Линклар

Ayni kunlarda Toshkent - Moskva parvozini amalga oshiruvchi barcha aviashirkatlar chiptalar narxini qariyb ikki baravarga ko‘tardi. Hozirgi kunda Toshkentdan Moskvaga kelishning eng arzon narxi 1 220 000 so‘mni tashkil qilmoqda.

Hozircha Toshkent - Moskva yo‘nalishida uchadigan aviashirkatlardan birortasi nima uchun bu yo‘nalish chiptalarining qariyb ikki baravarga qimmatlaganiga oid rasmiy izoh e‘lon qilgani yo‘q.

Bu yo‘nalishda eng ko‘p parvozni amalga oshiruvchi O‘zbekiston havo yo‘llari va Aeroflot shirkatlari Ozodlik savoliga bu haqda yozma tarzda rasman murojaat qilish va lozim topilsa¸ so‘ngra izoh berilishini aytib javob qaytarishdi.

30 aprel kuni Ozodlik muxbiri bog‘langan Toshkentdagi aviachipta sotish bilan shug‘ullanuvchi shirkatlar narxlarning bir hafta oldin hech bir izohsiz oshirilganini bildirdilar.

Chipta sotuvchilarga ko‘ra¸ narx ko‘tarilganiga qaramay hozirda Toshkent - Moskva yo‘nalishida 20 maydan oldinga bilet qolmagan:

- Eng yaqin muddatga bilet 20 mayga bor. Narxi 1 million 226 ming so‘m. Bu O‘zbekiston havo yo‘llari shirkatining faqat bir tomon – Moskvaga sotayotgan bileti narxi. Bir hafta bo‘ldi¸ hamma aviashirkatlar narxni birdaniga ko‘tarib yubordi. Hatto bizga ham hech qanday izoh berilmadi¸ deydi Toshkent - Moskva yo‘nalishida aviachipta sotish bilan shug‘ullanuvchi shirkat xodimasi.

- Toshkent - Moskva oyning oxiriga qadar bilet umuman yo‘q. Narx judayam ko‘tarildi va hozir siga may oxiriga 1 260 000 so‘mga taklif qilishim mumkin¸ deydi O‘zbekiston havo yo‘llari shirkati kassasi xodimasi.

Bundan ikki hafta ilgari Toshkentdan Moskvaga kelgan andijonlik muhojir yigitning Ozodlikka bildirishicha¸ bilet narxi qariyb ikki baravarga oshgan:

- 16 aprel kuni Toshkentdan keldim O‘zbekiston havo yo‘llari. Biletni o‘zimizning Andijondan 768 mingga olganman, deydi Toshkent - Moskva aviachiptalar narxining oshish arafasidagi narxiga oydinlik kiritigan Moskvadagi muhojir.

Ayni kunlarda Moskva - Toshkent yo‘nalishidagi aviachiptalar narxi ham oshgan bu yo‘nalishdagi eng arzon bilet narxi 13 000 rublni tashkil etmoqda. Ammo Moskvadan uchayotgan uchoqlarda bo‘sh joylarning ko‘pligi bois¸ o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga ko‘ra¸ ayrim shirkatlar arzonlashtirilgan biletlar taklif qilmoqda.

Aprel oyi oxiridan Toshkent - Moskva yo‘nalishidagi uchqichlar biletining qariyb ikki baravarga oshishini izohlayotgan ayrim kuzatuvchilar buni o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari katta oqimining mavsumiy ish izlab yana Rossiyaga kelayotgani bilan bog‘lashmoqda.

- O‘zbekistondan kelishadi mart, aprel, may oylarida. Qurilishga o‘xshagan tashqaridagi ishlarda asosan. Mart, aprel, maydan boshlanadi. O‘zbekistondan keladi. Hozir O‘zbekistonga ketish juda unchalik emas. Asosan ketadiganlar otpuskaga, ishi bilan, shaxsiy nimalari bilan borib kelishadi. U tomondan bu yoqa kelish nihoyatda oshib ketibdi. Bitta tomon bileti Toshkentdan bu yoqqa 1 million 300 ming deyishayapti¸ deydi 10 yildan beri Moskvada ishlayotgan o‘zbekistonlik mutaxassis.

O‘zi ham yilning yarmini O‘zbekiston¸ yarmini Rossiyada o‘tkazadigan o‘zbekistonlik muhojir aviachiptalar narxining bunchalik keskin ko‘tarilishi talabning aynan bahorda oshishi bilan izohlanishiga qo‘shiladi:

- Bu paytda O‘zbekistondan Rossiyaga ishlagani keluvchilarning soni juda ham ko‘payib ketadi. Shuning evaziga shunaqa bo‘ladi. Kuzga borganda¸ aksincha¸ bu yoqdan u yoqqa shunaqa bo‘ladi, narx ko‘tariladi. Asosan martning oxiri maygacha bo‘ladi. U yoqqa ketish 15-oktyabrdan keyin dekabrning boshigacha bo‘laveradi, deydi o‘z ham yaqinda qishki ta‘tildan Moskvaga qaytgan muhojir.

2009 yildan beri o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari son jihatdan Rossiyadagi xorijiylar orasida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda va norasmiy manbalarga ko‘ra¸ Rossiyada kamida 5 million o‘zbekistonlik muhojir bor.
XS
SM
MD
LG