Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:00

Paxtaga chiqmagani uchun haydalgan talabalar o‘qishga tiklandi


O‘zbekiston viloyatlaridagi o‘rta va oliy o‘quv yurtlari talabalari paxta mavsumida "beminnat" xasharchilarga aylanadi.
O‘zbekiston viloyatlaridagi o‘rta va oliy o‘quv yurtlari talabalari paxta mavsumida "beminnat" xasharchilarga aylanadi.

Andijon Davlat tibbiyot institutining paxtaga chiqmagani uchun 2011 yilda haydalgan 12 nafar talabasi bir yil o‘tib o‘qishga qayta tiklangan, bunga sabab bo‘lgan mansabdorlarga hayfsan berilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining “Huquq” gazetasida berilgan xabarda 2011 yil 7 oktyabrda institut rektori buyrug‘i bilan talabalar safidan chetlatilgan A.Isakov, D.Mirzayev, A.Hakimov, A.Hoshimov, G‘.Haydarov, I.Ledyayeva, D.Barotov, Z.Sultonov, L.Isayev, U.Qo‘chqorov, J.Kamolov va B.Isomiddinovlar o‘qishga tiklangani ma‘lum qilindi.

Xabarda aytilishicha, Andijon Davlat tibbiyot institutida me‘yoriy hujjatlar ijrosi o‘rganilganda qator qonunbuzarliklar, jumladan, talabalarni asossiz ravishda o‘qishdan chetlatish holati aniqlangan.

Prokuratura bu holatni “fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqlari buzilishi” deya baholagan.

Andijon davlat tibbiyot institutining ismi sir qolishini istagan o‘qituvchisi, 12 talaba haqiqatan haydalib, o‘qishga tiklanganini tasdiqladi. Lekin, deydi tibbiyot instituti o‘qituvchisi, “bu talabalar paxtaga chiqmagani uchun emas, boshqa sabablarga ko‘ra, kontrakt pulini to‘lamagani va shunga o‘xshash sabablarga ko‘ra o‘qishdan chetlatilgan”.

Voqeadan xabardor manbaning ma‘lum qilishicha, Andijon Davlat tibbiyot instituti rektori 12 nafar talabani Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirining “Talabalar kuzgi dala amaliyotini tashkil etish to‘g‘risida”gi 324-sonli buyrug‘i asosida o‘qishdan haydagan. Ozodlik manbasiga ko‘ra, vazirning mazkur buyrug‘i 2010 yil 25 martda o‘z kuchini yo‘qotgan.

Prokuratura xabariga ko‘ra, 2012 yil 21 martda nomlari keltirilgan bu talabalar o‘qishga qayta tiklangan, institutning ma‘naviy-ma‘rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Madaminjon Madazimov, davolash fakulteti dekani Xusanboy Musashayxov va pediatriya fakulteti dekani Abduraim Arziqulovga hayfsan e‘lon qilingan.

Ozodlik muxbiri hayfsan olgani aytilayotgan prorektor bilan bog‘landi, lekin professor Madazimov qaysi mavzu xususida gaplashmoqchi ekanimizni eshitgach, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

"Huquq" gazetasi e‘lon qilgan xabarda talabalarni bir yil sarson qilgan buyruqqa imzo chekkan rektorga qanday chora ko‘rilgani ochiqlanmagan.

Biz bilan gaplashgan institut o‘qituvchisi rahbarlarga nisbatan jazo chorasi ko‘rilganidan bexabarligi, lekin o‘qishdan qolgan “talabalar fanlarni o‘zlashtirib olishi uchun ularga qo‘shimcha mashg‘ulotlar tayinlandi” deya ma‘lum qildi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu tarzda Konstitutsiyaviy huquqlarning buzilishi – paxta terimida qatnashmagan talabalarning o‘qishdan haydalishi hollari boshqa viloyatlarda ham mavjud.

2009 yilga qadar terimdan bo‘yin tovlagan talabalar “ichki intizomni buzish” qabilidagi vajlar bilan o‘qishdan chetlatilgan.

O‘z ismini bildirishni istamagan toshkentlik professorga ko‘ra, Oliy ta‘lim vazirining 2009 yil 19 sentyabrdagi 324-sonli buyrug‘i bilan paxta terimi talabalar uchun majburiy malakaviy amaliëtga tenglashtirilgan. Bu bilan, paxtadan bosh tortgan talabalarni o‘qishdan haydash qonuniylashtirilgan.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan professor bekor qilingani aytilayotgan mazkur buyruq keyinchalik ham talabalarni haydash uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi ehtimolidan xavotir bildirdi.

Andijon davlat tibbiyot instituti talabalaridan biri Ozodlik muxbri bilan mkirofonsiz suhbatda talabalar uchun paxta terimiga chiqmaslikning “jiddiy oqibatlari bor”ligini gapirib berdi. Bunda tashqari, dedi u, talabalarga o‘quv yurti ma‘muriyati tomonidan amalga joriy qiliingan “yozilmagan qonunlar haqida matbuotga gapirmaslik to‘g‘risida aniq tavsiyalar bor”.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan Andijon tibbiyot instituti o‘qituvchisi paxtaga chiqmagan talabalarga nisbatan odatda jazo choralari qo‘llanilishini tasdiqladi.

“Hech bir sababsiz paxtaga chiqmagan talabalar, o‘qishdan haydalmaydiyu uylaridan majburlab olib kelinadi. Endi biz oddiy o‘qiutvchimiz, bizga paxtaga chiq desa, chiqishga majburmiz”, deydi o‘qituvchi.

O‘zbekistonda o‘quv yili boshlanishi bilan oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari talabalarini paxta terimiga safarbar qilish an‘anaga aylangan.

Arzongarov mehnat kuchi deb ko‘riladigan talabalar o‘qish bir chetda qolib, kamida ikki oy mobaynida paxta dalalariga dalaga safarbar qilinadi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terim kampaniyasi yanada kuchaygani kuzatildi. 2011 yilgi mavsumda, odatda, majburiy kampaniyadan chetda qoladigan Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlari talabalari ham ommaviy ravishda terimga olib chiqildi.

O‘zbekiston paxta yig‘imida nafaqat talabalar, balki 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar mehnatidan foydalangani bois xalqaro tashkilotlar tanqidlariga duch keladi.

Hyuman Rayts Uotch, Tabiat va adolat jamg‘armasi, Qullikka qarshi xalqaro guruh va boshqa huquq tashkilotlari hisob kitobiga ko‘ra, har yili O‘zbekiston paxta dalalarida ikki milliongacha bola ter to‘kadi.

O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta bolalarning majburiy mehnati hosilasi ekanligini aytgan 60 dan ortiq G‘arb shirkati, jumladan, Adidas, Burberry, Levi, H&M, va Puma kabi taniqli brendlar o‘zbek paxtasidan foydalanishdan voz kechgan.
XS
SM
MD
LG