Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:02

Tojik yoshlarining armiyadan bezishiga sabab nima?


Tojikistonda armiyaga ixtiyoriy ravishda borishni istagan yoshlar soni yildan-yilga kamayib bormoqda.
Tojikistonda armiyaga ixtiyoriy ravishda borishni istagan yoshlar soni yildan-yilga kamayib bormoqda.

Tojikistonda harbiy xizmatga ixtiyoriy ravishda boruvchilar deyarli yo‘qligi sababli mamlakatda harbiy xizmat rejasini bajarish yil sayin muammoga aylanib qolayotir.

Bu mamlakat Mudofaa vazirligidan olingan ma‘lumotlariga ko‘ra, aprel oyi boshida e‘lon qilingan bu yilgi chaqiriq rejasi respublika bo‘ylab hozircha 47 foizga bajarilgan.

Yaqinda harbiy xizmatdan qaytgan Rudakiy tumanida yashovchi Ahmadning aytishicha, (suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, unga shartli ism berildi, - tahr.) xizmat joylarida sharoitning yomonligi yoshlarning xizmatdan bo‘yin tovlashidagi asosiy sababdir.

Suhbatdoshimiz ikki yillik xizmatda ko‘rgan-kechirganlarini qisqacha aytib berdi.

- Boshimdan ko‘p narsa o‘tdi lekin. Yurolmay qoldim, joyimdan turolmay qoldim. O‘sha kasal bo‘lganimni voobshche esimdan chiqarolmayman. Birinchi marta borganimda uch oydan keyin shunday bo‘ldim. Ikki hafta hech narsa yemaganman, menimcha, shu ochlikdan ham bo‘ldi, - deydi Ahmad.

U xizmatning dastlabki olti oyida yangi xizmatga borganlar albatta zobitlar tomonidan kaltaklanishini gapirib berdi.

- Shuncha ko‘p savol beradi. Vatanga qasamyod ichish uchun, boshqa narsa uchun. Ikki yilga qonuni, deb qasam ichiradi-da. Ana shularni ikki-uch soatda yodlab berishingiz kerak. Agar yodlay olmasangiz, kaltak yeysiz, - deydi suhbatdoshimiz.

Tojikistondagi yosh huquqshunoslarning “Ampero” nodavlat tashkiloti kuni kecha yigitlarni harbiy xizmatga yuborish jarayoniga oid ilk tadqiqot natijalarini e‘lon qildi.

Mazkur tashkilot so‘nggi bir yil davomida respublikaning 60 dan ortiq tuman va shaharlaridagi harbiy xizmat yoshida bo‘lgan ikki mingga yaqin yigitlar orasida so‘rov o‘tkazgan.

So‘rovda qatnashganlarning 22 foizi yoshlarning xizmatdan bo‘yin tovlashidagi asosiy sababini fuqarolarning majburan va noqonuniy yo‘llar bilan xizmatga jalb qilinayotgani bilan izohlagan. Tadqiqot mualliflarining ta‘kidicha, Tojikiston armiyasi safini faqat kam ta‘minlangan oilalar farzandlari to‘ldirib keladi.

Yigitlarni muddatli harbiy xizmatga yuborish jarayonini o‘rgangan “Ampero” nodavlat tashkiloti tahlilchilarining ta‘kidicha, yoshlarning huquqlari ko‘pincha harbiy idora mas‘ullari va undan keyin esa tibbiy ko‘rik komissiyasi tomonidan ham toptaladi.

- Xizmatga chaqirilgan fuqarolar daxlsizligi qo‘pol ravishda buziladi. Masalan, ularning uylariga kunduzmi, kechami - ruxsatsiz, zo‘rlik yo‘li bilan kirib boradi. Ularga “jinoiy delo ochish” bilan tahdid ham qiladi, - der ekan Ampero nodavlat tashkilot mas‘ul xodimasi Xursheda Rahimova so‘rovda qatnashganlardan 40 foizining ota-onalari joylardagi harbiy mulozimlarning g‘ayriinsoniy munosabatlaridan shikoyat qilganini qo‘shimcha qildi.

“Ampero” tashkilot mas‘ullarining aytishicha, yoshlarning harbiy xizmatdan qochayotganini boshqa sababi tojik armiyasidagi turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklardir.

Tojikiston Mudofaa vazirligi rasmiylari so‘nggi yillarda mamlakat armiyasidagi sharoit avvalgi yillarga nisbatan yaxshiroq bo‘lgani va buning ortidan ixtiyoriylar soni oshib borayotganidan ta‘kidlab keladi.

Mazkur vazirlik mas‘uli Farhod Ibodov yigitlarni xizmatga olish jarayonida qonunbuzarlikning oldini olish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ma‘lum qildi.

- Bu yo‘nalishda nazorat kuchaytirilgan. So‘nggi yillarda, aksincha, ixtiyoriy harbiy xizmatga boruvchilar ko‘proq qaydga olinayapti. Masalan, oilada bir o‘g‘il bo‘lganlar ham, garchi qonun uni xizmatdan ozod qilgan bo‘lsa-da, xizmatga borayapti, - dedi Mudofaa vazirligi rasmiysi Ibodov.

Lekin, mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, bu yil ham o‘tgan yillardagi singari tojikistonlik oilalarga chaqiriq qog‘ozi tarqatilishi bilan 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan tojikistonlik yigitlarning ko‘pchiligi Rossiya shaharlariga jo‘nab ketayotgani kuzatiladi.

Dushanbe oliygohlarining birida tahsil olayotgan Muhsiddin Rahimovning aytishicha, ko‘pchilik yoshlar ikki yillik xizmatdan ko‘ra, oz bo‘lsa ham oilasini moddiy jihatdan ta‘minlashni afzalroq, deb biladi.

- Armiyadan qaytganlarning ko‘pi ikki yillik umri behuda o‘tganini aytadi. Uning o‘rniga yoshlarimiz Rossiyaga borib ishlab, har oy, hech bo‘lmasa, yuz-ikki yuz dollar yuborib, oilasiga yordam berishni to‘g‘ri, deb hisoblaydi. Men yetti, hatto sakkiz nafar o‘g‘li bor oilalarni ham bilamanki, ulardan birortasi harbiy xizmatga bormagan, - deydi Muhsiddin.

“Ampero” nodavlat tashkilot tahlilchilarining tadqiqot xulosasida ikki yillik majburiy xizmat o‘rniga Tojikistonda muqobil xizmat yo‘lga qo‘yilishi lozimligini tavsiya qilgan. Zero, so‘rovda qatnashganlarning 70 foizi ham alternativ xizmat tarafdori ekani ma‘lum bo‘lgan.

Yigitlarni muddatli harbiy xizmat joylariga yuborish muhlati, Tojikiston Mudofaa vazirligining bildirishicha, 31 mayda nihoyasiga yetadi. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, har yili bu mamlakat armiyasida taqriban 16 ming nafar yigit ikki yillik majburiy xizmatni o‘taydi.
XS
SM
MD
LG