Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:34

Ta‘mirlangan Buxoro Arki yana quladi


Yunesko umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro Arki devori bir yil ichida ikki marta quladi.

Buxoro markazidagi qadimiy Ark devorining bundan bir yil oldin ta‘mirlangan qismi tag‘in qulab tushdi.

Yunesko umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bu devorning bundan ming yil oldin tiklangani aytiladi.

Buxoro-muzey qo‘riqxonasinig ismi aytilishini istamagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda qishi bilan nam tortgan devorning qo‘qqisdan ag‘darilgani haqida ma‘lumot berdi:

- Hozir Ark rekonstruktsiya qilinyapti. Bir oydan keyin bitib qolar. Afsuski vaqt oldida Ark devori ham kuchsiz ekan. Devorning bir qismi qulab tushdi. Ayni paytda Ark oldiga hech kimni yaqinlashtirmayapmiz. Ark atrofi o‘rab qo‘yilgan.

Suhbatdosh devor qulagani oqibatida hech kim devor tagida qolib nobud bo‘lmaganini shukrona ohangda bildirdi.

Buxoro Arki qulaganidan 4 kun o‘tib O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligining Madaniy merosni muhofaza qilish va undan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi rahbari Ravshan Mansurov va yana bir nafar mulozim Buxoroga borib, vaziyatni o‘rgandi.

Mazkur idora xodimining Ozodlikka bildirishicha, Buxoro Arki devorining qulashi vazirlikda muhokama qilingan.

Tinimsiz qulaydigan Ark devori


Kuni kecha qulagan Ark binosi bundan bir yil oldin Buxoroda o‘tkazilgan “Asrlar sadosi” festivali oldidan ta‘mirlanganidan bir oy o‘tib, 2011 yilning may oyida qulab tushgan edi. 2012 yil aprel oxiriga kelib devor yana quladi.

Buxoro me‘morchilik san‘ati haqidagi tadqiqidlar muallifi, nemis antropolog olim Yakob Taube Ozodlik bilan suhbatda ta‘mirlash jarayonidagi qusurlar bois bunday muammolarga duch kelinmoqda, deya fikr bildirdi.

Taubega ko‘ra, ta‘mirlash uzoq vaqt mobaynida, eski texnologiyalar asosida olib borilganidagina qadimiy obidalarga zarar yetkazmasdan natijaga erishish mumkin.

Ta‘mirlash jarayonini kuzatgan buxorolik mahalliy huquq himoyachisi va tarixchi Shuxrat G‘aniyev ko‘hna Ark devorining bir necha marta qulaganiga guvoh bo‘lganlardan biri.

G‘aniyev ta‘mirlash mobaynida tsement ishlatilganidan hayratga tushgan.

Restavratsiya noto‘g‘ri qilingan


Buxoro me‘morchilik uslublarini uzoq vaqt o‘rgangan va o‘zi ham Buxoroning qadimiy qismida istiqomat qiladigan 51 yashar rassom (ismi aytilmasligini istadi) Ark devorlari ta‘miri paytida sinchlash sistemasiga amal qilinmagani bois muammoga duch kelinganini aytdi:

- Odam tanasini sklet ushlab turadi. Agar sklet bo‘lmasa biz qaddimizni tik tuta olmaymiz. Ark devorini ming yildan beri tik tutib kelgan narsa uning ichidagi yog‘ochdan bo‘lgan karkas tizimidir. Yog‘och bo‘laklari burg‘ular bilan teshilib bir-biriga ulangan. Ta‘mir paytida ana shu muhim tizim e‘tibordan chetda qoldirildi, deydi rassom.

Shohi Zinda tarixiy majmuasida qazish ishlarini boshqargan toshkentlik taniqli arxeolog va arxitektor Nina Nemtsova, o‘z tajribasi asosida O‘zbekistonda urf bo‘lgan konservatsiya emas, zamonaviy restavratsiyadan tug‘ilayotgan xavotirlarini Ozodlikka bundan bir yil oldin bildirgan edi:

- Quruvchilar men topgan va konservatsiya qilib qo‘ygan me‘moriy maqbaralar qoldiqlarini tag-tugi bilan ko‘chirib olishdi va uning o‘rniga yangi obida qurishdi. Bu obidaning men qazib topgan va hujjatlashtirgan obidaga hech qanaqa aloqasi yo‘q. Hozir u yerda mutlaqo boshqa obidalar turibdi. Kelayotgan sayyohlar baland zamonaviy maqbarani ko‘rayaptilar, oldingi obidadan asar ham yo‘q, degan edi kuyunib Nina Nemtsova.

Buxoroda Arkdan boshqa obidalarning asta sekin puturdan ketayotgani kuzatiladi.

1994 yilda Buxorodagi Chor minordan bittasi ag‘darilib tushgan edi. Keyin bu minora zamonaviy qurilish vositalari bilan qaytadan tiklangan.

Vazirlikning xabari yo‘q


Maqolani nashr qilishdan oldin O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligiga yana bir bor qo‘ng‘iroq qildik. O‘zini vazirlik matbuot xizmati vakili deb tanishtirgan mulozim Buxoro Ark devorining yana qulagani haqida vazirlikda ma‘lumot yo‘qligini aytdi.

Ark haqida


Ark devori o‘ninchi asrda tiklangani aytiladigan me‘moriy obida sifatida Yunesko ro‘yxatiga kiritilgan.

Ark ostida o‘tkazilgan qazishmalar obidaning eramizdan oldingi uchinchi asrga oidligini tasdiqlagan.

Ark haqidagi ma‘lumotlar 10 asrda yashagan Firdavsiyning "Shoxnoma" asarida keltiriladi.

Ark devori yillar mobaynida istilochilar tajovuziga qalqon bo‘lgan.

19 asrga kelib Buxoro istilosi davrida Ark devori Chor Rossiyasi qo‘shinlari tarafidan to‘pga tutilgan.

1920 yilga kelib Frunze boshchiligidagi bolsheviklar Ark devorlarini uchqichlardan bombalagan.
XS
SM
MD
LG