Линклар

Usama bin Ladinni abbotobodliklar hamon yodga olmoqda


Usama bin Ladin yashagan uy vayronalari orasida buzuq quvurdan oqib turgan "muqaddas" suv.

Usama bin Ladin yashagan uy vayronalari orasida buzuq quvurdan oqib turgan "muqaddas" suv.

Pokiston shimolidagi Abbotobod shaharchasi, 2011 yilning 2 may kuni AQSh maxsus kuchlari Usama bin Ladinni yo‘q qilish operatsiyasini amalga oshirganda, jahon matbuoti diqqat markazida qoldi.

Oradan bir yil o‘tib, Al-Qoida sobiq yetakchisi bu shaharchadagi uyda yashaganini eslatuvchi unsurlar hukumat tomonidan yo‘q qilinganiga qaramasdan, u hamon shahar ahli og‘zidagi asosiy mavzu bo‘lib qolmoqda.



Abbotobod shahridagi Usama bin Ladin yashagan uydan vayrona qolgan xolos. Bin Ladin uch xotini va bolalari bilan yashagani aytilgan uy shu yilning 25 fevralida Pokiston xavfsizlik kuchlari tomonidan yer bilan yakson qilindi.

Bu yerda bir paytlar Al-Qoida yetakchisi yashaganini esaltuvchi unsurlar yo‘q qilib tashlanganiga qaramasdan, oradan bir yil o‘tib ham, terrorchi nomer 1 nomi bilan tanilgan kishini xotirlayotgan ziyoratchilar ko‘paygan.

G‘ulom Nabi ismli bu yosh yigit cho‘kkalab o‘tirib, uy qoldiqlari orasida quvurdan jildirab oqayotgan suvni kaftiga olib ichmoqda.

Nabining aytishicha, u bin Ladin yashiringan ikki qavatli, tikanli simlar bilan o‘ralgan, hozir buzib yo‘q qilingan xovlidan sal nariroqda yashaydi.

Abbotobodga 8 oy avval ko‘chib kelgan 20 yashar bu bir yigit bin Ladin yashagan uy vayronasi ostida teshik quvurdan oqib chiqayotgan suvni ko‘pchilik “muqaddas” deb bilgani bois bu yerga kelayotgan ziyoratchilar keti uzilmayotir deydi.

“Ko‘pchilik bu yerga har kuni keladi, hatto Lahor va Karachidan ham kelayotgan bor. Ularni avval ko‘rmaganman, lekin uyimning tomidan bu yerga kelayotgan ziyoratchilarni kuzatib turaman, ba‘zan. Bu odamlarning ko‘pchiligi suvni muqaddas, deb biladi. Lekin bu noto‘g‘ri, shunchaki buzuq quvurdan oqib turgan suvdan boshqa narsa emas. Uy turgan yerga kelganlar uchun ko‘radigan narsaning o‘zi yo‘q, shuning uchun ular suvdan ichib, bu yerda o‘sayotgan giyohlarni yeb ktishadi”, deydi Nabi.

Nabi o‘tirgan joydan sal nariroqda uch-to‘rtta bola kriket o‘ynashmoqda. Juldur kiyimli bu bolalar 1-raqamli terrorchi yashagan xovli vayronalarining chetrog‘ini o‘ynash uchun maydoncha qilib olishgan.

Ulardan biri buzilgan uy o‘rnida o‘yingoh qurilsa yaxshi bo‘lardi, deydi.

“Biz Usamaning xovlisida kriket o‘ynayapmiz. Bu joy Usama kriket stadioni, deb atalishi kerak. Bu biz kriket o‘ynay oladigan yagona joydir. Bu mahallada xo‘jaliklar juda ko‘p, shuning uchun bu yerda o‘yingoh yaratilsa, yaxshi bo‘lardi”, deydi ismini aytishni istamagan bu bolakay.

Bolalar bin Ladin xovlisida xordiq chiqarayotgan bo‘lsa, bu yerga “hazina” qidirib kelayotganlar ham bor. Ular Al-Qoida yetakchisi yashagan xovli vayronalaridan temir-tersak, beton bo‘laklarini olib, bozorda sotishadi.

Bin Ladin yashagan xovli fevral oyida yer bilan yakson qilingach, abbotobodliklar hayot yana eski o‘zaniga tushib ketishiga umid qilib, yengil tortishdi.

Chunki bundan roppa-rosa bir yil avval AQSh kuchlari o‘tkazgan maxsus reyddan keyin shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilganidan ko‘pchilikning xafsalasi pir bo‘lib turgan edi.

Pokiston harbiylari uchun esa, bo‘sh qolgan uy AQSh maxfiy xizmatlari Pokistonni ogohlantirmasdan bir tomonlama ravishda, mamlakatdagi eng nufuzli harbiy akademiyalardan birining burni ostida o‘tkazgan operatsiyani eslatib turgan edi.

Abbotbodliklarning ko‘pchiligi bugun bin Ladin haqida gapirishni xush ko‘rmaydi. Gapirganlari esa, Al-Qoida yetakchisi umuman Abbotobodda yashaganini savol ostiga qo‘yadi.

Shahar mahallalaridan biridagi sartaroshxonada bir necha kishi bin Ladin o‘limi ortidagi fitnadan bahs qilishmoqda.

So‘rida choy simirib o‘tirgan kattaroq yoshdagi kishi bin Ladinni qaharamon, deb bilishini aytadi. Lekin, deya qo‘shimcha qiladi u, bin Ladin bir necha yil avval o‘ldirilgan va hech qachon Abbotobodda yashamagan.

“Usama uch-to‘rt yil avval o‘ldirilgan. Abbotobodliklar uning bu yerda yashaganiga ishonmaydi”, deydi u.

O‘z so‘zlariga asos o‘laroq, AQSh kuchlari bin Ladinni o‘ldirganlariga oid dalillarni keltira olmaganini aytadi u.

Nega bin Ladinning jasadi rasmga olinmasdan, dengizga tashlab yuborildi, deya savol qo‘yadi bu odam. Faqatgina uning o‘ldirilganini tasdiqlovchi ashyoviy dalillargina abbotobodlikalar fikrini o‘zgartira oladi xolos, deydi u.
XS
SM
MD
LG