Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:12

Jenish Aydarov: O‘zbekiston chegarachilari toshbo‘ron qilindi


O‘zbek chegarachilari tomonidan O‘zbekiston fuqarosining kaltaklab o‘ldirilishidan norozi bo‘lgan so‘xliklar chegara punktini toshbo‘ron qilgani haqida qirg‘iz matbuoti xabar tarqatdi.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining Botkendagi muxbiri Jenish Aydarovning xabar berishicha, 25 aprel kuni O‘zbekistonning So‘x anklavidagi Lenburg qishlog‘i aholisi va o‘zbek chegarachilari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

- Botken viloyatining Apqan qishlog‘i bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekistonning Lenburg qishlog‘ida joylashgan o‘zbek chegarachilari O‘zbekistonning tojik millatiga mansub fuqarolari qarshiligiga uchradi.

32 yoshdagi Nodir ismli O‘zbekiston fuqarosi Qirg‘izistonga bir qop loviyasini sotishga olib o‘tayotgan paytda O‘zbekiston chegarachilari uni qo‘lga olib, kaltaklagan. Nodir chegarachilar kaltaklashi oqibatida vafot etgan. Marhumning qarindoshlari va qishloq aholisidan mingga yaqin kishi to‘planib, o‘zbek chegara punktini toshbo‘ron qilgan, -dedi Jenish Aydarov.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiri o‘zbek chegarachilari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgani aytilgan shaxsning ismi Nodir deb xabar bergan bo‘lsa-da, voqea guvohlaridan ayrimlari marhumning ismi Normat ekanini aytmoqdalar.

Jenish Aydarovning aytishicha, o‘zbek chegarachilari toshbo‘rondan qochib Qirg‘iziston hududidagi Apqan qishlog‘iga o‘tmoqchi bo‘lishgan. Bu voqeaga guvoh bo‘lgan Apqan qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Nazriddin mana bularni aytadi:

- O‘zbekistonliklar sotmoqchi bo‘lgan narsalarini bir kun oldin Qirg‘iziston hududiga olib o‘tib qo‘yadi. Normat bir qop loviyasini olib o‘tayotgan paytda o‘zbek chegarachilari uni ushlab olishibdi. Keyin uni kaltaklab o‘ldirishibdi. Bundan norozi bo‘lgan Lenburg qishlog‘i aholisidan mingga yaqini chegarani toshbo‘ron qilgani kelishdi. O‘zbek chegarachilari ulardan qochib Qirg‘iziston tomonga o‘tishmoqchi bo‘ldi. Ammo biz O‘zbekistondagi qo‘shni qishloq aholisi bilan juda yaqin qadrdon bo‘lganimiz uchun o‘zbek chegarachilarini qishlog‘imiz hududiga o‘tkazmadik, -dedi Nazriddin.

Unga ko‘ra, Apqan qishlog‘i aholisi O‘zbekistonda bo‘lgan fojeadan va to‘polondan xabar topgach, chegara hududiga to‘plangan. Bo‘layotgan voqeani kuzatib turgan.

- Qishlog‘imiz aholisi o‘zbek chegarachilarini Qirg‘iziston tomonga o‘tkazmay qo‘ygach, O‘zbekistondagi qishloqqa o‘zlarining hokimlari, rahbarlari keldi va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bordi, - dedi Nazriddin.

Bu voqea o‘zbek-qirg‘iz chegarasi hududida sodir bo‘lgani uchun ham yo‘l to‘silib, yopib qo‘yilgan. Apqan qishlog‘iga Botken viloyat hokimiyati va huquq-tartibot tuzilmalari rahbarlari yetib kelib, chegaradagi vaziyatni nazorat qilib turgan.

- O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumanining Lenburg qishlog‘ida o‘zbek chegarachilari va o‘zbek fuqarolari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lgan. Bu voqea O‘zbekiston hududida yuz berdi. Bu voqeaning Qirg‘iziston chegara hududiga hech qanday ta‘siri bo‘lgani yo‘q. Bizning kuch tizimlarimiz mahalliy aholi bilan birgalikda chegaradagi vaziyatni nazorat qilib turishdi, -dedi Botken viloyat hokimiyatining mudofaa va xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Zakir Temirov.
XS
SM
MD
LG