Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:13

O‘zbekning to‘ylardan boshqa muammolari ko‘p


O‘zbekiston xalq rassomi G‘ofur Qodirovning "To‘y" nomli asari.
O‘zbekiston xalq rassomi G‘ofur Qodirovning "To‘y" nomli asari.

“To‘ylar haqidagi “muammo” o‘zbek xalqining asosiy muammosiga aylantirilayotganiga mutlaqo xayronman”, dedi taniqli o‘zbek jurnalisti Sharof Ubaydullayev Ozodlik bilan suhbat chog‘ida. Uning aytishicha, millatning to‘ydan boshqa ham bosh qotiradigan muammolari to‘lib yotibdi. O‘zA axborot agentligi saytida 19 aprel kuni “To‘y – farovonlik belgisi, ammo...” sarlavhasi ostida kattagina maqola e‘lon qilinganidan so‘ng O‘zbekistondagi boshqa nashrlar ham mavzu muhokamasini boshlab yubordi. Mazkur masalaga tajribali jurnalistning munosabati qanday ekanligiga qiziqdik.

O‘zbekiston hukumatining “ovozi” bo‘lgan O‘zAda e‘lon qilingan maqola “...milliy ma‘naviyatimizga, hayotimizga ta‘sir ko‘rsatadigan to‘y, ma‘raka va marosimlarni o‘tkazishning qonuniy asoslarini yaratishning vaqti yetmadimikan?!” degan fikr bilan tugaganidan kelib chiqsak, hukumat bu sohada muayyan me‘yoriy hujjat tayyorlayotganini taxmin qilish qiyin emas.

Biroq tajribali jurnalist Sharof Ubaydullayev bunday choralar o‘tmishda bot-bot qo‘llanilganini esladi.

- Agar 40 yillik umrimiz matbuot bilan bog‘lanib o‘tgan bo‘lsa, 60-yillarda ham shu mavzu chaynalaverib, chaynalaverib, bir gazetada hukumatga ma‘qul to‘rtta odam chiqardida, uning ikkitasi oqsoqol bo‘lardi, ikkitasi qahramon bo‘lardi, to‘ylarni chaynagani chaynagan edi. Keyin hukumat dirijyorlik qilib turib oxirida bitta qaror, bitta yakun chiqarib qo‘yar edi, deydi Sharof aka.

Uning aytishicha, to‘ylar haqida gapirish faqat o‘zbek “o‘ynaydigan” o‘ziga xos “sport” bo‘lib qolgan.

- Butun dunyoda to‘y bor. Birorta mamlakatda men to‘yni umumxalq jamiyat muammosi qilib ko‘targanini hech ko‘rganim yo‘q. 40-50 yildan beri dunyo matbuotini ham ko‘ramiz, hozir internetni ham ko‘ramiz, Rossiya gazetalarini ko‘ramiz, mana Turkiya gazetalarini juda hurmat qilaman, birortasi to‘yni umumxalq muammosiga aylantirmaydi, deydi Sharof Ubaydullayev.

To‘ydan boshqa muammomiz yo‘qmi, deb xayron bo‘ladi Sharof Ubaydullayev.

- To‘y masalasiga butun bir gazetalarning shaykasi qo‘shilib ketganiga men hayronman. Dirijyorlar o‘ylamasmikan, bizning to‘ydan boshqa muammolarimiz juda bisyorku. Hozir to‘yga odamlar, ochiq gap, osh bo‘ladigan joylarga uncha-muncha oshni sog‘ingan odamlar oqib kelayotganligini ham ko‘rsa bo‘ladi. Ishni sog‘ingan odamlar kelayotganligini ko‘rsa bo‘ladi. Oshdan keyin qayoqqa ketishini, qaysi ishxonaga borishini bilmay boshi gangib ilgarigi zavod-fabrikalarni qo‘msayotganlarni ko‘rish mumkin, deydi Sharof Ubaydullayev.

O‘zAdan gula ko‘targan ba‘zi nashrlar to‘y-ma‘rakalarga taklif qilinadigan mehmonlar sonini cheklashni ham taklif qilmoqda.

Ayni paytda, deydi Sharof Ubaydullayev, hukumatning ruxsati bilan qurilgan to‘yxonalar haybatidan ot hurkadi.

- Masalan hozir shu kecha-kunduzda Toshkentning qoq markazida, mening uyimning biqinida 1000 o‘rinlik to‘yxona qurildi. Shunaqangi hashamat bilan qurildi, “Har bir o‘rin 100 ming so‘m. 200ta o‘ringa buyurtma bo‘lmasa, to‘y qabul qilinmaydi” deb yozib qo‘yibdi. Ana endi hisoblab olavering. 20 million bo‘ladimi, necha million bo‘ladi, bir to‘y o‘tkazish uchun bir kechalik to‘yxona. Tasavvur qiling bu to‘ylarni oddiy odam o‘tkaza oladimi, deydi Sharof Ubaydullayev.

“Oddiy odam to‘y o‘tkaza olmaydigan to‘yxonalarning o‘zi ham oddiy odamlarniki emas”, deb davom etadi Sharof aka.

- Bu to‘yxonalarning ayrimlari Kreml saroyi bilan, O‘zbekiston anjumanlar saroyi bilan, Navoiy teatri bilan bahslashadi desam hech qanaqa lof emas. Lekin bu to‘yxonalar kimniki ekanligini deyarli hech kim bilmaydi. Lekin bu to‘yxonalar oddiy odamniki emas, xalqniki emas. Bu to‘yxonalar juda ham murakkab shaxslarniki. Shunday koshonalarni qurib, shunday to‘yxonalarning oldiga turib olib “To‘y bunaqa bo‘lishi kerak, to‘y unaqa bo‘lishi kerak. Nimaga bizning to‘ylarimiz unaqa, bunaqa” deyavermasdan yaxshi to‘ylarni ko‘rsatib, madaniyatimizning yaxshi tomonlarini targ‘ib qilib, yaxshi to‘y qanaqa bo‘lishini tushuntirib o‘tganimiz, shunga diqqat e‘tiborimizni qaratganimiz yaxshi emasmidi, deydi Sharof Ubaydullayev.

“To‘ylar haqida o‘ylar”ning birinchi to‘lqini bundan 14 yil oldin – O‘zbekiston prezidenti 1998 yil, 28 oktyabrda to‘ylarga oid farmon imzolaganidan keyin ko‘tarilgan edi.

Farmondan so‘ng bu mavzu matbuotda bir-ikki hafta “chaynalgan” va unutilgandi.

- Menimcha, bugungi gaplar ham hammasi quruq gap. Dirijyor juda ham soxta. Menimcha, faqat quruq cho‘pni urib barabanni chalib kelayapmiz. To‘ydan boshqa juda muammolarimiz ko‘p. Jiddiy muammolar bor. Mana shu muammolarga jamiyatining e‘tiborini qaratsak, shular ustida ko‘proq qayg‘ursak. Hozir to‘y o‘tkaza olmay yurganlar ham son sanoqsiz. Haligi uy-joy qura olmay yurganga o‘xshagan. Xuddi o‘shanday to‘yga yeta olmay, farzandlarini uylantira olmay yurgan odamlar ham son sanoqsiz, dedi butun umrini O‘zbekiston matbuotiga bag‘ishlagan taniqli jurnalist Sharof Ubaydullayev.
XS
SM
MD
LG