Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:41

"One Day on Earth" filmi Toshkentda namoyish qilindi


“Erda bir kun” loyihasi yer kurrasining turli nuqtalarida bir kunda ro‘y bergan voqealarni tasvirlaydi.

23 aprel kuni BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Ko‘ngillilar tashkiloti “Erda bir kun” deb nomlanuvchi film namoyishiga bag‘ishlangan tadbirni o‘tkazdi.

Toshkentdagi yoshlar ijod markazida bu ikki soatlik film barcha istaganlar uchun bepul namoyish qilindi.

Filmni tomosha qilgan Toshkentdagi video-rassomlar guruhi vakili, kinohujjatchi Oleg Karpov Ozodlik bilan o‘z taasurotlarini o‘rtoqlashdi.

Karpov o‘zi va hamkorlari tasvirga olgan O‘zbekiston haqidagi lavhalar "One Day on Earth" filmi nihoiy variantiga kirmaganidan afsusda.

- Biz tushirgan tasvirlar O‘zbekistondagi mavjud kayfiyatni aniq ifodalaydi deb ayta olaman. Mana bu tasvirni biz uyimiz derazasidan turib oldik. Kimsasiz shaharda zarg‘aldoq nimcha kiygan o‘zbek kampir katta supurgi bilan ko‘cha supuryapti. Bu tasvir "One Day on Earth" filmidan o‘rin olsa ma‘qul bo‘lar edi, deydi Oleg Karpov.

Oleg Karpov bu tasvirni Ozodlik mushtariylariga mushohada qilish uchun taqdim qildi.

Filьm 22 aprel kuni bir vaqtning o‘zida dunyoning 160 ta nuqtasida namoyish etildi. O‘zbekistonda esa bu film bir kun kechikib ko‘rsatildi.

Namoyishning nega bir kun kechikishiga BMTning o‘zbekcha nashrida izoh berilmadi.

Filmda ishtirok qilish uchun o‘zbekistonlik kino-video havaskorlar guruhi butun O‘zbekiston bo‘ylab tushirgan tasvirlarini loyiha guruhiga jo‘natishgan.

Yer yuzining bir ondagi tasviri


“Erda bir kun” badiiy filьm bo‘lib, yer kurrasining turli nuqtalarida bir kunda ro‘y bergan voqealar tasviridan iborat. Masalan, filmda tojik bolalarining paxta terayotgani aks etgan.

2008 yili o‘tkazilgan musiqa festivali chog‘ida dunyoning turli mintaqalaridan kelgan musiqachilar uyg‘un tarzda bir kuyni chalishga urinishgan va bu urinish avval samara bermagan edi.

Ammo ular chandon harakat qilganidan keyin turli musiqa asboblaridan taralgan ovozlarning uyg‘un qorishmasi vujudga keldi.

Yer ovozi deya his qilingan bu kuy o‘ziga hos yangi g‘oyaga hamirturush bo‘ldi.

Kinochilar bir kunning o‘zida dunyoning turli mamlakatlaridagi ko‘rinishlarni bir tasmaga muxrlashga ahd qilishdi.

2010 yilning 10 oktyabrida dunyoning 192 ta mamlakatida bir paytning o‘zida sayyoramizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga bag‘ishlangan 24 soatlik tasvirga olish jarayoni boshlandi.

Bu jarayonda o‘ziga xos ajoyib “geo-video arxiv” yaratildi. Kinochilar savatidagi ulkan kino tasma ichidan esa eng qiziq deb ko‘ruilgan tasvirlar 2 soatlik kinotasmaga yamaldi.

Natijada quvonch va g‘am, tavallud va qazo, shahdam qadam va ohista ko‘z qiri kabi inson va mamlakatlar manzarasidan omuhta film yaratildi.

Ko‘plab notijorat tashkilotlar, jumladan BMT Taraqqiyot dasturining qo‘llab-quvvatlashi film muvaffaqiyati sababi deb bilinadi.

BMT Taraqqiyot dasturining rahbarligi ostida bu kino namoyishi 2015 yilga qadar davom etadi.

Biz ertangi kinolentalar


O‘zbek shoiri Omon Matjonning Turkistondagi ilk kinochi Xudoybergan Devonovga bag‘ishlangan she‘rida shunday satrlar bor:

Tarix nima derkan bizlarga qarab,
Biz ertangi kinolentalar.


Yer yuzida yuz bergan voqealarni bir kinotasmaga muxrlash orzusi 1908 yilda Frantsiyaning Pate firmasi tarafidan amalga oshirildi.

Pate firmasi o‘zining Pathé-journal degan kinoxronikasida dunyoning turli mamlakatlarida, xususan Turkistonda bo‘lgan voqayelarni aks ettirgan.

“Hamma narsani ko‘ramiz, hamma narsani bilamiz” degan shior ostidagi bu kino jurnalda xivalik kinooperator Xudoybergan Devonovga oid tasvirlar namoyish qilingan.

1924 yilda Sovet kinochisi Dzigo Vertov bu g‘oyani rivojlantirib, o‘zining “Kinoglaz” degan filmini suratga oladi.

"Kinoglaz" kontseptsiyasi Vertovga ko‘ra mana bunday:

“Men kinoning mexanik ko‘ziman. Dunyo qanday bo‘lsa uni shundoqligicha ko‘raman. Uni bo‘yab sayqallamayman.”

Dunyoni borligicha ko‘rish "One Day on Earth" filmi vositasida o‘zbekistonliklarga nasib qildi.

O‘zbekistonlik videotasvirchi Oleg Karpov esa bir kun kelib "One Day on Earth" yangi variantidan o‘zi suratga olgan tasvirlar o‘rin olishiga ishonadi.
XS
SM
MD
LG