Линклар

“O‘zavtoyo‘l” davlat shirkatiga qarashli “Magistral” avtomobil yo‘llarini qurish va ta‘mirlash korxonasi rahbari Hamroqul Jalilov O‘zbekistonda taqiqlangan “Nursafardiya” diniy oqimi g‘oyalarini targ‘ib qilishda aybdor deb topilgan.

Yakunlanayotgan haftada mahalliy gazetalarda e‘lon qilingan maqolaga ko‘ra, Hamroqul Jalilov huquq-tartibot idoralari tomonidan dastlab davlat mablag‘ini o‘zlashtirish bo‘yicha tergov qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi Hamroqul Jalilov mansabidan foydalanib 456 million so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan, degan xulosaga kelgan.

Keyinroq “O‘zavtoyo‘l” shirkati vakilining uyidan man etilgan “Nursafardiya” norasmiy oqimiga tegishli kitoblar topilgan.

Buning ortidan unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 116-moddasi (g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish yoki ularning faoliyatini tiklash, shuningdek, bunday birlashmalar yoki tashkilotlar faoliyatida faol qatnashish) bo‘yicha ham ish qo‘zg‘atilgan.

Matbuot xabarida ushbu jinoiy ish bo‘yicha yana besh nafar fuqaro mahkamaga tortilgani aytilgan, biroq sudlanuvchilarga qanday jazo tayinlangani ochiqlanmagan.

Tahlilchilar bu davlat idorasi vakilining matbuot orqali “Nursafardiya” oqimiga aloqadorlikda ilk bor ayblanishi ekanini aytmoqdalar.

Avvalroq – joriy yil 30 yanvarda O‘zbekiston televideniyesi efirga uzatgan maxsus ko‘rsatuvda “Hordiq” gazetasi “Nursafardiya” g‘oyalarini targ‘ib etgani uchun tanqid qilingandi.

1956 yilda tug‘ilgan Safarboy Qo‘chqorov O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan “Nursafardiya” diniy oqimining asoschisi deb ko‘riladi.

Qo‘chqorov muallifligida chop etilgan va 2009 yilgacha erkin tarqatilgan kitoblarda “Nursafardiya” tariqat yo‘li sifatida talqin qilinadi.

Kitoblarini “Shayx So‘fizoda Nursafardiy” degan yorliq bilan e‘lon qilgan S.Qo‘chqorov so‘fiy jang san‘ati, musiqasi, raqsi, xattotligi, gimnastikasi, tabobati, umuman, so‘fiy hayot tarziga oid yo‘l-yo‘riqlar ishlab chiqqani va ularni ommalashtirishga harakat qilgani aytiladi.

“Nursafardiya” qarashlari mahalliy ulamolar tomonidan “tasavvufning noto‘g‘ri talqini” deya qoralangan. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi unga aloqador adabiyotlarni chop etish va tarqatishni man etgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, 2009 yilga qadar Toshkent, Sirdaryo, Buxoro va Jizzaxda Qo‘chqorov tashkil qilgan tabobat maskani, gimnastika va jang san‘ati markazlari, foto, video va kinostudiyalar faoliyat yuritgan.

2009 yil oktyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax sudi S.Qo‘chqorov va uning oila a‘zolarini qonunga zid ravishda “Nursafardiya” diniy oqimiga oid kitoblarni tayyorlash va tarqatish, tibbiy ma‘lumotga ega bo‘lmasdan o‘zboshimchalik bilan odamlarni davolash va soliqdan bo‘yin tovlashda aybdor deb topgan.

Mahkama ajrimiga ko‘ra, o‘shanda Qo‘chqorovlar oilasiga amnistiya qo‘llanilgan.
XS
SM
MD
LG