Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:11

O‘zbekistonda chernobilchilar safi siyraklashmoqda


Chernobil fojiasini bartaraf etishga yuborilganlar dahshatli radiatsiyaning oqibatlari nima bo‘lishini xayollariga ham keltirmagan

26 aprelda Toshkentda Chernobil fojiasining 26 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri o‘tkazildi. Bu marosimda Rossiya, Ukraina, Belarus, Yaponiya mamlakatlarining O‘zbekistondagi elchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston chernobilchilar jamg‘armasi, Toshkent shahar Chernobil jamiyati va Sirg‘ali tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan bu tadbirda 200 nafarga yaqin chernobilchilar va vafot etgan chernobilchilarning oilalari qatnashdi.

Toshkent shahar Chernobil jamg‘armasi raisi maslahatchisi, chernobilchi Sobit Zufarovning Ozodlikka aytishicha, Chernobil falokatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan o‘zbekistonliklar soni yildan yilga kamayib bormoqda:

- O‘zbekistondan partizan otryadlari bo‘lib, o‘n mingga yaqin odam bu falokat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etdi. Bugungi kunga kelib, bu odamlardan respublika bo‘ylab 728 kishi qoldi, xolos. Bulardan 93 foizi 2-3 guruh nogironlaridir. Bundan tashqari shahar bo‘yicha chernobilchilar oilasida tug‘ilgan 327 ta bolalar bor. Ularning ko‘plari salomatligini yo‘qotgan, majruh bo‘lib qolgan, - deydi Sobit Zufarov.




Chernobil faxriysiga ko‘ra, falokatni bartaraf etish chog‘ida olingan nurlanish chernobilchilarning sog‘lig‘iga, ularning oilalariga yil sayin salbiy ta‘sir qilmoqda:

- Hozir respublika bo‘yicha har bitta tumanda ham besh-oltitadan og‘ir ahvolda yotgan chernobilchilarimiz bor. Nurlanish oqibatida odamlarda qon kasalliklari va hatto tibbiyotga ma‘lum bo‘lmagan kasalliklar kelib chiqyapti. Nemis olimi Helmin ham aytgan, "bu atom inson organizmida 30 yil yuradi, agar Chernobil qatnashchilari 30 yil yashab bersa bu katta yutuq", degan. Mana 26 yilda biz 10 ming kishidan 728 kishi qoldik. Endi, qolgan bu 4 yilda nima bo‘ladi, bu yolg‘iz Xudoga ayon, - deydi Sobit Zufarov.

Sobit Zufarovning aytishicha O‘zbekistonda chernobilchilarni davolanishi uchun ularga barcha sharoitlar yaratib berilgan:

- Bizga juda chiroyli e‘tibor bo‘lyapti. Vazirlar Mahkamasining qarorlariga ko‘ra chernobilchilarga imtiyozlar berilgan, ular kasalxonalarda bepul davolanishyapti,- deydi Sobit Zufarov.

1986 yilning 26 aprelida Chernobil AESida ro‘y bergan portlash oqibatida Ukraina, Belarus va Rossiya g‘arbidagi mintaqalarda yashovchi yuz minglab aholi evakuatsiya qilingan.

Ukraina va Belorusdan tashqari Yevropaning katta hududiga radioaktiv bulut tarqalgan edi.

Sovet hukumati dastlab Chernobil fojiasi haqiqiy ko‘lamini yashirishga urindi. Biroq oradan ikki kun o‘tib, aholi evakuvatsiyasi e‘lon qilindi va 330 ming odam boshqa joylarga ko‘chirildi.

BMT bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, Chernobil fojiasi oqibatida taxminan 4 ming odam halok bo‘lgan.

Chernobil oqibatlarini bartaraf etish uchun turli davlatlardan jami yarim million kishi safarbar qilingan edi.

Chernobil oqibatlarini bartaraf etishga safarbar etilgan odamlar toki manzilga yetib borguncha qayerga borayotganini ham bilmaganlar.

Bu fojia harbiy sir sifatida sir saqlangan. Harbiy xizmatni tugatib kelgan yigitlar go‘yoki yana harbiy sborga jo‘natilgan.

Falokat oqibatlarini bartaraf etishda ular bu falokatning ularning sog‘lig‘i uchun qanchalik halokatli ekanligini tasavvur ham qilmaganlar.

1987 yilda falokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan chernobilchi Ziyobek Nafasov hamkasbim Ozodlik bilan suhbatda Chernobilga favqulodda qanday jo‘natilgani va u yerda qanday ishlarni bajarganligini aytib berdi.

XS
SM
MD
LG