Линклар

Tirikchilik tashvishida mardikorlik yukini yelkaga ortgan millionlab o‘zbek orasida Ramzon Jo‘ra ham bor. Besh yildan buyon mardikorlik hurjunini yelkadan qo‘ymayotgan Ramzon Jo‘ra o‘zining boshidan kechirganlarini “Muhojiratdagi o‘zbeklar” sahifasi orqali hikoya qilib boradi.

(Hikoya birinchi qismini bu yerda o'qing)

Tong otdi. Derazamdan kirayotgan quyosh nuri yuzimga tushib, qizdira boshladi. Ertalabki uyqu shirin-da, turgim kelmaydi.

-Ramzon tur, nonushta qilamiz,- dedi onam derazamdan mo‘ralab.

Onam mening jonli “budilnik”im. Har kuni ertalab onamning ovozi bilan uyg‘onaman.

O‘rnimdan turib, tashqariga chiqdim. Olapar itim dumini likillatib, oldimga yugurib keldi.

Kechasi yoqqan yomg‘ir ortidan yerdan ko‘tarilayotgan bug‘lar sekin-asta osmonga ko‘tarib, bulutlar qa‘rida g‘oyib bo‘lardi.

Ariqda shildirab oqayotgan suvga yuzimni yuvdim. Muzdek suv butun badanimga tetiklik bag‘ishladi.

Kecha kechqurun o‘zimga bergan ahdimni eslab, dasturxon boshiga kelib o‘tirdim.

-Yaxshi yotib turdilarmi? Qani bu yoqqa o‘tiring Ramzonxonto‘ra,- dedi otam meni erkalatib.

Rossiyaga ketish fikrimni otam qanday qabul qiladi, degan fikrda dasturxon chetiga o‘tirdim.

Dasturxonda turshak, yong‘oqning mag‘zi, uzumdan tayyorlangan shinni va tandirda yopilgan non. Hammasidan oz-ozdan yeb olgach, o‘zim so‘z boshladim.

- Ota, men Rossiyaga borib ishlab kelsam degandim, shu fikrga siz nima deysiz?

Otam piyoladagi choyni simirib ichdida:

-Sen ham katta bo‘lib qolding, u yoq- bu yoqlarni ko‘rib, aylanib kelsang bo‘laveradi. Oq-qorani, yaxshi yomonni taniysan, o‘g‘lim. Lekin onang rozi bo‘larmikan,- deya onamga qaradi.

-Men aytdim-ku bormaydi deb, bormaydi. Kim qayoqqa ketsa ketar, lekin men o‘g‘limni hech qayoqqa jo‘natmayman,- deya onam o‘rnidan turib ketdi.

-Onangni men o‘zim ko‘ndiraman. Qishloqdan Rossiyaga tanishlar ketsa, ularga qo‘shilib borasan, maylimi o‘g‘lim,- dedi otam.

-Raxmat,- dedim xursand bo‘lib.

Nonushta tugagach, olaparimni ergashtirib, dalaga jo‘nadim. Yo‘l-yo‘lakay muhabbatimni ham bir ko‘ray deb, uning uyi oldidan o‘tgan yo‘ldan ketdim.

Oradan bir-ikki kun o‘tgach, ammamning o‘g‘li Furqat aka biznikiga kelib, otam bilan maslahatlashdi va meni Rossiyaga olib ketishga rozi bo‘ldi.

Bir tomondan xursand edim, lekin begona yurtda meni nimalar kutayotganini o‘ylab yuragim siqilar edi.

Otam, onam va muhabbatimni tashlab ketayotganimdan ich-ichim tirnalardi.

Hay, bu yog‘i Ollohga ayon. Yigit kishining risqi ko‘chada... boshga tushganini ko‘z ko‘radi!

Davomi bor...
XS
SM
MD
LG