Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:15

Markaziy bank: pul jo‘natmalari valyutada berilaveradi


O‘zbekiston Markaziy banki 1 maydan boshlab xorijdan jo‘natilgan valyutalar faqat o‘zbek so‘mida berilishi haqidagi xabarni mutlaq inkor qildi.

Markaziy bank raddiyasi


O‘zbekiston Markaziy banki axborot xizmati boshlig‘i Asqar Haydarov Ozodlik bilan suhbatda 1 maydan boshlab, xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalari rasmiy kurs bo‘yicha o‘zbek so‘miga aylantirilib, faqat so‘mida berilishi haqidagi xabarlarni mutlaqo rad etdi.

- Perevodlarni so‘mda berish haqidagi xabar g‘irt yolg‘on narsa bu. Mutlaqo inkor qilaman bu xabarni. Ahmoqona narsa bu. Umuman yo‘q bunaqa narsa. Kun tartibida ham yo‘q, hattoki. Qip-qizil, g‘irt yolg‘on, ahmoqona narsa. Birovning puliga bank aralasha olmaydi. Muxbirlar shu yerda bo‘lsayu, mendan bir og‘iz so‘ramaydimi shuni? Bu prosto haligi, saytga odamlarning e‘tiborini tortish uchun qilingan narsa bu. O‘yin bu,- deydi Markaziy bank axborot xizmati boshlig‘i Asqar Haydarov.

Uzmetronom iddaosi


Hukumat va huquq tartibot idoralarida o‘zining ishonchli manbalari borligini ta‘kidlab keladigan Uzmetronom.som sayti xorijdan jo‘natilgan valyutalarning o‘zbek so‘miga aylantirilib, keyin berilishi haqidagi xabarni tarqatdi.

Mazkur sayt joriy yilning yanvar oyida ham shu mavzudagi xabarni tarqatgan va o‘sha paytda ham O‘zbekiston Markaziy banki ma‘sullari Ozodlikka buni inkor qilgan edilar.

Uzmetronom.som sayti O‘zbekiston moliya tashkilotlariga yaqin manbalariga tayanib, Markaziy Bank xorij valyutasida yuborilgan pul jo‘natmalarini konvertatsiya qilishni amalga oshirishga qaror qilgani haqida xabar tarqatdi.

Ushbu qaror 1 maydan amalga tadbiq etila boshlashi haqida yozgan ushbu sayt xabarida, endilikda nafaqat pul jo‘natmalari, balki xorijdan qaytgan O‘zbekiston fuqarolari yonida bo‘lgan valyutalar ham konvertatsiya qilinishi mumkinligi ham aytiladi.

Uzmetronom.som sayti bosh muharriri Sergey Yejkov pul jo‘natmalarini so‘mda berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish harakatlari bo‘layotgani borasidagi xabar o‘zining ishonchli manbalariga tayanganini ta‘kidlaydi, biroq u tadbirni amalda qo‘llash imkonsiz ekanini aytadi.

- Agar bunday tashabbus ilgari surilsa ham, u qabul qilinmaydi. Bu birinchi navbatda qarindoshlari xorijda ishlayotgan, kam ta‘minlangan oilalarning cho‘ntagiga katta zarba beradi. Bu mutlaqo nomaqbul qaror. Umid qilamanki, bu qaror amalga oshirilmaydi,- deydi Sergey Yejkov.


1000 dollardan 1 million so‘m yutqazish xavfi


Pul jo‘natmalarining rasmiy kurs bo‘yicha o‘zbek so‘miga aylantirilib, keyin berilishi haqidagi xabar O‘zbekistonda uchinchi bor paydo bo‘lmoqda.

Ilk bor o‘tgan yilning dekabrida ham shu kabi xabarlar matbuotga chiqqandi.

Har safar O‘zbekiston Markaziy Banki bu xabarlarni inkor qilayotgan bo‘lsada, xorijdagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bundan xavotirga tushganlari ma‘lum.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu keng muhokama qilinayotganini kuzatish mumkin.

Mehnat muhojirlari bir necha bor Ozodlikka bog‘lanib, bundan tashvishga tushganliklarini aytgan.

Rossiyaning Surgut shahrida besh yildan buyon mehnat qilayotgan samarqandlik Shokir bu tadbirni amalga tadbiq qilish, mardikorlarni xonavayron qilish bilan barobar ekanligini aytadi.

- Bu bizning peshona terimiz evaziga topilgan pullar. Nimaga unga endi xo‘jayinlik qilishadi, xayronman. Agar biz yuboradigan dollarlarni so‘mga aylantirsa, albatta biz yutqazamiz. Sababi O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi qora bozordan ancha arzon. Buni yo‘lga qo‘yishsa, mardikorlarning sho‘ri qurigani deyavering,- deydi Shokir.

Bugungi kunda Markaziy bank 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymatini 1856,15 so‘m qilib belgilangan. “Qora bozor”da esa 1 dollarni 2850 so‘mga almashtirish mumkin.

Agar hisob-kitob qilinsa, xorijdan O‘zbekistonga jo‘natilgan 1000 AQSh dollari rasmiy kurs bo‘yicha 1 million 856 ming so‘mdan sal ko‘proq bo‘ladi, qora bozorda esa uni 2 million 850 ming so‘mga almashtirish mumkin.

Demak, Shokir Surgutdan Samarqanddagi oilasiga jo‘natgan 1000 AQSh dollari miqdoridagi pul konvertatsiya qilinib, keyin berilsa, u bir million so‘m yutqazadi.

Xorijdan O‘zbekistonga yuborilayotgan pul jo‘natmalarining asosiy qismi Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiya Markaziy bankiga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muxojirlari 2011 yilda o‘z vatanlariga 4,3 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ jo‘natgan.

Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Yevropa davlatlari, AQSh, MDHning boshqa mamlakatlaridagi mehnat muhojirlaridan ham har yili O‘zbekistonga milliardlab dollar pul jo‘natmalari o‘tkazishi aytiladi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, mehnat muhojirlari chetdan yuborayotgan mablag‘lar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 10 foizini tashkil etadi.
XS
SM
MD
LG