Линклар

Lavrov: o‘zbek-tojik aloqalariga befarq emasmiz


Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvda rus harbiy bazalari masalasi muhokama qilinganini aytdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvda rus harbiy bazalari masalasi muhokama qilinganini aytdi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki kunlik ish safari bilan Tojikistonga bordi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Dushanbega safari Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning Rossiyaga nisbatan gina-kudurati atrofidagi bahslar hovuri bosilmagan bir paytga to‘g‘ri keldi.

O‘tgan haftada Rossiya bilan hamkorlik doirasida o‘tkazilgan bir tadbirda so‘zlay turib, Imomali Rahmon Rossiyaga mintaqaning boshqa mamlakatlarida berilmagan imtiyozlar Tojikistonda berib qo‘yilganini pisanda qilgan edi. Bu imtiyozlar qatoriga, tojik davlat rahbarining ta‘kidicha, Rossiya 201-harbiy bazasining Tojikistondagi hozirligi ham kiradi.

24 aprel kuni Imomali Rahmon bilan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar oldiga chiqqan Sergey Lavrov Tojikiston prezidenti e‘tiroziga munosabat bildirmadi, ammo bugun tomonlar muzokarasida aynan harbiy baza masalasi muhokama qilinganini ham yashirgani yo‘q.

- Muzokaramiz chog‘ida biz, shuningdek, 201-harbiy bazaning Tojikiston hududida qolishi masalasini ham muhokama qildik. Bunga oid loyiha atrofida muzokaralar davom etmoqda. Muzokara jarayonini tezlatish borasida Tojikiston prezidenti ayrim topshiriqlar berishini aytdi. Biz ham bunga tayyormiz, - dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov.

Aytish joizki, Rossiya 201-harbiy bazasining yana 49 yil Tojikiston hududida qolishi borasida shartnoma imzolashga urinayotgan Moskva bilan Dushanbe o‘rtasida bu boradagi bahs hali ham davom etmoqda.

Tojikiston tomoni Rossiyaning Ko‘lob, Qo‘rg‘ontepa va Dushanbedagi harbiy bazalari uchun 300 million AQSh dollari miqdorida ijara so‘rayotir.

Bugun jurnalistlar oldida so‘zlagan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘z mamlakati o‘zbek-tojik munosabatlariga ham befarq emasligini ta‘kidladi.

- O‘zbekiston va Tojikiston aloqalariga befarq bo‘lolmaymiz. Chunki bu ikkala mamlakat bizning strategik sheriklarimizdir. Biz yaqin qo‘shnilar sifatida uzoq yillar yagona davlatda yashaganmiz. Shularni nazarga olgan holda, biz O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida haqiqiy yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini ko‘rishni istaymiz. Hozirda bu ikki qo‘shni davlat o‘rtasida mavjud muammolarni hal qiluvchi yagona yo‘l bu muzokaradir. Biz bu ikki davlatni tezroq muzokara stoliga o‘tirishga chaqiramiz, - deya ta‘kidladi Sergey Lavrov.

Rossiya tashqi ishlar vaziri 23 aprel kuni kechki payt ikki kunlik safar bilan Dushanbega kelgan edi.

Bugun kunning birinchi yarmida Tojikiston tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy bilan uchrashgan Sergey Lavrov bu galgi muzokaralar “Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarni takomillashtirishga xizmat qilajagi”ni ta‘kidladi.
XS
SM
MD
LG