Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:56

Yo‘llar nega ta‘mirlanmayapti?


Qishdan chiqqan poytaxt ko‘chalarida bunday manzarani ko‘p uchratish mumkin.
Qishdan chiqqan poytaxt ko‘chalarida bunday manzarani ko‘p uchratish mumkin.

Toshkent shahri yo‘llari qishki mavsumdan keyin abgor ahvolga kelib, yo‘llarning o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketganidan odamlar noroziligi oshib borayotgani aytilmoqda.

Odamlar o‘z avtomobillari va shahar aholisiga xizmat ko‘rsatayotgan davlatga qarashli yangi “Mersedes” avtobuslar ham g‘adir-budir yo‘llarda yaroqsiz holga kelayotganini aytmoqda.

Avval O‘zbekistonda har bir avtomobil egasidan yillik yo‘l solig‘i undirilar va bu mablag‘ yangi yo‘llar qurish va eski yo‘llarni ta‘mirlashga sarflanar edi.

O‘R Vazirlar mahkamasi 2011 yilgi qarorida 2012 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslarning transport vositalarida benzin, dizel yonilg‘isi hamda siqilgan va suyultirilgan gazdan foydalanganlik uchun soliq stavkasi belgilandi.

Qarorga muvofiq hozirda har bir litr benzin narxiga 200 so‘mdan “jismoniy shaxslarga yonilg‘idan foydalanganlik solig‘i” kiritilgan.

Yo‘l solig‘i benzin narxiga kiritilgani hisobga olinsa, yo‘llarni ta‘mirlash uchun mutasaddi tashkilotlarda byudjet kamomadi bo‘lishi ehtimoldan yiroq.

Biroq yo‘llar ta‘mirtalab holda qolmoqda.

Hafta savoli ruknining bugungi sonida “Yo‘llar nega ta‘mirlanmayapti?” degan savolga javob qidirdik.

Dilmurod, Toshkentdagi “avtozapravka” xodimi:


- Toshkentda yo‘llarning ba‘zi joylari yaxshi. Ko‘p joylari yaxshi emas. Chuqurlar ko‘p. Yog‘ingarchilik bo‘lganidan keyin yo‘llarda chuqurlar ko‘paygan. Sozlanmay qolib ketyapti ko‘pchiligi. Sozlangani ham “xo‘ja ko‘rsin”ga qilib ketilgan. Ikki hafta o‘tganidan keyin yana o‘sha ahvol bo‘ladi. Menimcha, yo‘llarni ta‘mirlashi kerak bo‘lgan idoralar ishni risoladagidek qilmayapti.

Rasuljon, farg‘onalik tadbirkor:


- Farg‘onada yo‘llarga yaxshi qarashadi. Mas‘uliyat sezishadimi, bilmadim. Chunki yo‘llarga hamisha yaxshi qarashgan, Farg‘onada yo‘llar ravon. Toshkentliklar ham maqtashadi, vodiyning yo‘llari zo‘r, deb. Toshkentda chuqurlar ko‘payib ketdi. Bu yil qor ko‘p yog‘di. Yo‘llar o‘yilib ketdi. Ta‘mirlashda chuqurlarga chiqindi asfalьt tashlab yamab ketyaptida. Bu bir-ikki kunga yetadi xolos. Mashina yurganidan keyin toshlarni chertib-chertib hammasini chiqarib yuboradi. Ko‘p joyni yamayapti. Yamagan bilan uzoqqa bormaydi. Yo‘llar ta‘mirlanmasligini sababi yo‘llar boshqarmasi rasmiylarining loqaydligida, menimcha.

Abduhakim, samarqandlik shifokor.


- Birinchi o‘rinda, yo‘l ta‘mirlanmayotgani uchun yuqoridagi mutasaddi tashkilotlar aybdor bo‘lsa, 90 foiz aholi aybdor. Aholi yuqoriga murojaat qilib talab qilmaydi. Davlatni birinchi rahbaridan ko‘rishadi. Lekin quyidagi rahbarlar ham bunga aybdor-da. Karimov periferiyaga qarab muammoni ko‘ra olmaydi-ku. Yo‘lga ajratilgan mablag‘larni kimlardir o‘zlashtirib ketyaptimi? Mahalliy ommaviy axborot vositalari faqat yaxshi tomonni ko‘rsatib yomon tomonini yashirib yuribtida.

Rahimjon Muhammadjonov, Qo‘qon shahar Mahalla jamg‘armasi raisi:


- Bizda yo‘llar juda zo‘r. Ikki-uch yildan beri remont qilinib, yangittan asfalьtlar yotqizilgan aka. Lekin bizzi Qo‘qon shahriga Toshkentdan kelgan, xorijdan kelgan mehmonlar ham xayron. Qo‘qonning markaziy ko‘chalari tekisligi, atrofda obodonlashtirish ishlarining olib borilganligini ko‘rib tanimay ham qolyapti. Sababi, prezidentimiz tashriflaridan keyin ikki yildan beri obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. 2011 yil noyabrida ham kelib ko‘rib ketdilar. Prezidentimiz ko‘rganlaridan keyin Qo‘qon shahrining aholisiga rahmat aytib, ikki yil ichida shuncha ishlar qilib obod qilibsiz deb minnatdorlik bildirib ketdilar. Undan oldin kamchiliklar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin hozir Qo‘qon qaytadan qurildiku.

Bahrom, qarshilik ishchi:


- Rasvo bo‘lib o‘pirilib yotibdi hamma joylar. Buni endi katta hokimiyatlar bilsa kerak. Bizlarning Qarshida katta qurilishlar bo‘layapti. O‘shalar bitgandan keyin yo‘llarni ta‘mirlaymiz deyaptimi. Hozir Qarshida 4-5 etajli imoratlar qurilayaptida. O‘shalarga katta-katta texnikalar kirayapti. Texnika kirgandan keyin yo‘llar buziladi. Keyinchalik remont qilamiz deb balki remontni keyinga cho‘zayotgan bo‘lishi ham mumkin. Hozir yangi hokim zo‘r olib borayapti ishlarni. Oldingisi o‘zining kissasiga ishlayverar edi. Oshna-og‘aynichilik bilan qilar edi. Hozir kelgan hokim normalniy ishlayapti. Qarshida qurilishlar bo‘layapti. 30-40 tonnalik mashinalar yuribdi shaharning ichida. O‘shanga yo‘l remontini keyinga cho‘zayotgan bo‘lishi mumkin.

Baxodir, buxorolik o‘qitvchi:


- Bu yil avtomobil yo‘llarini ahvoli yaxshi emas. Yaqinda Vazirlar mahkamasi shahar va qishloq joylarida avtomobil yo‘llarini yaxshilash to‘g‘risida qarori qabul qildi. Buxoroda endi avtomobil yo‘llari tuzatilyapti. Shunga qaramay, aksar yo‘llar ta‘mirtalab.

A‘zam, jizzaxlik usta:


- Jizzaxda ko‘chalarning yomon joyi ham bor, yaxshi joyi ham bor. Yaxshi joyi kamda. Yo‘lni remont qilishni endi qaytadan boshlashdiku. Kecha to‘rtta-beshta yuk tashiydigan mashina ko‘rdim. Shibyonka tashib shaharni o‘rtasidagi ko‘chalarni yamayaptida. Melkiy-melkiy joylarga shibyonka to‘kib, shunaqa qilyapti. Daraxtlarni kesdi. Yo‘llarni kengaytiryapti. Moshina ko‘payib ketdiku. Shunga qurilishlar bo‘lyapti.


Muhtaram tinglovchi, Siz ham "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzuda ma‘lumot bermoqchi bo‘lsangiz "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikr-muloxazalaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG