Линклар

Toshkentdagi "Ilxom" teatri galereyasida yosh o‘zbek rassomi Zafar Nabiyevning “Sindirish imkonsizligi” degan ko‘rgazmasi ochildi.

1 mayga qadar ochiq turadigan bu ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarga zal bo‘ylab osig‘liq turgan sopol ko‘zalarni sindirish imkoni berildi.

Zalda osig‘lik turgan ko‘zaning ipi qaychi bilan qirqiladi. Ko‘za yerga tushib chil-parchin bo‘ladi.

Ko‘rgazma tashkilotchisi Veronika Zureyevaga ko‘ra, bu holatda ko‘zaning o‘zi emas balki uning vayron qilinishi san‘atdir.

21 yashar o‘zbek rassomi Zafar Nabiyevning ilk shaxsiy ko‘rgazmasi uning nonkonformist g‘oyalariga asoslangan.

Ozodlik bilan suhbatda Zafar Nabiyev o‘z ko‘rgazmasi g‘oyasini mana bunday izohladi:

- Bu loyiha vositasida men eski va qotib qolgan narsalarni sindirish mushkul ekanini anglamoqchi bo‘ldim. Ko‘pchilik konformistlardan iboratdir (konformist - zamonga qarab turlanib tuslanuvchi shaxs). Ular yangilikni qabul qilmaydi va o‘zgarish uchun intilmaydi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ko‘zalar sindirib bo‘linishi bilan biz yangilarini ilib qo‘yamiz. Hamma narsa qayta takrorlanadi. Bu holat odamlar hayotining turg‘un va bir hil ekaniga misoldir, deydi rassom.

Ozodlik: O‘zbek zehniyati buzishga emas balki qurishga qaratilgani haqida aytiladi. Shu ma‘noda siz o‘z “asar”ingiz bilan o‘zbek zehniyatiga qarshi bormadingizmi?

- Konformizm nafaqat o‘zbeklarga, balki boshqa millatlarga ham xos bo‘lgan xususiyat. Shu ma‘noda ko‘rgazma barcha odamlarga atalgan. Qotib qolish, yangilikni qabul qilmaslik aksariyatga xos ekanligini qaytaraman. Yangilik, o‘zgarish, yangilanish esa bu taraqqiyot belgisi, deydi rassom.

Rassom aytayotgan konformizm tushunchasiga izoh bersak.

20 asrda yashagan nemis faylasufi Erix Frommga ko‘ra, konformizm inson xulq atvorining himoya mexanizmidir.

Konformist odam o‘zligini unutadi va unga zamon taqdim qilgan qulay shaklga kirib turlanadi.

U hamma qatori bo‘ladi. Oxir oqibatda Erix Frommga ko‘ra, konformist buning badalini o‘zligini yo‘qotish bilan to‘laydi.

Konformist kalimasini kelishuvchan deb aytsak ham bo‘ladi. Kelishuvchanlikni istehzo bilan qoralayotgan rasom o‘z asarlarini O‘zbekistondagi siyosiy boshqaruvga qarshi qaratilgan deb bilmaydi.

Ayni paytda rassom O‘zbekistondagi davlat tasarrufida bo‘lgan rassomlik uyushmalari safiga kirishdan printsipial bosh tortishini aytadi.

Ko‘za sindirgan aziz


O‘zbeklarda ko‘za sindirgan aziz, suv keltirgan xor degan maqol bor.

Yana bir maqol esa "sinmasni kulol, o‘lmasni Xudo yaratmaydi", degan ma‘noda. Bular yoniga O‘zbekiston prezidentiga nisbat berilgan “Yangini qurmasdan, eskini buzma” kalimasini qo‘ysak zehniyat manzarasi to‘liqroq bo‘ladi.

Ayni paytda O‘zbekiston voqeligiga yo‘g‘on ishorat sifatida ko‘rilishi mumkin bo‘lgan bu ko‘rgazma poytaxtdagi tor rusiyzabon doira mushohadasidan nariga o‘tmagani kuzatiladi.

Ko‘rgazma tashkiotchisi bo‘lgan Ilhom teatri vakili Veronika Zureyevaning aytishicha, spektakl boshlanishidan sal oldin ko‘rgazma eshigi ochiladi, odamlar duv etib kirib ko‘zalarni sindirishadi.

- Toshkentda bu tahlit instalatsiya har kuni ham bo‘lavermaydi. Osig‘lik ko‘zalar sanoqli bo‘lgani uchun tomoshabinlar ularni tezroq sindirishga intiladi.

Zureyevaga ko‘ra, ko‘rgazmadan chiqadigan falsafa aniq:

- Har bir mamlakatda vaqti soati yetib nimadir vayron qilinadi va uning o‘rniga yangisi keladi, deydi Ilhom teatri vakili.

Ayni paytda ko‘rgazmada sindirilgan ko‘zalar o‘rniga yangilari qo‘yilar ekan, ko‘rgazma tomoshabinlari qotib qolgan voqelikni “Sindirish imkonsiz” degan hulosaga kelishadi.

Germaniyada tug‘ilgan rassom


Zafar Nabiyev 1990 yil Germaniyaning Potsdam shahrida harbiy xizmatchi oilasida tug‘ildi.

U tug‘ilgunga qadar SSSR qo‘shinlari GDRda joylashtirilgan edi.

1988 yil oxiriga borib GDR haritadan o‘chdi.

1991 yilda esa SSSR ham haritadan g‘oyib bo‘ldi.

Rassom hali chaqaloq ekani paytida haritadan yo‘q bo‘lgan ikki davlatda va haritada mavjud yana ikki mamlakatda yashab ulgurdi.

Keyinchalik Zafar Nabiyev oilasi Toshkentga qaytdi.

Zafar Nabiyev avvaliga Benkov nomli Toshkentdagi rassomlik bilim yurtida keyin esa Behzod nomli oliygohda rassomchilikdan tahsil ko‘rdi.

Ozodlik bilan suhbatda rassom O‘zbekistonda hech bir ustozni tan olmasligini bildirdi.

O‘zbekiston badiiy akademiyasi va yosh ijodkorlar uyushmasi munaqqidlari Ozodlikka Zafar Nabiyev degan rassom haqida hech narsa bilmasliklarini ma‘lum qilishdi.
XS
SM
MD
LG