‘lon qilindi.

– Oxirgi ikki oy ichida markaziy nashrlarda to‘ylar haqida ketma-ket tanqidiy maqolalar chiqayapti. Masalan, “Xalq so‘zi” gazetasida “To‘y – ma‘naviyatimiz ko‘zgusi”, “Mahalla”da “To‘y dabdabasi baxt kafolati emas”, “Turkiston”da “Dabdabali to‘y: kimda nima o‘y?”, “Darakchi”da “Dabdabali beshik to‘ylar haqida”, “Ma‘rifat gulshani”da “Odamlar nima derkin?”, “Iqbol”da “Oilalarimiz mustahkam, hayotimiz to‘kis...mi?” maqolalari chiqdi. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Matbuotda yangi kampaniya boshlandi, shekilli, – deydi o‘z ismini oshkor qilmagan mahalliy jurnalist.

Mamlakat rasmiy agentligi tarqatgan va 20 aprel kuni qator markaziy nashrlar ko‘chirib bosgan materialda ham to‘y va ma‘raka marosimlarini o‘tkazishda shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilinadi.

To‘ylar haqida qonun kerak...mi?


Rasmiy agentlikka xos bo‘lmagan keskinroq ruhda yozilgan maqolada dabdabali to‘y o‘tkazish “rasm-rusumni deb mol-jonini garovga qo‘yish” sifatida qoralanadi.

“To‘ydan keyingi iqtisodiy qiyinchiliklar yosh oila baxtiga zomin bo‘layotgani” ta‘kidlanadi.

“Qulog‘imizgacha qarzga botsak-da, obro‘ uchun qozon-qozon guruch damlaymiz. Avtomashinalardan karvon tuzib, mahallada duv-duv gap qilgimiz keladi. Eng qimmat restoranda bazm uyushtirib, tanishu notanish, mast-alast olomonning xurmacha qiliqlarini viqor bilan tomosha qilamiz”, deyiladi maqolada.

Voqean, O‘zA – mamlakat rasmiy agentligi orqali tarqatilgan qarashlar hukumat pozitsiyasi sifatida qabul qilinadi.

Mazkur maqolada to‘y, ma‘raka va marosimlarni o‘tkazishning “qonuniy asoslarini yaratish” zaruratiga ishora qilinadi.

Garchi materialda bu taklif keng ochiqlanmagan bo‘lsa-da, rasmiy agentlik to‘ylar haqida maxsus qonun qabul qilishga chaqirmoqda, deya taxmin qilish mumkin.

Biroq mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, tobora ko‘payib borayotgan dabdabali to‘ylarni alohida qonun qabul qilish bilan ham izga solish amrimahol.

Negaki, prezident farmoni ham, mamlakat musulmonlar idorasining fatvosi ham to‘ylarni tartibga keltira olmayotgani aytiladi.

“Farmonni buzayotgan amaldorlarning o‘zi”


“... lavozimini suiiste‘mol qilayotgan rahbarlar, oyog‘i yerdan uzilgan, manmanlikka berilib ketgan havoyi mansabdorlarning nomaqbul harakatlari mahallalarda, istiqomat joylarida sog‘lom muhit buzilishiga sabab bo‘lmoqda, oddiy odamlarning nafsoniyatlariga tegmoqda, ularni adolatga, umuman davlat hokimiyatiga ishonchiga ziyon yetkazmoqda. Mazkur intilishlarning nosog‘lom musobaqaga aylanib ketish hollari dabdabali to‘y-hashamlarni o‘tkazishga qurbi yetmagan or-nomusli kishilarni og‘ir ahvolga tushirmoqda”.

Ushbu iqtibos O‘zbekiston prezidentining 1998 yil 28 oktyabrida imzolagan farmonidan olingan.

Mazkur farmon qabul qilinishi ortidan to‘ylarda ortiqcha sarf-xarajatlarni cheklash zarurligi haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘p va xo‘b gapirildi.

Lekin, kuzatuvchilarga ko‘ra, oradan salkam 14 yil o‘tsa-da, hali ham ushbu farmonni buzayotganlar asosan davlat mansabdorlarining o‘zi va ular himoyasidagi boylar bo‘lib qolmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Mavluda Qobulovaning rasmiy agentlikka ma‘lum qilishicha, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamg‘armasi va Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limlari hamkorligida to‘y va boshqa marosimlarning o‘tkazilishini nazorat qilish guruhi tashkil etilgan, marosimlarni kamchiqim o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Biroq yana aynan shu agentlikning tan olib yozishicha, “Maddalab ketgan bu xastalikni davolashga, bizni ajdahodek komiga tortayotgan bu illatga qarshi kurashishga kuchimiz yetmaydi”.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2002 yil 28 dekabrda e‘lon qilgan “To‘y, marosim va ma‘rakalarni me‘yorida o‘tkazish haqida”gi fatvoda dabdababozlik shariatga zid ekani uqtirilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, diniy idora fatvosiga ham ko‘p-da ahamiyat qaratilmayotir.

Bitta to‘y uchun yillab ter to‘kish kerak


O‘zbekistonda to‘y qilaman deb iqtisodiy muammolar girdobiga botib qolayotgan fuqarolar safi kengayib borayotgani yangilik emas.

Bu borada ham siyosiy, ham diniy targ‘ibot avj olganiga qaramay, o‘zbekistonliklar to‘y uchun hatto qarz olib bo‘lsa-da, jaraq-jaraq pul sarflamoqda.

O‘rganishlarga ko‘ra, ayni paytda Toshkent shahridagi eng qimmat restoran va to‘yxonalar bir kishi uchun 150 ming so‘m atrofida haq oladi. Odatda, o‘zbek to‘yiga kamida 300 chog‘li odam chaqiriladi. Mazkur raqamlar cho‘tga solib ko‘rilsa, oyiga o‘rtacha 300 ming so‘m topadigan fuqaro Toshkentdagi katta restoranda 300 kishiga to‘y berish uchun 45 million so‘m sarflashi ma‘lum bo‘ladi.

Agar o‘sha to‘y sohibi maoshga qanoat qiladigan yupqaqo‘l odam bo‘lsa-chi? U “eldan qolmay” bitta marosim o‘tkazish uchun qozonni to‘nkarib qo‘yib, 10 yildan oshiq peshona teri to‘kishiga to‘g‘ri keladi.

Sotsiologlar xavotir bilan ta‘kidlayotganidek, dabdabali to‘ylar mamlakatdagi ijtimoiy notenglikni yanada kuchaytirib, aholining asosiy qismini ixtiyoriy qashshoqlikka yetaklamoqda.

Mushkulotdan chiqish yo‘li bormi?



O‘tgan asrning 90-yillari oxirida O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari vazifasida ishlagan Murod Qurolov o‘ta dabdabali to‘y bergani uchun qamalgan edi.

Rasm-rusumlar yukidan qaddi dol bo‘lgan o‘zbekistonlik aksar aholi mol-mulkini ko‘z-ko‘z qilish uchun to‘y o‘tkazayotgan amaldorlarni shu tariqa qattiq jazolash zarur, deb hisoblaydi.

Ayni paytda, mahalliy sotsiologlar matbuotdagi to‘ylarga qarshi kampaniya, xo‘jako‘rsin tanqiddan foyda yo‘qligini ta‘kidlaydilar.

Ularga ko‘ra, keraksiz xarajatlarga barham berish uchun, avvalo, xalqning tafakkuri o‘zgarishi lozim.

“Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y”


To‘y va ma‘rakalardagi isrofgarchilik mavzusi bir asrdan buyon o‘zbek matbuotidan tushmay kelmoqda. O‘z davrida jadid ma‘rifatparvarlari zararli odatlardan og‘rinib qalam tebratgan.

O‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy bundan yuz yil oldin “To‘y” nomli she‘rida shunday yozgandi:

Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,
Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y…


Turkiston ma‘rifarparvarlari otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy esa “to‘y, azo ismindagi ikki qattol dushman”ni qoralab, “Biz o‘luk va to‘y uchun haftalar, hatto oylar ila ishdan qolurmiz. Ey, xalq! Ey, musulmonlar! Biz na uchun Xudo va Rasulni so‘zig‘a, o‘zimizni naf‘imizg‘a amal qilmaymiz? Biz devonami?” deya xitob qilgandi.
XS
SM
MD
LG