Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:44

O‘zbekiston o‘zbek-qirg‘iz chegarasiga to‘siqlar o‘rnatmoqda


O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarasining 600 chaqirimiga sim to‘rlar va to‘siqlarni o‘rnata boshladi.
O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarasining 600 chaqirimiga sim to‘rlar va to‘siqlarni o‘rnata boshladi.
Qirg‘iziston hukumatining qirg‘iz-o‘zbek chegarasini aniqlash bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Qurbonboy Iskenderov O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarasining 600 kilometrlik qismiga to‘siqlarni qirg‘iz tomoni bilan kelishmay turib o‘rnata boshlaganini aytdi.

Qirg‘iziston bunga javoban chegarada o‘z to‘siqlarni o‘rnatmoqchi. Buning uchun 7 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarda aytilishicha, O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida 50 dan ortiq bahsli hudud mavjud. Qirg‘iz tomoni O‘zbekiston mavjud bahsli hududlarga ham chegara to‘siqlarini o‘rnata boshlaganidan norozi. Qirg‘iz hukumatiga ko‘ra, bu borada O‘zbekistonga bir necha marotaba nota ham jo‘natilgan.

Qurbonboy Iskenderovning aytishicha, o‘zbek-qirg‘iz chegarasini aniqlash bo‘yicha davlatlararo komissiyasining bahsli hududlar masalasidagi navbatdagi yig‘ilishi 16 may kuni Jalolobod shahrida bo‘lib o‘tadi.

Chegaralarni aniqlash davlatlararo komissiyasining O‘zbekiston va Qirg‘izistondan bo‘lgan vakillari bahsli hududlar mavjud bo‘lgan joylarni borib ko‘radilar va masalani hal etishga harakat qiladilar.

- Biz uchrashuvni atayin janubiy hududda o‘tkazmoqchimiz. Uchrashuv Jalolobod shahrida bo‘lib o‘tadi. Buning sababi bu yer bahsli hududlarga juda yaqin. Komissiya a‘zolari ehtiyoj tug‘ilib qolsa, muammoli hududlarni borib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar,- dedi Qurbonboy Iskenderov.

Qirg‘iz rasmiysining bildirishicha, Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasida 18 ta o‘tkazish punkti mavjud. Biroq bugungi kunda ularning faqat bittasi- O‘shdagi “Do‘stlik” chegara o‘tkazish punktigina to‘laqonli ishlamoqda. Ya‘ni bu chegara punktidan O‘zbekistonga ham, Qirg‘izistonga ham o‘tish mumkin. Qolgan 17 ta punktda esa O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘iziston hududiga o‘tkaziladi, biroq qirg‘izistonliklar O‘zbekistonga o‘tkazilmaydi.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, 18 ta chegara o‘tkazish punktidan faqat bittasining to‘laqonli ishlayotgani qirg‘izistonliklarga ham, o‘zbekistonliklarga ham ko‘plab noqulayliklarni paydo qilmoqda. O‘zbekistonga o‘tmoqchi bo‘lgan qirg‘izistonliklar va o‘z uylariga qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar chegarada soatlab navbat kutishga majbur bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston do‘stlik jamiyatining raisi, Qirg‘iziston O‘zbek milliy-madaniy markazi prezidenti Baxtiyor Fattohov bu masalani xalq diplomatiyasi yo‘li bilan hal qilishga urinish bo‘layotganini aytdi:

- Mening o‘zim ham yaqinda Andijonga, singlimning tug‘ilgan kuniga borishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Chegarada xalqning qanday qiyinchiliklarga uchrayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, odamlar bilan gaplashdim. Albatta, bojxona va chegaradan o‘tayotganimizda har ikki davlatning qonun-qoidalariga rioya qilishimiz shart. Ammo odamlarning chegaradan o‘tish uchun soatlab navbat kutishi turli noroziliklarni paydo qilayapti. Shuning uchun davlat tuzilmalari va Qirg‘iziston-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati orqali ham bu muammoning yo‘lini topishga harakat qilayapmiz, -dedi Baxtiyor Fattohov.

Ayni paytda 1378 chaqirimlik o‘zbek-qirg‘iz chegarasining 320 chaqirimi aniqlanmagan.

Bundan to‘rt yil avval bahsli hududlar masalasidagi tortishuvlar kuchayib ketgani bois, o‘zbek-qirg‘iz chegaralarini aniqlash davlatlararo komissiyasi faoliyati ham to‘xtatib qo‘yilgan edi. Mazkur komissiya faoliyati 2011 yil bahoridadagina qayta tiklandi.
XS
SM
MD
LG