Линклар

Obamadan Karimov bilan uchrashish so‘raldi


2005 yildan beri O‘zbekiston rahbari AQSh mulozimlaridan davlat kotibi Hillari Klinton bilan uchrashgan.

2005 yildan beri O‘zbekiston rahbari AQSh mulozimlaridan davlat kotibi Hillari Klinton bilan uchrashgan.

Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi (AO‘SP) AQSh Prezidenti Barak Obamani O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashishga chaqirmoqda.

EurasiaNet nashrining yozishicha, bunday chaqiruv bitilgan maktub Obama bilan davlat kotibi Hillari Klintonga yo‘llangan. AQSh va O‘zbekiston biznes doiralarini o‘z ichiga oluvchi palataning fikricha, bu uchrashuv Amerika biznesi uchun O‘zbekistonda yangi imkoniyatlar ochadi.

“O‘zbekiston Respublikasi mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta‘minlashga doir AQSh manfaatlari uchun muhimdir... O‘zbekiston Respubliksining siyosiy barqarorligi va mintaqada tinchlikni saqlashga qaratilgan urinishlari biznes muvaffaqiyatining muhim omillaridandir. AO‘SPga a‘zo shirkatlar uchun sizning ma‘muriyatiningiz tomonidan amalga oshirilayotgan Amarika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ijobiy siyosiy muloqot AQSh biznesining O‘zbekiston bozoriga kiritayotgan saromyalari va eksporti miqdorini oshirish imkonini beradi.

AO‘SP sizning O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan Chikagoda o‘tadigan NATO sammiti doirasida uchrashishingiz haqidagi iltimosni qo‘llab-quvvatlashingizdan mamnun bo‘lar edi”, deylaydi maktubda.

AO‘SP raisi Karolin Lamm nomidan 20 aprel kuni bitilgan maktub nusxasi EurasiaNet nashri tomonidan qo‘lga kiritilgani aytilmoqda. Qizig‘i bu maktub AO‘SP saytida e‘lon qilinmadi.

NATOning Chikago sammiti 20-21 mayga belgilangan. Hozircha Islom Karimovning ushbu sammitda qatnashishi e‘lon qilingani yo‘q.

Karimov NATOning 2008 yildagi Buxarestda o‘tgan sammitida qatnashgan, lekin g‘arb yetakchilaridan birortasi bilan uchrashmagan.

2005 yildan beri O‘zbekiston rahbari AQSh mulozimlaridan davlat kotibi Hillari Klinton bilan uchrashgan.

2005 yil Andijon voqealaridan keyin O‘zbekistonning g‘arb, xususan AQSh bilan sovuqlashib ketgan munosabatlari NATOning Afg‘onistondagi harbiy harakatlari tufayli keyingi yillarda yaxshilana boshladi.

Londondagi Urush va tinchlikni yoritish xalqaro institutining Markaziy Osiyo bo‘yicha muharriri Jon MakLeod Toshkent hukumati o‘z tashqi siyosatini yuritishda AO‘SPdan lobbist sifatida foydalanayotgan bo‘lsa, Amerika bilan munosabatlar misolida biroz yanglish yo‘l tutmoqda, degan fikrni ayatdi.

- Bunday chaqiruv Obamani Karimov bilan uchrashishga ko‘ndira olishda qo‘l keladi deb o‘ylamayman. Bu kabi qarorlar hukumat ichida, birinchi navbatda davlat departamenti tomonidan qabul qilinadi. Savdo palatasi bu kabi qarorga qandaydir ta‘sir o‘tkaza olishi amri mahol, chunki Vashington-Toshkent munosabatlarining asosiy jihatlari savdo yoki iqtisod emas, siyosat va xavfsizlik masalalaridir, deydi tahlilchi.

Oq uy rahbarining Karimov kabi siyosatchi bilan uchrashish masalasiga kelsak, deya davom etadi MakLeod, xalqaro maydondagi vaziyat, xususan Afg‘onistondagi urushni yakunlash urinishlari kabi masalaning dolzrab bo‘lib turganiga qaramasadan, O‘zbekistondagi inson huquqlari va demokratiyaga oid vaziyat inobatga olinsa, AQSh uchun bunday uchrashuvning fursati yetilmagan.

- Menimcha, hozir bunday uchrashuvning vaqti emas. Chunki O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli xususida jiddiy tashvishlar saqlanib qolmoqda. Andijon voqealaridan keyin sovuqlashib ketgan AQSh-O‘zbekiston munosabatlari biroz yaxshilanganiga qarmasdan, inson huquqlari va demokratiyaga doir vaziyat yaxshilanmagani aniq. Albatta, AQSh rahbari bilan uchrashuv O‘zbekiston hukumati uchun, mamlakat imiji nuqtai nazaridan, muhim ahamiyatga ega va ular bunga erishish uchun savdo palatasi orqali harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. Afg‘onistondagi vaziyat, xalqaro kuchlarni olib chiqish masalasi O‘zbekistonni muhim o‘yinchiga aylantirmoqda va aynan shu faktor ikki yetakchi o‘rtasidagi ehtimoliy uchrashuvga sabab bo‘lishi mumkin, deydi Jon MakLeod.

NATO Afg‘onistonga o‘z yuklarini yetkazishi uchun yo‘lga qo‘yilgan Shimoliy ta‘minot tarmog‘i O‘zbekiston hududidan o‘tishini Karimov hukumati o‘zining xalqaro maydondagi obro‘sini yaxshilash imkoni sifatida ko‘rmoqda, deydi ko‘pchilik tahlilchilar. Ayniqsa, Afg‘onistondagi xalqaro qo‘shinlarni olib chiqishda ShTT asosiy yo‘lak sifatida ko‘rilayotgani esa Toshkent uchun siyosiy ochko to‘plashning qo‘shimcha imkoniyatlarini ochmoqda.

Keyingi paytlarda Germaniya matbuoti ham rasmiy Toshkentning prezident Karimov Germaniya Kantsleri Angela Merkel tomonidan qabul qilinishiga erishishga uriniayotgani haqida xabarlarni taqratdi.
XS
SM
MD
LG