Линклар

logo-print

Haq-huquqlaringizga qanchalik rioya qilinmoqda?


O‘zbekistonlik shifokoru o‘qiutvchilar dam olish kunlari obodonlashtirish, deya ataladigan tadbirlarga ham chiqishga majbur.

O‘zbekistonlik shifokoru o‘qiutvchilar dam olish kunlari obodonlashtirish, deya ataladigan tadbirlarga ham chiqishga majbur.

Ana shu savol bilan Ozodlik muxbiri O‘zbekistonda davlat g‘aznasidan maosh olib ishlayotgan ishchi va xizmatchilarga mikrofon tutdi.

Kecha dunyoning 80 dan ortiq davlatida 1 may – xalqaro mehnatkashlar kuni nishonladi.

Sobiq sovet davrida bu kunni katta bayram sifatida nishonlagan O‘zbekistonda hozir bu bayramni katta avlod vakillarigina xotirlaydi.

Ozodlik muxbiri bu yil shu sana munosabati bilan davlat yoki jamoat tashkilotlarida ishlayotgan oddiy ishchi-xizmatchilardan ayrimlariga mikrofon tutib, oddiy bir savolni berdi: “Sizning haq-huquqlaringizga qanchalik rioya qilinayapti?”

Har ishda hozir o‘qituvchi


Shu kunlarda davlat va jamoat tashkilotlarida ishlayotgan oddiy ishchi xizmatchilar orasida o‘z haq-huquqlariga to‘liq rioya etilmayotganidan shikoyat qilayotgan soha vakillari o‘qituvchilar bo‘lmoqda.

Sirdaryo viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi umumiy o‘rta ta‘lim maktabida 28 yil davomida dars berib kelgan Gulnora Hakimova o‘qituvchiga belgilangan ish soati va oylik maoshidan tashqari yuklangan vazifalarning yildan-yilga oshib borayotganidan so‘zladi.

- Avvallari ertalab soat 8dan dars boshlasak, soat 2 dan uyga ketar edik. Hozir pedyuklama, degan vazifa bor. Darsdan tashqari, qo‘shimcha mashg‘ulot, noqobil o‘quvchilar bilan ishlash, ota-onalar bilan ishlash, o‘z ustida ishlash, degan bir talay ish. H Hoh qiling, hoh qilmang, bu ishlarning ammasiga alohida daftar qilib yozib, ko‘rsatish kerak. Bu ishga mablag‘ to‘lanmaydi,- deydi o‘qituvchi

Bu o‘qituvchiga maktab binosi ichida yuklatilgan vazifalar. Ammo, bugungi kunda o‘qituvchining maktab tashqarisida ham bir talay ishi bor, deya davom etadi suhbatdoshimiz.

- Aholi bilan bog‘liq qanaqa tashkiliy ish bo‘lsa, o‘qituvchining zimmasida. Tozalik, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, hashar, mahalla tadbirlari - bularning hammasiga o‘qituvchilar bupl ishchi kuchidek jalb qilinadi. Bormasangiz, ishdan ayrilishingiz mumkin,- deydi Yangiyo‘l tumanida 28 yil maktabda dars bergan Gulnora Hakimova.

Bundan tashqari, jamoat ishlariga eng ko‘p jalb qilingan o‘qituvchilarning vaqti-vaqti bilan aholidan kommunal to‘lovlarni undirish kampaniyasi, qishloq xo‘jaligi ishlari, xususan, paxta chopig‘i, terimi, bug‘doy o‘rimi mavsumlaridagi beminnat xizmatga jalb etilgani O‘zbekistonda odatga aylangan holdir.

Hamshirayu shifokor paxta terimiga safarbar


Oddiy ishchi-xizmatchilar orasida davlat g‘aznasidan oylik olib ishlayotgan yana bir soha xodimlari esa tibbiyot sohasi xodimlaridir.

O‘qituvchilardan farqli ravishda tibbiyot sohasi vakillari hozircha faqat qishloq xo‘jaligi ishlari, asosan, paxta terimiga jalb qilinmoqda.

2011 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida odatga ko‘ra, hamshiralardan tortib shifokorlarga qadar paxta terimiga majburiy jalb qilindi.

Toshkent shahridagi tug‘ruqxonalardan birida akusher-ginekolog bo‘lib ishlaydigan Feruza Ozodlikka bu haqda so‘zlar ekan, bunday beminnat xizmat va qo‘shimcha yuklamaga norozilik bildirish imkoni tibbiy xizmatchiga umuman berilmaydi.

- Masalan, mening ikkita yosh bolam bor. Paxtaga chiqa olmayman. Shunaqa yosh bolalari bor hamshiralar bora olmaydi paxtaga. Bizga o‘xshaganlar o‘rniga mardikor yollaymizda. Ba‘zilar esa erini, ba‘zilar bolalarini jo‘natadi. Xullas majburiy borish,- deydi Toshkent shahridagi tug‘ruqxona akusher-ginekologi Feruza.

Qashqadaryo viloyatidagi markaziy shifoxonalardan birida terapevt bo‘lib ishlaydigan shifokor Davlat aka paxta yig‘im-terimini hisobga olmasa, tibbiyot xodimlari zimmasiga yuklangan xayriya ishlar hozircha o‘qituvchilarniki kabi bir olam emasligini aytadi.

- Biz har holda o‘qituvchilarga o‘xshab kommunal to‘lovlarni terishga chiqqanimiz yo‘q hali. To‘g‘risini aytish kerakda. Shu soat 3 gacha smenamiz bo‘lsa, hamshira, vrach hammasi ishini qiladi-ketadi. Endi ba‘zi-ba‘zida boshqa otdeleniyelarga qo‘shimcha chaqiriq bo‘lib turadi. Qolgani hammasi joyida. Otpuska, bolnichniy hammasi joyida do‘xtirlarda,- deydi Qashqadaryo viloyatidagi markaziy shifoxonalardan birida terapevt bo‘lib ishlaydigan shifokor Davlat aka.

Dekret puli


Shu kunlarda O‘zbekistonda davlat va jamoat tashkilotlarida ishlab turgan ishchi-xizmatchilar orasida o‘z haq-huquqlari to‘la rioya qilinmayotgani haqida arz qiladigan yana bir toifa esa tug‘ruq yoshidagi ayollardir.

O‘zbekistonda 2008 yildan boshlab, tug‘ruq yoshidagi ayollarga to‘lanadigan dekret pullari davlat majburiyatidan olinib, ayollarga ish beruvchi tashkilotlar zimmasiga o‘tkazilgan.

Bu hol tug‘ruq yoshidagi ayollarning, avvalo, ishga joylashishi, keyinchalik esa dekret pullarini olish va hatto, dekret ta‘tilidan qaytgach ularning ish o‘rinlarining saqlanib qolishida muammolarni keltirib chiqarmoqda.

29 yil davomida kutubxonachi-bibliograf bo‘lib ishlagan Gulchuchuk Tillayeva sobiq sovet davrida ayollarning dekret puli – hech kim daxl qilmaydigan va o‘z vaqtida beriladigan mutloq majburiyat edi, deb xotirlaydi.

Uning kuzatuvlariga ko‘ra, hozir nafaqat o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta‘minlaydigan jamoat tashkilotlari, hatto, davlat byujetidan ta‘minlanadigan sog‘liqni saqlash va ta‘lim muassasalarida ham dekret pulini ololmagan ayollar bor. U bir hamkasbini misol keltirdi.

- Ikki yildan beri shu ishchimiz dekret pulini olgani yo‘q. Bo‘lmasa, biz ishlaydigan kolllej hali davlat byujetidagi tashkilot. Kasalxona va ta‘lim sohasi davlat byujetidaku?! Ammo, ikki yildan beri ololgani yo‘q pulini,- deydi kutubxonachi Gulchuchuk Tillayeva.

Eng beminnat ishchi zavod, konda


O‘zbekistonda, shuningdek, sobiq sovet davrida gurillab ishlagan va turli imtiyozlari, aniq belgilangan ish soati hamda ish haqqi bilan fuqarolarni o‘ziga jalb qilgan turli ishlab chiqarish korxonalari, zavod-fabrikalar, aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalardagi vaziyat esa davlat byujetiga qaram tashkilotlardan ancha farqlidir.

Bunday tashkilotlarda, ba‘zan, ish sharoiti va ishchi xizmatchining haq-huquqlariga rioya etish masalasi qonunchilik diorasida emas, muassasa rahbari va ishchi o‘rtasidagi yozma, aksar hollarda esa og‘zaki kelishuvlarga tayanib yuritiladi.

Ortiqcha ish soatlari, oylik maoshda aks etmaydigan qo‘shimcha vazifalar, dam olish kunlaridagi qo‘shimcha ishlarga ishchilarni jalb qilish – bunday tashkilotlarda eng ko‘p uchraydigan holat ekani aytiladi.

Samarqand viloyatidagi "Zarmitan" oltin konidagi vaziyatdan Ozodlikka xabar bergan va ismi sir qolishi so‘ragan manba bu kon va Navoiy tog‘-kon metallurgiya zavodida ishlayotgan ishchilar deyarli barcha imtiyozlardan mahrum etilgani hamda juda og‘ir sharoitlarda ishlayotganini aytgan edi.

- Imtiyozlar bekor qilingani ham mayli, chidasa bo‘ladi. Lekin, 80-150 metr chuqurlikka konning ichiga tushib ketayotgan toshkesarlarning na xavfsizligi ta‘minlangan, na tayin ish soati bor. 12-14 soatlab yerning ostida ishlaydi ba‘zilari. Boshliqlar planni oshig‘i bilan bajarish kerak, deydi. Ishchilar esa g‘iring, desa shart bo‘shatadi, o‘rniga boshqasini oladi. Ishchining huquqlari mutlaqo yo‘q, desa ham bo‘ladi. Bu tog‘-kon sohasiga birov qaramay qo‘ygan, - degan edi biroz muqaddam Ozodlikka so‘zlagan "Zarmitan" oltin konida injener texnik bo‘lib ishlagan sobiq ishchi.
XS
SM
MD
LG