Линклар

logo-print

Qozog‘iston Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida kiber-politsiya tuzish tashabbusi bilan chiqdi.

Bu haqda 24 aprel kuni Olmaotada o‘tgan ShHT forumining VII yig‘inida ma‘lum qilindi.

- So‘nggi paytlarda Internet ijobiy bilim va ma‘lumotlarni tarqatish bilan bir qatorda terrorchilik, ayirmachilik mafkurasini odamlar ongiga singdirish va narkobiznesni yoyish uchun ham foydalanilayotganini e‘tiborga olgan holda, ShHT doirasida internet-tajovuzga qarshi kiber-politsiya vazifasini bajaruvchi maxsus organ tashkil qilish zarur, deb hisoblaymiz, - dedi kechagi forumda ishtirok etagan Qozog‘iston jahon siyosati va iqtisodiyoti instituti direktori Bektas Muhamedjanov.

U Qozog‘iston tomoni kiber-politsiya tashkil qilish bo‘yicha loyihani allaqachon tayyor qilib qo‘yganini ham qo‘shimcha qildi.

Qozog‘istonliklar ko‘targan bu tashabbus yig‘inning bir qancha ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy taraqqiyot boshqarmasi rahbari Abdunabi Sattorov fikricha, kiber-politsiya tashkil qilish g‘oyasi “dolzarb va o‘z vaqtida” taklif etilayotgan g‘oyadir.

O‘tgan yilning 12 sentyabr kuni ShHTga a‘zo bo‘lgan Xitoy, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning BMTdagi vakillari axborot jabhasi va kiberfazodagi xalqaro tartib va ahloq mezonlari masalasini BMT doirasida muhokama qilish uchun Bosh kotib Ban Ki Munga ham murojaat qilgandi. Ular mazkur murojaatnomani BMT Bosh assambleyasi 66-sessiyasida rasmiy hujjat o‘laroq tarqatilishini so‘ragandilar.

Xitoy, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari taqdim qilgan ahloq kodeksidan maqsad axborot-kommunikatsion texnologiyalar va Internet xalqlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va farovonligigina xizmat qilishi hamda xalqaro barqarorlik va xavfsizlik uchun mamlakatlarning axborot fazosidagi huquq va burchlarini belgilash, ularning konstruktiv va mas‘uliyatli bo‘lishiga ko‘maklashish hamda axborot fazosidagi umumiy xavf-xatar bilan kurashda ular o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash ekani aytilgan.

Kodeksni ixtiyoriy ravishda imzolagan davlatlardan xalqaro tinchlik va xavfsizlik uchun xatar tug‘dirish, dushmanona yoki tajovuzkorona xatti-harakatlarni amalga oshirish uchun axborot-kommunikatsion texnologiyalarni, jumladan, internetni qo‘llamaslik, qurol-aslaha va unga oid texnologiyalar bilan bog‘liq axborotni tarqatmaslik so‘raladi.

Biroq ShHT a‘zolarining bu murojaatnomasi AQSh va Yevropa Ittifoqi mas‘ullari tomonidan tanqidga uchragandi.

Jumladan, bu borada mulohaza bildirgan YeXHT vakili Dunya Mitovich dunyo davlatlari o‘z xavfsizligini ta‘minlashga haqli ekanini, biroq bu insonlarni fundamental huquqlaridan mahrum qilish evaziga amalga oshirilmasligi lozimligini qayd etgandi.

Amerikada chiqadigan Huffington Post gazetasi ham AQSh davlat departamenti mas‘uli Mishel Markoff so‘zlariga tayangan holda Qo‘shma Shtatlar Xitoy, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston tashabbusini “internetdagi erkinlikni cheklash” o‘laroq baholayotganini yozgandi.

- Ular o‘z davlatlari xavfsizligini ta‘minlash bahonasi bilan Internet-resurslar va so‘z erkinligi ustidan hukumat nazorati o‘rnatilishini oqlashga urinmoqdalar, - deya iqtibos keltirgandi Markoff so‘zlaridan Huffington Post gazetasi.

Xalqaro miqyosda qo‘llov topa olmagan ShHT a‘zolari endilikda o‘z tashkilotlari doirasida Internet nazoratini legallashtirishga harakat qilayotganga o‘xshaydi.

2001 yilda tashkil etilgan Shanxay .hamkorlik tashkilotiga Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston a‘zo.

Hozirda Eron, Hindiston, Mo‘g‘uliston va Pokiston mazkur tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega. 2011 yilda Eron va Afg‘oniston ShHTga a‘zo bo‘lish uchun ariza topshirgan.
XS
SM
MD
LG