Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:39

Temir yo‘l vokzallarida nazorat yanada kuchaytirildi


"Toshkent" temir yo‘l vokzali.
"Toshkent" temir yo‘l vokzali.

Toshkent va Samarqand temir yo‘l vokzallarida yo‘lovchi hamda yuklarni maxsus texnik moslamalar orqali tekshirish tartibi joriy etildi.

"Toshkent" vokzaliga 2 ta post qo‘yildi


O‘zbekiston temir yo‘l vokzallarida xuddi mamlakat aeroportlaridagi singari nazorat tartibi yo‘lga qo‘yildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkatining ma‘sul xodimlaridan biri, o‘zini tanishtirmagan holda aytishicha, “Toshkent” temiryo‘l vokzalida yo‘lovchilarni tekshirish uchun 2 ta post o‘rnatilib, ularga to‘rtta maxsus apparat o‘rnatilgan.

- "Haymen" apparati qo‘yilgan bizlarda ham. Tamojnyaning rentgen apparati borku. Bundoq ichiga sumka kiradida, bu yoqda televizorda ko‘rsatadi ichida nima borligini. Vokzaldan kiraverishda qo‘yilgan u apparatlar, hamma kiradigan tochkalarga. Bizlarda to‘rtta qo‘yilgan. Ikki yonboshda bittadan, markaziy kirishda ikkita turibdi. Yo‘lovchi kirib kelgandan keyin ko‘chadan boshlab birinchi postdan o‘tadi, u yerda militsiya bilan temir yo‘l xodimi turibdi. Biletini ko‘radida, ular o‘tkazadi. Vokzalning markaziy kirishiga kelgandan keyin u yerda ham biletini ko‘radi, yo‘lovchini metallodetektordan o‘tkazadi. Yo‘lovchi u yerdan o‘tadida, sumkasini Haymenga qo‘yadi. Sumka Haymendan o‘tadi, yo‘lovchi metallodetektordan o‘tadi,- deydi temiryo‘l shirkati ma‘suli.

Pasporti yo‘q kishi vokzalga kiritilmaydi


“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aktsiyadorlik jamiyati rahbari Sharofiddin Qodirovning 24 aprel kuni mahalliy matbuotga ma‘lum qilishicha, yo‘lovchilar va ularning yuklarini ko‘zdan kechirish tartibi to‘g‘risida hukumat nizomi ishlab chiqilgan.

Ushbu nizomga muvofiq, vokzal binosiga faqat chipta va shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lgan fuqarolargina kiritiladi.

Yo‘lovchilarga tegishli yuklarni tekshirish payti maxsus xizmat itlaridan ham foydalaniladi.

- Tez yonadigan narsalar mumkin emas. Itlar birinchi ko‘chadagi post borku, o‘shaning oldida turadi. Sumkalarni hidlaydi, boshqa qiladi. Ba‘zi bir yomon narsalarni qidiradi u itlar.

Hukumat tasdiqlagan nizom bo‘yicha chipta, yuki va qo‘l sumkasida tekshiruvdan o‘tgani haqidagi maxsus shtamp bo‘lmagan yo‘lovchilar poyezddan tushirib yuboriladi.

Tekshirishlar xavfsizlik choralaridir


“O‘zbekiston temir yo‘llari”shirkatining o‘zini tanishtirmagan ma‘sul xodimi vokzalda joriy qilingan yangi tartib, 2011 yil yanvarida Moskvaning “Domodedovo” aeroportida sodir etilgan xudkushlik hujumidan so‘ng xavfsizlik choralari sifatida amalga oshirilmoqda.

- O‘tgan yil Moskvada bir voqea bo‘ldiyu. Domodedovo aeroportidagi portlash. O‘shandan keyin boshlandi vaqtincha to‘siqlar. Keyin hamma yoqni doimiy qilib chiroyli qilib o‘rab qo‘ydik. Xavfsizlik nuqtai nazaridan qilinayapti. Keyin Chegara, bojxona xodimlari chegarada tekshiradi yo‘lovchilarni. Chegarachilar pasportlarni tekshirib chiqishadi, bojxona xodimlari yuklarni ko‘rib chiqishadi,- deydi temiryo‘l ma‘suli.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” shirkati rahbari Sharofiddin Qodirovning matbuotga aytishicha, yangi tartibni mamlakatdagi barcha temir yo‘l vokzallariga joriy qilish rejalashtirilmoqda.

2015 yilgacha respublika bo‘yicha vokzallarni kuzatish hamda nazorat qilishning yagona tizimi yaratilishi aytilmoqda.

"Tekshirish deb poyezdga kech qoldim"


Mahalliy aholi xavfsizlik choralari kuchaytirilishini turlicha qabul qilmoqda. Ayrim fuqarolar vokzallarning temir to‘siqlar bilan ihotalanishini “terrorga qarshi kurash” deya yoqlamoqda.

Aksar fuqarolar esa xavfsizlik choralari kuchaytirilishi sababli kuch ishlatar idora vakillarining aralashuvi ortishi, “organ” xodimlarining vakolatini suiiste‘mol qilishidan xavotir bildirmoqda.

O‘zbekistondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, tekshiruvlar cho‘zilishi tufayli yo‘lovchilarning poyezddan kechikishi ham kuzatilmoqda.

Temir yo‘l rasmiylari esa poyezddan qolib ketishning oldini olish uchun vokzalga poyezd jo‘nashidan 1 soat avval kelishni tavsiya qilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat shirkati ma‘lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha har kuni o‘rtacha 43 ming, yiliga esa 15,4 million yo‘lovchi tashilmoqda.

2011 yil sentyabrida O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonuniga xavfsizlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspektsiyasi ushbu ishga mas‘ul etilgan.

2011 yil yanvarda “Domodedovo” aeroportidagi terakt ortidan Toshkent aeroporti va metropoliteni ham kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanmoqda.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Toshkent shahri hokimligi qarori bilan “jinoyatchilikning oldini olish maqsadida” korxonalar, tashkilotlar, muassasalar hamda jismoniy shaxslarga tegishli noturarjoy ob‘ektlarida videokuzatuv uskunalari o‘rnatish boshlangan.
XS
SM
MD
LG