Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 02:45

AI: Yevropada ayrim musulmonlar kamsitilmoqda


Hollandiyaning Genk shahridagi HEMA do‘konida ro‘molli muslima ishdan bo‘shatilganiga qarshi uyushtirilgan namoyish, 2011 yil mart.
Hollandiyaning Genk shahridagi HEMA do‘konida ro‘molli muslima ishdan bo‘shatilganiga qarshi uyushtirilgan namoyish, 2011 yil mart.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti yevropalik ayrim musulmonlar keng tarqalgan madaniy va diniy stereotiplar bois ishlash yoki o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda, deya tashvish bildirdi.

Xalqaro Amniyatiya 24 aprel kuni e‘lon qilgan “Tanlov va gumonlar: Yevropada musulmonlarning kamsitilishi” nomli hisobot Shveytsariya, Frantsiya, Belgiya, Ispaniya va Hollandiyada yashayotgan musulmonlar hayotini tahlil qilish asosida tayyorlangan.

Hisobotda nomlari ushbu davlatlarda shakllangan yanglish tushuncha va qonundagi kamchiliklar bois islomiy liboslar, jumladan, boshiga ro‘mol o‘ragan shaxslarning ishga joylashishi yoki o‘qishga kirishi qiyin ekani bildirilgan.

Yevropa Ittifoqining Mehnat to‘g‘risidagi qonunida din yoki e‘tiqod asosida turlicha yondashuv diskriminatsiya, deb qabul qilingan. Bu qonun Yevropa Ittifoqiga a‘zo barcha davlatlarga talluqli.

Biroq Xalqaro Amnistiyaning diskriminatsiya masalalari bo‘yicha mutaxassisi va hisobot mulallifi Marko Peroliniga ko‘ra, inson huquqlari himoyachilari YeI qonunlari amalga sust tadbiq etilayotgani, ba‘zi joylarda qonunlar umuman yo‘qligini aniqlagan.

- Biz ayrim davlatlar, jumladan Frantsiya, Hollandiya va Belgiyada amaldagi qonun tegishli tarzda bajarilmayotganini aniqladik. Bu, albatta, tashvishli holdir. Boshqa tomondan, qator davlatlar, xususan, YeIga a‘zo bo‘lmagan Shveytsariyada diskriminatsiyaga qarshi keng qamrovli qonun qabul qilinmagan. Shveytsariyada ishga yollashda din yoki e‘tiqod asosida diskriminatsiyani ta‘qiqlovchi qonunning o‘zi yo‘q,- deydi Marko Perolini.

Hisobotda Frantsiyada yuqori malakali mutaxassis Amel ismli ayol ro‘mol o‘ragani uchun ish topishda katta qiyinchiliklarga duch kelgani misol tariqasida keltirilgan.

Frantsiya va Belgiya jamoat joylarida ayollarning ro‘mol o‘rab yurishini allaqachon taqiqlagan.

Perolini bunday qonunlar Yevropada ifoda erkinligi va musulmonlarning diniy erkinligiga zid ekanini aytadi.

- Biz xalqaro inson huquqlari andozalari doirasida taqiqlarning amalda bajarilishini savol ostiga qo‘yyapmiz xolos,- deydi Marko Perolini.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining yangi hisoboti xulosasida Yevropa maktablaridagi musulmonlar ham Islomiy liboslarga qarshi qonunlardan aziyat chekayotgani bildirilgan.

Hisobotda musulmon qizlar ro‘molni yechishdan ko‘ra maktabdan voz kechishni afzal ko‘rayotgani qayd qilingan.

Xalqaro Amnistiya o‘z hisobotida Yevropa hukumatlarini amaldagi qonunlarni bajarishga va musulmonlarga nisbatan salbiy stereotiplarni bartaraf qilish choralari ko‘rishga chaqirgan.
XS
SM
MD
LG