Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:52

Sunday Times: Alisher Usmonov Britaniyadagi ikkinchi badavlat shaxs


Milliarder tadbirkor Alisher Usmonov.
Milliarder tadbirkor Alisher Usmonov.

The Sunday Times jurnali 29 aprel kuni Britaniyadagi ming nafar eng badavlat shaxs ro‘yxatini e‘lon qildi. 2012 yilgi ruyxatda rossiyalik tadbirkor, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Alisher Usmonov ikkinchi o‘rinni egallagan.

“Sunday Times” nashri e‘lon qilgan Britaniyadagi eng badavlat odamlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni sakkiz yildan beri metall zavodlari sohibi bo‘lgan hindistonlik Lakshmi Mittal egallab kelmoqda.

Mittalga tegishli mulk 12,7 milliard funt sterlingni tashkil qiladi.

2012 yilgi ro‘yxatda ikkinchi o‘rin Rossiyadagi metall zavodlari sohibi va “Arsenal” futbol klubi hissadori Alisher Usmonovga nasib qilgan.

Jurnal hisob-kitobiga ko‘ra, hozirda Usmonovning boyligi 12,3 milliard funt sterlingga teng.

Britaniyadagi badavlat shaxslar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni neft magnati va “Chelsi” futbol klubi sohibi Roman Abramovich egallagan.

Nashrga ko‘ra, Abramovichga tegishli bo‘lgan mol-dunyo 9,5 milliard funt sterlingni tashkil etadi.

“Sunday Times” nashriga ko‘ra, 2012 yilgi boylar ro‘yxatidan o‘rin olgan ming nafar badavlat shaxsga tegishli mulklar 414 milliard 260 million funt sterlingni tashkil qiladi.

Alisher Usmonov rossiyalik hamkori Yuriy Milner bilan birga Facebook. Inc shirkatining 10 foiz hissalarini sotib olgan.

U asos solgan "Metalloinvest" shirkati Rossiyaning eng yirik xom ashyo ishlab chiqaruvchi korxonasi hisoblanadi.

Usmonovga Digital Sky Technologies (DST) shirkatining 80 foizi, Rossiyaning Mail.ru Internet shirkatida 26,9 foizlik aktsiyalari, Muz-TV kanali aktsiyalarining 75 foizi, Londonning "Arsenal" futbol klubining 27 foiz tegishlidir.

“Kommersant” nashriyot uyi ham to‘laligicha Alisher Usmonovga qarashli.

Usmonov Gazprom shirkati sho‘ba korxonasi Gazprominvestxolding kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi hamdir.

57 yoshli Rossiya fuqarosi Alisher Usmonov Forbes jurnalning 2011 yilgi milliarderlar reytingida 17,7 milliard dollar bilan dunyodagi eng badavlat shaxslari ro‘yxatida 35-o‘rinni egallagan.

Namangan viloyatining Chust shahrida prokuror oilasida tug‘ilgan Alisher Usmonov 1976 yilda Moskvadagi Xalqaro munosabatlar davlat institutini tamomlagan.
XS
SM
MD
LG