Линклар

Davlat Soliq qo‘mitasi tasdiqlagan ushbu tarif rejasi barcha tijorat banklari va bankka aloqsi bo‘lmagan kredit tashkilotlar uchun 1 maydan bajarilishi majburiydir.

Vazirlar Mahkamasi 2004 yil 24 sentyabrda qabul qilgan qarorga muvofiq, 1995 yil 1 yanvaridan O‘zbekistonda ilk marotaba milliy valyutada kredit va debit to‘lov plastik kartochkalari muomalaga chiqarildi.

O‘zbekiston Markaziy Banki ma‘lumotiga ko‘ra, 2012 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonda 8 million 276 ming 490ta plastik karta muomalaga chiqarilgan.

Ayni paytda, mamlakat bo‘ylab 99 ming 688ta savdo terminali va 312ta bankomat o‘rnatilgan.

"Hafta savoli" ruknining bugungi sonida respondentlarga “Plastik kartaga o‘rganib qoldingizmi?” degan savol bilan murojaat qildik.

Shahzoda opa – qo‘qonlik uy bekasi:


- Bir joyda ishlamasam, plastik karta menda nima qilsin. Qizim birinchi guruh nogironi. Shunga qarayman. Beshta farzandim bor. O‘g‘illarim ustachilik qilishadi. Ularda ham plastik karta yo‘q. Qizim tikuvchi. Ustozlari oylik qilib berishadi. Unda ham yo‘q. Qizimga dori-darmon ko‘p kerak bo‘lgani uchun plastik karta qilmadim. Kelasi yil pensiyaga chiqsam, inshoolloh, plastik karta bo‘ladi. Qizim bir necha oy kasalxonada yotdi. O‘sha yerda ishlaydigan do‘xtir va hamshiralar naqd pulingiz bor ekan¸ deb iltimos qiluvdi, pulimni ularga berib dorini ularning plastik kartalariga sotib oldim. O‘shanda ishlatdim kartani. Yaxshi, tolko, naqd pulga nisbatan narx jinday qimmatroq bo‘larkan. Keyin olmay qo‘ydim, yoqmadi. Vaqti kelsa, qiynalgan odamga 500 – 1000 so‘m pul ham asqotar ekan.

Salohiddin, buxorolik o‘qituvchi:


- Uchinchi yil ketayapti plastik kartadan foydalanayapman. Hamma joyda ishlatiladi. Qulayligi cho‘ntakni qappaytirib pul ko‘tarib yurmaysiz. Elektronniy pul, qayerda qancha kerak bo‘lsa, shuncha ishlatish imkoniyati bor. Buxoro shahrida yashayman. Hamma joyda ishlatish imkoniyati yaratilgan. Oyligimning ma‘lum miqdori naqd pulda beriladi, ma‘lum miqdori plastik kartaga o‘tkaziladi. Maktabda saksondan ortiq o‘qituvchi va xodim ishlasa hammada plastik karta bor. Hamma ko‘nikib qolgan plastik kartaga. Muammo yo‘q hozir.

Rauf aka, xorazmlik pensioner:


- Yoshim 72 da. Pensiyamni qo‘lga naqd olaman. Menga plastik karta kerak emas. Pulga o‘rganganman. Men Xorazmda turaman. Naqd pulga yetadigani yo‘q. Naqdi juda zo‘r.

Surxandaryo viloyati IIB xodimi R.Egamov:


- Plastik kartochkam bor. Xohlagan paytimda foydalanaman. Sizga nima uchun axborot berishim kerak? Meni shaxsiy ishim bilan nima ishingiz bor sizni? ...

Ulug‘bek, Toshkent viloyati, tadbirkor:


- Biz xususiy ish bilan shug‘ullanamiz. Plastik kartam yo‘q. Oqqo‘rg‘onda bankomat yo‘qku. Bankomat bo‘lsa¸ plastik ishlasa bo‘ladi. Kartam bo‘lsa, faqat do‘konda ishlatamanmi? Shaharda plastik qabul qiladigan taksilar endi chiqdiku. Avtobusda, bozorda va boshqa joylarda hamma narsaga naqd pul to‘lash kerak. Plastik karta o‘zi yaxshi narsa. Naqd pulingiz bankda turadi, kartani yo‘qotsangiz qo‘rqmaysiz. No, hali unga sekin-sekin kirib borayapmiz¸ deb o‘yliyman. Men chastniy ish qilaman. Menga ham terminal qo‘ysa yaxshi bo‘lardi. Kassaga pul topshirardim. O‘shandan pensiya fondidan foydalanaman. U tomonlari judayam yaxshiligini tushunaman. Lekin birdaniga emas. Sekin-sekin. Hozir yashashimiz yomon emas. Chyotkiy. Moskva ham birdaniga qurilmagan. Sekin-sekin hammasi joyiga tushib ketadi.

Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi xodimi:


- Ikki yildan beri plastik kartadan foydalanayapman. Qulayligi, ortiqcha yuk ko‘tarib yurmaysiz. Pochka-pochka pul ko‘tarib yurmaysiz. Xavfsizlik yaxshi. Birov o‘g‘irlasa, kodini bilmaydi, pulni yechib ololmaydi. Endi ba‘zida magazindan biror narsa sotib olmoqchi bo‘lsangiz terminal ishlamaydi yoki umuman yo‘q, deb qolsalar noqulay bo‘ladi. Boshqa qulayligi ko‘p. Ikki yil oldin faqat syupermarketlarda plastik kartadan foydalanish mumkin edi. Hozir juda ko‘p joyda ishlatsa bo‘ladi. Masalan, magazinlarda, oddiy kichkina do‘konlarda, “Paynet”ga pul to‘lash mumkin, aptekalarda juda ko‘payib ketdi. Dori-darmon olish mumkin. Plastik kartani qo‘llanish ko‘lami kengaydi. Hamma hamkasblarimda plastik karta bor.

Shohida, toshkentlik farmatsevt:


- 3-4 yildan beri plastik kartochkadan foydalanaman. Qayerda kartochka qabul qilamiz, deb yozib qo‘ygan bo‘lsa, o‘sha yerda ishlataman. Aptekada, supermarketlada va do‘konlarda ishlataman. Misol uchun¸ oziq-ovqat bozorlarida plastik karta bilan pul to‘lab bo‘lmidi. Kiyim kechak-bozorlaridagi do‘konlarning bir xillari karta qabul qiladi. Dehqon bozorlarida unaqa narsa deyarli yo‘q. Bori ham sanoqli. Qani endi hamma joyda terminal bo‘lsa, plastik kartochka ishlatish juda qulay. Kartani berasiz, o‘zi yechib oladi. Pul sanab o‘tirmaysiz, navbat kutib turmaysiz, qulay. Kartochka o‘tmaydigan joylarda qiyin. Pul ko‘tarib yurishga to‘g‘ri keladi.

Rajabboy og‘a, xorazmlik pensioner:


- Plastik karta bor edi¸ qaytarib topshirdim. Bir yarim yilcha bo‘ldi. Qaysi magazinga bormang¸ narsa sotib olaman desangiz¸ mahsulot narxi naqd pulga nisbatan plastik kartaga qimmatroq bo‘ladi. Ishqilib, plastik karta bersangiz sotuvchiga yoqmaydi. Ba‘zi tovarlarni nelegalno olib keladida¸ shuning uchun naqd pul xohlaydi. Bozordan molni naqd pulga olib kelsa va plastik kartaga sotsa, bankdan naqd pul olish problema bo‘ladi. Shuning uchun xohlamaydi. Plastik kartaga tovar narxi 12 – 20 foizga balandroq bo‘ladi. Bozordan piyoz oladigan bo‘lsam, kartoshka oladigan bo‘lsam palstikka olib bo‘lmaydi. Shuning uchun bankka borib ariza yozib janjallashib plastik kartani topshirdim. Rozi bo‘ldilar. Arizamni qabul qilib naqd pul beradigan bo‘ldilar.

**********************************************

Muhtaram mushtariy¸ "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzuda ma‘lumot bermoqchi bo‘lsangiz¸ "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikr-mulohazalaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG