Линклар

Boks bo‘yicha og‘ir vazndagi sobiq jahon chempioni o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev 21 aprel kuni Germaniyaning Shverin shahrida 39 yashar amerikalik bokschi Billi Zumbrunga qarshi ringga tushdi.

Sakkiz raundga mo‘ljallangan reyting jangining uchinchi raund o‘rtalarida “Oq Tayson” laqabli Ruslan Chagayev raqibi Zumbrunni kuchli zarba bilan yiqitdi.

Qaddini rostlagan Zumbrun yana bir zarbani o‘tkazib yuborib burni singanidan keyin hakam texnik nokaut (TKO) sababli jangni to‘xtatdi.

O‘n ikki yildan beri professional boksda faoliyat olib borayotgan “Bola” laqabini olgan Zumbrun AQSh tashqarisida atigi bir marta, ya‘ni, 2006 yilda Germaniyaning Dyusseldorf shahrida rossiyalik Aleksandr Dmitriyenkoga qarshi ringga tushib, ochkolar bo‘yicha yutqazgan.

Yuta shtatidan bo‘lgan Billi Zumbrun oxirgi marta 2012 yil yanvarida hamyurti Kliff Kauzerga qarshi ringga tushib raqibini nokaut bilan yutgan.

Amerikalik veteran bokschi Zumbrun ringda, 21 aprel kungi jangni hisoblaganda, ja‘mi 39ta jang o‘tkazib undan 25tasida g‘alaba qozongan, 15ta o‘yinni nokaut bilan yutgan.

Billi Zumbrun 13ta jangda mag‘lubiyatga uchragan, bir o‘yin durang bilan yakunlangan.\



33 yashar Ruslan Chagayev 2011 yil noyabr oyida rossiyalik Aleksandr Povetkinga ochkolar bo‘yicha boy bergan.

"Oq Tayson" Povetkin bilan yana bir marta ringda kuch sinashishni taklif qildi.

Biroq Povetkinning menejeri Vladimir Xryunov oldinda boshqa raqiblar bilan qator janglar o‘tkazish belgilangani va Chagayev bilan yana ringga tushish rejada ko‘zda tutilmaganini aytib, match-revansh o‘tkazishdan bosh tortdi.

Chagayev joriy yil 28 yanvar kuni Hamburg shahrida o‘tkazilgan sakkiz raundlik reyting janggida trinidad-va-tobagolik raqibi Kertson Mensuell ustidan ishonchli g‘alaba qozongan.

Ruslan Chagayev 22 aprelgacha professional ringda 29 ta jang o‘tkazib, 26 tasida g‘alaba qozongan, ikkita o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan, bir o‘yinni durang bilan yakunlagan.

“Oq Tayson” 18 ta o‘yinni nokaut bilan tugatgan.

Hozirda Ruslan Chagayev WBA reytingida sakkizinchi o‘rinni egallagan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG