Линклар

Toshkent rad qildi. Ayollar tasdiqladi.


Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ O‘zbekistonda davom etayotgan bichish kampaniyasidan maqsad¸ yoshlar orasida ishsizlik rekord darajaga yetgan qishloq joylardagi tug‘ilish sur‘atini jilovlashdir.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ O‘zbekistonda davom etayotgan bichish kampaniyasidan maqsad¸ yoshlar orasida ishsizlik rekord darajaga yetgan qishloq joylardagi tug‘ilish sur‘atini jilovlashdir.

O‘zbekiston rasmiylari mamlakatda ayollarning majburan sterilizatsiya qilinayotganiga oid ma‘lumotlarni yana bir bor inkor etdi. Ayni paytda¸ bunday amaliyotga majburlangan ayollar Ozodlikka o‘z boshidan kechirganlarni hikoya qilmoqda.

Yana bir raddiya


“O‘zbekistonda kontratseptsiyadan foydalanish va ayniqsa jarrohlik sterilizatsiyasi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan matbuotda paydo bo‘layotgan noto‘g‘ri ma‘lumotlar o‘z isbotini topayotgani yo‘q”, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi “Jahon” axborot agentligi tarqatgan xabarda.

Bu bayonot o‘n kun muqaddam BBC jahon xizmati tomonidan yoyinlangan O‘zbekistondagi majburiy sterelizatsiyaga oid maqolaga bilvosita javob tariqasida paydo bo‘ldi.

O‘zbekistonga kiritilmagan BBC muxbiri Natalьya Antelava Qozog‘iston hududiga o‘tib¸ o‘zi bilan shaxsi oshkor qilinmasligi sharti bilan suhbatlashgan yosh kelinchaklar¸ akusher-ginekolog hamda huquq faollari hikoyalariga asoslanib¸ Toshkent hukumati ayollarni majburiy bichish dasturini davom ettirayotganini yozdi.

Ozodlik surishtiruvlari


Ozodlik O‘zbekistonda ayollarga ular roziligisiz ixtiyoriy jarrohlik kontratseptsiyasi amaliyoti o‘tkazilayotgani haqida 2010-11 yillarda turkum materiallar hozirlagan va bu maxsus surishtiruv ham Toshkent rasmiylari tomonidan bilvosita rad etilgan edi.

Keyingi uch yil davomida Ozodlik bilan suhbatlashgan ayollar o‘zlarining qay tarzda sterelizatsiya qilinganlarini gapirib bergan bo‘lsa¸ bu amaliyotni amalga oshirishga majburlangan vrachlar bu jarayonning qaysi asosda borayotganini hikoya qilib kelmoqda.

2010 yilning 24 fevral kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bu jarayon haqida hikoya qilgan xorazmlik juvon:

- Xorazmda 35 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlarni majburiy ravishda tuqqan paytida spiral qo‘yib turibdi. Bundan tashqari yana tug‘masligi uchun matkasini tikib tashlayapti. Doktorlar har mahallaga kelib UZIga majburiy tushirib “Matkalaringizni bepul tikamiz” deyishayapti. Spirallarni ham majburiy qo‘yib turibdi. Shundan xotin-qizlar ko‘p kasallik orttirib turibdi¸ degan edi.

2010 yilning mart oyida “Najot” va "Ekspert ishchi guruhi" deb ataluvchi O‘zbekiston ichkarisidagi tashkilot vakillari Ozodlik bilan suhbatda¸ unda so‘nggi yillarda o‘nlab ayolning istalmagan homiladorlikning oldini olish maqsadida majburiy tarzda sterilizatsiya qilinganini yozgan edi.

IJK nima?


2010 yilning aprel oyida ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi
amaliyotida shaxsan o‘zi qatnashayotgan shifokorlardan biri shaxsi oshkor qilinmasligi sharti bilan Ozodlikka bu jarayon tafsilotlarini oydinlashtirishga uringan edi:

- IJK degani ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi degani. O‘zi bu ixtiyoriy ravishda xotinning agar ko‘p bolali yo qoni kam bo‘lsa¸ erning¸ xotin kishining ruxsati bilan amalga oshirilishi kerak . Lekin majburiy ravishda olib boriladi. Tushunayapsizmi? Uni tibbiyot xodimlari majburlab olib borishadi. Keyin u yerda IJK qilinadi. Bachadon yo‘li bo‘yni bog‘lanadi. Qorin kesilib bachadon yo‘li bog‘lanadi. Kindigidan past qovuq qismi 7-8 santimetr kesilib bachadon yo‘li bog‘lanadi tug‘maydigan qilib. Urug‘ o‘tmaydigan qilinadida. IJK ixtiyoriy jarrohlik yo‘li bilan tug‘ishdan saqlanish degani. Bu narsa erkin ravishda er-xotinning roziligi bilan ikkovi kelishgan holda amalga oshirilishi kerak. Lekin bizda majburiy ravishda amalga oshirilayapti, degan edi Ozodlik manbasi.

Har bir sog‘liqni saqlash xodimiga plan topshirilgan


Shifokor ushbu suhbatda o‘z hamksablarining har biriga oyiga bir necha ayolni ixtiyoriy jarrohlik tarzi bilan o‘tadigan sterilizatsiyaga rozi qilish vazifasi yuklanganini e‘tirof etgan edi.

- Uni doktorlarga rayonning bosh vrachi tuman sog‘liqni saqlash boshqarmasining boshlig‘i tomonidan atrofdagi uchastkadagi¸ qishloq uchastkalaridagi hamma tibbiyot xodimlariga vrachdan tortib qorovuli, sanitarkagacha soliq solgan. Vrachlarga 10 tadan IJKga odam topasan¸ feldsher hamshiralarga beshtadan¸ sanitarka qorovullarga bittadan deb ishlatgani o‘z holiga qo‘ymay majburlashadi har kuni. Plan tushganda. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan podpolnыy plan berilgan. Shular bajarishi kerak. Har oyda bir marta viloyat hokimligiga axborot berib turiladi.

Misol uchun¸ o‘tgan yili tuman bo‘yicha 1200 ta ayol kishi IJK qilindi. Bu yil 2000 ga borib qoldi. Bu yil juda tez ketayapti, degan edi ayollarni majburiy sterilizatsiya qilish amaliyotida shaxsan qatnashayotgan shifokor Ozodlik bilan 2010 yilning 4 aprel kungi suhbatda.

2010 yilda Ozodlikda chop etilgan turkum materiallarga bilvosita munosabat bildirgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda ayollar majburan sterilizatsiya qilinayotganini inkor qilgan edi.

Oradan ikki yil o‘tib¸ BBC muxbirining davom etayotgan bu jarayonga oid maqolasiga ham ayni tarzda¸ umumiy tarzda¸ raddiya berildi.

IJK qurbonlari ovozini chiqarishga qo‘rqib yashamoqda

Hozirga qadar Ozodlikka o‘zining yuqoridan berilgan IJK planini ijro etish jarayonida shifokorlar tuzog‘iga tushganini hikoya qilgan o‘nlab ayol murojaat qildi.

2012 yilning aprelida Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonlik 27 yashar Gulnora (xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi o‘zgartirildi-tahr.) majburiy sterilizatsiya jarayonining hamon davom etayotganini aytadi.

Ikki bolakayning onasi bo‘lgan bu sodda kelinchak¸ o‘zining aldov qurboni bo‘lgani va IJKdan keyin yarim nogironga aylanganidan shikoyat qiladi.

Sterilizatsiya qilingan ayol bilan suhbat



Hozirga qadar O‘zbekiston bo‘ylab¸ prezidentning reproduktiv salomatlikni asrashga oid farmoni asosida amalga oshirilib kelinayotgan IJK amaliyotlari jarayonida qancha ayolning majburan bichilganiga oid aniq raqamlar yo‘q.

Ayni paytda¸ o‘zi va oilasiga davlat idoralari bosimidan qo‘rqqan ayollarning aksari o‘zining majburan bichilgani yuzasidan huquq idoralari¸ xususan sudlarga murojaat qilishdan cho‘chimoqdalar.

Buning oqibatida O‘zbekiston hukumatining mamlakat bo‘ylab¸ xususan qishloq joylarda tug‘ilishni kamaytirish maqsadida ikki va undan ko‘p farzand ko‘rgan ayollarni yalpi sterilizatsiya qilayotganiga oid da‘volarni faktlar asosida tasdiqlash qiyinligicha qolmoqda.
XS
SM
MD
LG