Линклар

O‘XH va Turkiyadagi "O‘zbeklar birligi" jamiyati faollari anjumanida turk va o‘zbek ziyolilari ishtirokidagi "Erkin O‘zbekistonga yordam" guruhi tuzildi.

Ushbu guruhga birlashgan faollar o‘z asl maqsadini O‘zbekistondagi diktatura rejimiga qarshi kurash hamda u yerdagi asl vaziyatdan dunyo jamoatchiligini xabardor qilish ekanini aytmoqda.

23 aprel kuni Istanbulda o‘tkazilgan “Ozod O‘zbekiston” xalqaro anjumaniga yig‘ilgan 200 ga yaqin o‘zbek va turk ziyolilari “O‘zbekiston diktatorlikdan qanday xalos bo‘lishi mumkin?” degan savol atrofida bahslashdilar.

Aytilishicha¸ ishtirokchilar diktaturaga qarshi ko‘proq ommani xabardor qilish yo‘li bilan kurashish kerak, degan qarorga kelgan.

Anjuman tashkilotchilaridan biri — O‘zbekiston Xalq harakatining Turkiya bo‘limi rahbari Aliboy Yo‘lyaxshiyev anjuman qatnashchilari muhokama so‘nggida qo‘shma bayonot qabul qilganini aytdi.

- Masalan, "Arab bahori" degan mamlakatlardagi zulmdan kam emas O‘zbekistondagi zulm. Lekin bu zulmni dunyo ommasi bilmaydi. Hatto, Turkiya ommasi ham yaxshi bilmaydi. Birinchi maqsadimiz¸ "Sizlarning yordamingiz Turkiya matbuoti o‘laroq bu vaziyatni dunyoga taniting", degan gapni qildik. Ikkinchi yangilik, birgalashib tashkilot tuzsak, ishlar qilsak, dedik va uning natijasi o‘laroq “Erkin O‘zbekistonga yordam berish guruhi” degan yangi guruh tuzdik, deydi O‘XHning Turkiyadagi yetakchisi Aliboy Yo‘lyaxshiyev.

Aliboy Yo‘lyaxshiyevga ko‘ra, anjumanda qatnashgan turkiyalik ishtirokchilarning ko‘pchiligini turk ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda turkiyalik ijodkorlar tashkil qilgan.

"Erkin O‘zbekistonga yordam" guruhi a‘zolarining ham ko‘pchiligi turk ziyolilari ekanini qo‘shimcha qilgan suhbatdosh turk millati o‘zbek millatiga o‘z qardoshi kabi qarashi va xususan, turk ziyolilari O‘zbekistondagi bugungi vaziyatdan jiddiy xavotirda ekanini urg‘uladi.

- Turkiyaliklar O‘zbekistonni, Turkistonni ota yurtimiz, deb hisoblaydi. Bu yerdagi zulmni xuddi o‘zlariga qilingan zulmday qabul qilishadi. Hukumat masalasiga kelsak, hozirgi hukumat biroz durust, ammo Turkiyaning ilgarigi hukumatlari Karimovning hukumatidan ham ko‘p farq qilmas edi. Hukumat o‘laroq Turkiya bizdek muxolifatni hech qachon qo‘llamagan. Hozir ham ochiq qo‘llamaydi. Lekin millat o‘laroq turklar O‘zbekistonga juda ham iliq qaraydi, deydi Aliboy Yo‘lyaxshiyev.

O‘zbek va turk ziyolarining birlashishiga turki bo‘lgan yana bir jiddiy jihat 23 aprel kungi anjumanda O‘zbekistonda ishlab qaytgan tadbirkorlarning ishtiroki bo‘ldi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar juda yaxshi bo‘lgan pallada qardosh millat, deya bu davlatga katta sarmoyalar bilan kirganini aytgan "Turkuaz" shirkati rahbari Vohid Gunesh shulardan biridir.

Gunesh O‘zbekistonda qariyb 8 yil tadbirkorlik qilgan. 2011 yilga kelib u boshchilik qilgan "Turkuaz" shirkati bir qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ faoliyati to‘xtatilgan edi.

Shirkatning Toshkent, Samarqand shahri va boshqa hududlardagi bir necha do‘konlari davlat hisobiga musodara qilingan, uning 20 ga yaqin turkiyalik boshqaruvchisi hibsga olingan.

O‘zining ham 9 yarim oy hibsda yotib¸ oxir-oqibat, kattagina pora evaziga qamoqdan ozod etilganini aytgan Vohid Gunesh 23 aprel kungi anjumanda ishtirokchilarga kechmishlarini so‘zlab berish orqali O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq ahvol naqadar og‘irligidan dunyo jamoatchiligini xabardor qilmoqchi bo‘lganini aytadi.

- O‘zbekiston hibsxonalarida odamni shunday bir holatga keltirishadiki, birinchi galda u moliyaviy jihatdan ado qilinadi va uning kurashadigan ahvoli qolmaydi. Bundan tashqari, oilasi ham, hech kim uni himoya qila olmaydi. Bu odamlarning dardini jamoatchilikka yetkazish va ularga yordam berish kerak, degan o‘ydaman. Mening bu yerda biror siyosiy yoki boshqa maqsadim yo‘q. Men faqatgina insoniy vazifamni bajarishga chog‘landim - u yerda juda jiddiy zulm bor, dedi Vohid Gunesh Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG