Линклар

O‘zbek Internet foydalanuvchilari orasida eng ommabop bo‘lgan Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘i o‘zbekchalashtiriladi. Internet tarmog‘i ma‘muriyatiga ko‘ra, bu Odnoklassniki saytida ikki milliondan oshgan o‘zbek mushtariylari uchun qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu yangilik o‘zbek Internet hududining rivojiga hissa qo‘shadi-mi?

- Endi odnoklassniki saytining o‘zbek tiliga o‘zgartirilishining katta nimasi bor. Nimagaki sobiq sovet respublikalarining ichida odnoklassniki saytiga kiradigan yoshlar ko‘pligi uchun, shu saytni o‘zbek tiliga o‘zgartirish nimasi kiritilgani uchun, muxlislarni yanayam o‘ziga jalb etish uchun qilingan. O‘ylaymanki, yomon ish emas.

Farg‘onalik Dilafruz Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmog‘i o‘zbek tiliga o‘girilayotganidan mamnun. Chunki uning hisob-kitoblariga ko‘ra ham o‘zbek “odnoklassnikichilar” soni allaqachon millionlarni tashkil qiladi.

Internet texnologiyalari va o‘zbek veb-zonasi bo‘yicha mutaxassis To‘lqin Umaraliyevning aytishicha, Odnoklassniki.ru saytida ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbek mushtariylari soni ikki yarim millionga yaqinlashgan.

- Ayni damda odnoklassniki.ru sayti berayotgan rasmiy raqamlarga asoslanadigan bo‘lsak, 2,5 milliondan ko‘proq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Lekin odnoklassniki.ru vakili kuni kecha qilgan chiqishida bir oyda O‘zbekistondan kiradigan faol foydalanuvchilarning soni 2 milliondan ziyod deb aytdi.

Shuning uchun, deydi To‘lqin, bu ham o‘zbek Internet hududi rivoji, ham Odnoklassniki.ru tarmog‘ining rivojiga hissa qo‘shadi.

Hozir Jahon virtual dunyosida o‘nlab ijtimoiy tarmoqlar yaratilgan. Ulardan eng ommaboplari Facebook, LiveJournal, Twitter kabilardir. Rus tilida chiqadiganlari orasida Odnoklassniki.rudan tashqari Vkontakte, Moy mir, Mail.ru kabilar ham ancha mashhur.

Masalan, Facebook tarmog‘ining dunyodagi foydalanuvchilari soni qariyb bir milliardga yetgan. O‘zbekistonlik “Facebookchilar” soni esa 130 mingga ham yetmaydi. 8 milliondan oshiq o‘zbek Internet foydalanuvchilari orasida eng ommabop ijtimoiy tarmoq Odnoklassniki.ru sayti bo‘lib qolmoqda.

Farg‘onalik Dilafruz buning boisini bunday izohlaydi.

- Nima uchun odnoklassniki? Bu juda yengil yo‘l deb o‘ylayman. Birinchidan, rus tili, kirill alifbosida bo‘lgani uchun men uchun oson deb o‘ylayman. Keyin foydalanish juda oson, funktsiyalari juda ham oson. Tez rivojlanib ketganining sababi shuki, mana masalan O‘zbekiston misolida olsak, men maktabda o‘qigan vaqtimdagi juda ko‘p sinfdoshlarim hozir Rossiyada, Boltiqbo‘yida yashaydi. Juda ko‘p yil ko‘rmagan, eshitmagan sinfdoshlarimni topish, ular bilan aloqada bo‘lish, balki ular bilan uchrashish, shuning uchun odnoklassniki sayti juda rivojlangan.

Internet mutahassisi To‘lqin Umaraliyevning fikricha, Odnoklassniki.runing boshqa jihatlari ham o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilari uchun qulayroqdir.

- Odnoklassniki.runing o‘zgacha taraflari bor. Ochiq muloqot qilish, birovlarning suratini kirib ko‘rish juda oson. Menimcha, eng katta sabablaridan biri ularning mobil strategiyasi. Vkontakte.ru, feysbukni aytadigan bo‘lsak, ularda mobil telefonlar orqali kirish unchalik rivojlanmagan. Odnoklassniki.ruda mobil versiyasi, Android, Applga to‘g‘ri keladigan dasturlarni ishlab chiqishi va u dasturlarning ishlashi juda osonligi mobil telefoni orqali internetga kiruvchilarga juda qo‘l keladi.

O‘zbekistonda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Internet foydalanuvchilari soni 8 milliondan oshgan, ularning yarmidan ko‘prog‘i aynan mobil telefonlar orqali jahon tarmog‘iga kirishadi.

Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmog‘i Rossiyaning Mail.Ru Group media shirkatiga qarashlidir. Moy mir tarmog‘iga ham egalik qiladigan Mail.Ru Group shirkati asli o‘zbekistonlik oligarx, Rossiyaning eng badavlat kishisi hisoblangan Alisher Usmonovga tegishlidir.

Hozirda Odnoklassniki.ru satida ro‘yxatdan o‘tganlar soni 80 millionga yaqinlashgani aytiladi. Shulardan ikki yarim millioni o‘zbekistonliklardir.

Shuningdek, keyingi bir-ikki yil ichida ro‘yxatdan o‘tayotgan yangi foydalanuvchilar bo‘yicha Odnoklassniki.ru birinchilikni Vkontekte tarmog‘iga boy berdi. Hozirda Vkontekte mushtariylari soni 100 million kishidan oshgan.

Bugungi kunda jahon bo‘yicha Internet foydalanuvchilari soni ikki milliarddan oshgan.
XS
SM
MD
LG