Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:01

Uznews.net sayti yana kiber hujumga uchradi


Navbatdagi hujum tahririyat 2005 yildan beri chop etib kelingan maqolalar arxiviga qaratilgani aytilmoqda.

Uznews.net sayti yana kiber hujumga uchragani va buning oqibatida tahririyat 2005 yildan beri e‘lon qilib kelgan maqolalar arxivi yo‘qolish xavfi ostida qolganini e‘lon qildi.

Vebsaytda e‘lon qilingan xabarga ko‘ra, hujumdan so‘ng tahririyat 2005 yildan 2012 yilning 10 apreliga qadar chop etilgan maqolalarning matninigina tiklashga muvaffaq bo‘lgan.

Ammo fotosuratlar hamda mushtariylar sharhini tiklash imkoni bo‘lmagan.

Tahririyat e‘lon qilgan xabarda aytilishicha, bu galgi hujumni sayt provayderi "texnik nosozlik" deb qayd etgan.

Ammo, Uznews.net sayti buni kiber hujum, deb taxmin qilmoqda.

Birinchi bor ushbu sayt shu yilning 28 fevralida keng ko‘lamdagi DDoS kiber hujumiga uchragan edi.

Tahririyat bir necha kun ishini to‘xtatgan va keyinchalik provayderni almashtirishga majbur bo‘lgan edi.

Uznews.net saytiga "yovuz niyatli hakerlar" DDdoS (Distributed Denial of Service) tajovuzi uyushtirayotgani haqida Ozodlikka o‘zini "ezgu niyatli" Anonim-X deb tanishtirgan o‘zbek hakeri 1 mart kuni ma‘lum qilgan.

1 mart kuniga kelib ham yopiq qolgan Uznews.net nashri bosh muharriri Galima Buxorbayeva mutaxassislar hujumlar ortida turgan kompyuterlarning IP manzillarini aniqlagani, hujumlarning Osiyodan, Eron, Pokiston va Filippindan uyushtirilgani ma‘lum bo‘lganini aytgan edi.

- Biz saytning ko‘zgu variantini internetga ilib qo‘yib, sayt o‘zagini ta‘mir qilishga tushdik. Sal o‘tmay bu ko‘zgu ham chil-chil bo‘ldi. Mutaxassislar kiber-hujumning ko‘lamidan va uzoq muddat davom etayotganidan hayron bo‘lishmoqda, - degan edi o‘shanda Galima Buxorboyeva.

Ozodlikka o‘zini Anonim-X deb tanishtirgan o‘zbek hakeri bunday hujum D-DoS hujumi, deb atalishi va uning juda qimmat tadbir ekanini aytgan edi.

Ozodlik muxbirining, bu hujum ortida kim turibdi, degan savoliga javoban tahririyat bosh muharriri Galima Buxorboyeva faqat o‘z taxminini tilga olgan va ushbu nashrning doimo o‘zbek hukumati nishonida bo‘lib kelganini aytgan edi.

Navbatdagi hujum haqida munosabat bildirgan tahririyat, aftidan, yana o‘sha taxminni ilgari surmoqda.

"Uznews.net bu kabi hujumlarga tutilayotgani va boshqa qiyinchiliklarga uchrayotgani sababi uning keskin tanqidiy materiallarida, deb taxmin qilishga bizda asos bor. Lekin, axborot xizmati jamoasi tez orada saytni tiklash va o‘z auditoriyasi uchun ishni davom ettirish niyatida", deyiladi Uznews.net nashri e‘lon qilgan so‘nggi xabarda.
XS
SM
MD
LG