Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:54

Blog: Kapron paypoq ortidagi dunyo


Qizlarning paypog‘i boru – kapron paypog‘i – juda yaxshi narsa-da!

O‘sha paypoq orqali qarasangiz dunyo yumshoqroq ko‘rinadi.

Ayniqsa teletasvirchilar yaxshi ko‘radi uni.

Ular kapron paypoqni ba‘zida kameraga kiydirib qo‘yishadi.

Kiydirishadi, deb sag‘al oshirvordim - paypoqni ko‘ziga to‘sib qo‘yishadi. Kameraning ko‘ziga.

Qizlarning paypog‘i orqali qaragan kamera dunyoni yumshoq ko‘rsatadi.

Qizib turgan tandir tegrasiga tikilganmisiz? Havo bilinar-bilinmas jivirlab turarini eslang.

Endi tushayotgan yoxud tarqalayotgan tumanni eslang. Qizlarning paypog‘i orqali olingan tasvir o‘shanaqa bo‘ladi – yuuumshoq bo‘ladi.

Yoki farangi rassom Renuarning (Pьer Ogyust Renuar – 1841-1919) kartinalarini eslang. Paypoq kiydirilgan kamerada tortilgan tasvir o‘shanaqa bo‘ladi.

Mutaxassislar uzoq yillar tasvirning Renuar qo‘llagan usulini rassomning kashfiyoti, deb yurdilar.

Bir necha yilgina oldin ma‘lum bo‘ldiki, Renuarcha usul bor-yo‘g‘i rassomning kaltabinligi (optik ma‘noda aytayapman) oqibati ekan – ko‘zida noqislik boriydiykan. Shuning uchun dunyoni qanday ko‘rsa, shundayligicha chizgan ekan.

Men ham O‘zTVga qizlarning kapron paypog‘i orqali qaramayapmanmi, unga kaltabinlik bilan (optik ma‘noda aytayapman) yondoshib qo‘ymayapmanmi?

Ya‘ni tasvirni buzib qo‘ymayapmanmi?

“Televizor”ning yangisini yozishga yeng shimarar ekan, yaqindan beri har gal shu savol qiynaydigan bo‘lib qoldi.


Keye, dedim bugun,


bu gal televizorni boshqalarning ko‘zi bilan ko‘raman.

Bitta ko‘z “televizorchi”niki – “Yoshlar” telekanalining sobiq jurnalisti Malohat Eshoqulovaniki.

Ikkinchisi – adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekovniki.

25 aprel kuni ikkalovidan iltimos qildim. “O‘zbekiston”ni ko‘rib beringlar, deb.

Ko‘rishdi. Bugun gaplashdim. Ko‘p narsalarni. Lekin bugungi eshittirishga chiqariladigan gapni kecha kechqurun Toshkentda quygan jala belgilab berdi.

Mana bu teletomoshabin Baxtiyor Isabekov bilan muloqotimizning bugungi mavzuga tegishli qismi.

- O‘sha dunyo xabarlarini ko‘radigan bo‘lsangiz, go‘yo O‘zbekistondan boshqa yerning hammasida tabiiy ofatlar bo‘layapti yoki avariyalar bo‘layapti.

Ozodlik: Axborotning xalqaro xabarlar qismini aytayotgandirsiz. Kecha kechqurun ko‘rdingizmi buni yo bugun ertalabmi?

- Kecha kechqurun.

Ozodlik: Kecha kechqurun Braziliyadagi suv toshqinini ko‘rsatayotganda Toshkentda jala boshlangan edimi yoki yo‘qmi?

- U paytda yog‘ayotgan edi. yog‘ish boshlangan edi.

Ozodlik: Braziliyadagini ko‘rsatgan Axborot Toshketning o‘zida bo‘layotganini ko‘rsatdimi ko‘rsatmadimi?

- O‘zida bo‘layotganini ko‘rsatmaydiyam. U xayolga ham kelmaydi. O‘zbekistonda bo‘lgan biror-bir tabiiy ofat yoki ijtimoiy yoki umuman, endi faqat jinoiylarini beradi, jinoiylarning alohida o‘zining ko‘rsatuvlari bor.

Ozodlik: Toshkentda bo‘layotgan jalani ko‘rsatmasligi balki “Ko‘rsatib nima qilamiz? Hamma derazadan ko‘rib oladi” desa kerakda.

- (kulib) Endi bunaqa narsalar qanaqa qilib derazadan ko‘rib olish mumkin? Derazadan men 100-150 metr joyni ko‘raman. Shundoqmasmi? Shahar joyda umuman 100 metrni ham ko‘ra olmaydi.

Ozodlik: Unda nima uchun ko‘rsatmaydi?

- Bizlarda shunday tushuncha hosil bo‘lgan nazarimda bizdagi tabiiy ofatlarni ko‘rsatsa, go‘yo bu O‘zbekiston uchun minus bo‘ladi, deydi olim teletomoshabin Baxtiyor Isabekov.

Tushunmadim, baribir. Balki O‘zTV tizimida ishlagan jurnalist tushuntirib berar?

Shunday umid bilan gap boshlasam, Malohat Eshonqulova, jurnalist emasmi, javob o‘rniga o‘zi savol bera boshladi.

- Hammaning qo‘lida belkurak. Ko‘chada yuribdi tizzasigacha shimini shimarib qo‘yib. Nahotki mana shu oddiy bir holatni yo Axborotda, yo Davrda yoki bo‘lmasa biror-bir ko‘rsatuv qilish ham xavfli bo‘lsa? Ijtimoiy xavfliligi bormi buning? Davlatga aloqasi bormi buning?

Ozodlik: Kechagi jala endi kecha bo‘ldi. Bilmayman, balki bugun Axborot berib qolar. Lekin mana G‘allaorolda sel oldi, boshqa joyda bo‘ldi. Keyingi kunlarda O‘zbekiston televideniyesida sellarni ko‘rsatdimi? O‘zingiz aytganday davlatning aybi yo‘q. Tabiiy ofat bu.

- Shu tabiiy ofatni yoritish uchun ham mulohaza qilib ko‘rishadi. Shuni yoritish uchun ham tepadan qandaydir ishoratlar bo‘lishini kutishadida. Hozir shunaqa qolipga tushib qolganda jurnalistlar. Agar erkin mavzu tanlayman desangiz, jurnalist kamera yoki qalamini ko‘tarib erkin ravishda yoritmoqchi bo‘lsa, boshida kaltak sinadi. Ular shundan zada bo‘lib qolgan. Shuning uchun ham ishorani kutadi. Qachonki topshiriq bo‘lsa, harakatga tushadi. Aytaylik bir tank bo‘lsa, shuning muruvvatiga o‘xshaydi, deydi telejurnalist teletomoshabin Malohat Eshonqulova.

26 aprel kungi “Axborot”ni hamma ishni yig‘ishtirib qo‘yib, ataylab kutib ko‘rdik.

Yo‘q, ko‘rsatishmadi kecha Toshkentda quygan jalani.

22 aprel kuni paydo bo‘lgan xabarga qaraganda, O‘zbekiston kelgusi 6 yil ichida – 2018 yilgacha to‘la raqamli televideniyega o‘tadi.

Raqamli televideniyening hozirgisidan yaxshi tomonlari juda ko‘p. Hammasini tushuntirib berardimu, o‘zim ham tushunmayman-da!

Tushunganim-tushuntira oladiganim jihati bitta: raqamli televideniyeda tasvir va ovoz favqulodda tiniq bo‘ladi.

Lekin, tez orada mazza qilamiz ekan, deb o‘zbek tomoshabini xomtama bo‘lmay tursin.

Telesignal raqamli bo‘lsayam, uni qabul qiladigan televizoringiz raqamli bo‘lsayam, tasvirchining kamerasi ko‘zidan xotinlarning kapron paypog‘ini yechib qo‘ymasalar, tasvir tiniq bo‘lmaydi.

Hamma gap o‘sha paypoqda qolganini sezayapsizmi?


Muallif: Sarvar Usmon

XS
SM
MD
LG