Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:55

H.Klinton O‘zbekistonda sterilizatsiyani to‘xtatishga chaqirildi


Internet tarmog‘ida O‘zbekistonda majburiy sterlizatsiya oldini olishga qaratilgan petitsiya bormoqda.

Force change global tarmog‘ida e‘lon qilingan petitsiyada AQSh Davlat kotibi Hillari Klintondan O‘zbekiston hukumatidan ayollarni bichishga qaratilgan dasturdan voz kechishni talab qilish so‘ralmoqda.

Dunyoning turli davlatlarida istiqomat qiladigan yozuvchi, jurnalist, tadqiqotchi, ziyoli va talabalar a‘zo bo‘lgan tarmoq vakillari dunyo davlatlarida inson huquqlari, ekologiya, siyosat, sog‘liqni saqlash sohasidagi hukumatlar siyosatini kuzatib boradi va jamoatchilik diqqatini tortgan muhim masalalar bo‘yicha petitsiyalar e‘lon qiladi.

Ushbu guruhning navbatdagi imzo yig‘ish aktsiyasi O‘zbekistondagi sterilizatsiya jarayoniga qaratildi.

AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonga murojaat qilingan petitsiyaga chaqiriq maktubida, jumladan, shunday deyiladi:

“O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov shifokorlarga zaruriy tibbiy muolajalardan o‘tayotgan ayollarni ularni xabardor qilmagan yoki ularga to‘liq tushuntirmagan holda sterilizatsiya qilish imkonini beruvchi qonunni qabul qildi. Prezident Karimov rejimi inson huquqlarini buzib kelayotganiga qaramay, O‘zbekston AQShdan harbiy yordam va pul oladi. AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan ommaviy majburiy sterlizatsiya jarayonini oshkora qoralashi va bu qonun bekor qilishia erishilguniga qadar jazo choralarini qo‘llashi shart”, deyiladi Force change internet tarmog‘ida e‘lon qilingan petitsiyaga chaqiriq maktubida.

Ayni paytda tarmoq faollari internet foydalanuvchilarini petitsiyaga jalb qilar ekan, bu bilan AQSh Davlat kotibining ayni masalaga e‘tiborini tortishga hissa qo‘shishga chaqirmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi 3 yildan buyon ayollarni ommaviy ravishda sitrelizatsiyadan o‘tkazish jarayoni kuzatilmoqda.

Bu borada Ozodlik va boshqa qator mustaqil hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari davomli chiqishlar qilib kelmoqda.

Ayollar ularning deyarli majburiy, ba‘zi hollarda esa ixtiyoriy-majburiy ravishda sterilizatsiya qilinayotganidan nolib, Ozodlikka ham ko‘p bor murojaat qilgan.

Ozodlik muxbirlari esa bunday murojaatlar ortidan ayni jarayonni tan olgan va mamlakat hukumati ko‘rsatmasi ostida ayollarni sterilizatsiya amaliyotidan o‘tkazayotgan shifokorlar bilan ham ko‘p bora suhbatlashgan.

Rasmiylar bilan suhbatlar chog‘ida bu jarayon IJK – Ixtiyoriy Jarrohlik Kontratseptsiyasi, deb nomlangan edi. Ya‘ni, jarayonga mutsaddi bo‘lgan sog‘liqni saqlash tashkilotlari ayollar ularning roziligi bilan sterilizatsiya qilinayotganini ta‘kidlab keladi.

Biroq Ozodlikka so‘zlagan ko‘plab shifokor bu jarayonning ixtiyoriy-majburiy ekanini tan olgan edi.

Rasmiy Toshkent bu borada bir necha bor raddiya e‘lon qilgan.

Ulardan so‘nggisida “O‘zbekistonda kontratseptsiyadan foydalanish va ayniqsa, jarrohlik sterilizatsiyasi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan matbuotda paydo bo‘layotgan noto‘g‘ri ma‘lumotlar o‘z isbotini topayotgani yo‘q”, deyilgan edi.

Ammo, rasmiy bayonotning ziddidan so‘zlangan murojaatlar Ozodlikka hanuz kelib turibdi.

Ulardan so‘nggisida IJK amaliyotidan deyarli majburiy ravishda o‘tkazilganini aytgan 27 yoshli kelinchak Gulnora (xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi o‘zgartirildi-tahr.) majburiy sterilizatsiya jarayonining hamon davom etayotganini aytgan edi.

Hozirga qadar O‘zbekiston bo‘ylab¸ prezidentning reproduktiv salomatlikni asrashga oid farmoni asosida amalga oshirib kelinayotgan IJK amaliyoti jarayonida qancha ayolning majburan bichilganiga oid aniq raqamlar yo‘q.

Ayni paytda¸ o‘zi va oilasiga davlat idoralari bosimidan qo‘rqqan ayollarning aksari o‘zining majburan bichilgani yuzasidan huquq idoralari¸ xususan sudlarga murojaat qilishdan cho‘chimoqdalar.

Buning oqibatida O‘zbekiston hukumatining mamlakat bo‘ylab¸ xususan qishloq joylarda tug‘ilishni kamaytirish maqsadida ikki va undan ko‘p farzand ko‘rgan ayollarni yalpi sterilizatsiya qilayotganiga oid da‘volarni konkret faktlar asosida tasdiqlash qiyinligicha qolmoqda.
XS
SM
MD
LG