Линклар

Namanganlik kirakash yozning issig‘ida kiygan oq mato do‘ppisi uchun oddiy uchastka nozirlari tomonidan bosim ostiga olinganini aytmoqda.

40 yoshli namanganlik taksi haydovichisi Abdumutallib Qo‘qonov (xavfsizlik bois qahramonning ismi o‘zgartirilgan- tahr.) Namangan shahri hududidagi aholi punktlaridan birida uchastka nozirlari tomonidan boshidagi oq do‘ppisi uchun to‘xtatilgani aytib, Ozodlikka murojaat qildi.

Abdumutallib akaning so‘zlariga ko‘ra, ko‘cha yuzida borayotgan nozirlar uni "jamoat joyida ibodat libosida yuribsiz", degan sabab bilan to‘xtatgan.

Taksi haydovchisi qaymoqrang matodan tikilgan bosh kiyimni sog‘lig‘ini saqlash uchun kiygani va bundan tashqari, jamoat joyida emas, balki o‘z avtomobilida borayotgan bir paytda to‘xtatilganini aytib, bunga e‘tiroz bildirmoqda.

- Mashinamda borayotsam, ikki militsioner kelib to‘xtatdi. Hujjatlarimni berdim. Keyin qarasam, ular o‘sha qishloqning uchastkovoyi ekan. "Boshingizda oq do‘ppi bor ekan, jamoat joyida diniy libosda yurgan ekansiz", deb pasportimni olib qo‘yishdi. Telefoniga suratga olishdi. "Ishni sudga oshiramiz, jarimaga tortamiz" deyishdi,- deydi taksi haydovchisi.

Taksi haydovchisi bu bosh kiyimni sog‘ligi talab qilgani bois kiyishini aytmoqda.

- Boshimda yara-chaqa bor. Aslida doim kepka kiyib yurardim. Bu safar shu kepkani yuvdirib qo‘ygandim. Qo‘shninikida ta‘ziyaga kiradigan edim, shu do‘ppida borib, shu bo‘yicha yo‘lga chiqib kelavergan edim. Aslida men ertadan kechgacha kirkashlik qilaman, unaqa namoz o‘qishga vaqtim yo‘q meni. Lekin, shukr musulmonman,- deydi Abdumutallib aka.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uning shaxsiga oid hamma ma‘lumotlar va suratini olib qolgan uchastka nozirlari haydovchidan o‘z mahalla qo‘mitasidan hech qanday diniy oqimlarga a‘zo emasligi yoki ro‘yxatda turmasligi haqidagi ma‘lumotnoma olib kelishni so‘ragan.

Abdumutallib Qo‘qonov ishning oxiri nima bilan tugashini bilolmay, shu kunlarda qattiq xavotir ichida yurganini aytmoqda.

Ozodlik tahririyati kelgusida tafsilotlarni yanada aniqlashtirib, Qo‘qonov bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatib borishga harakat qiladi.

Quyida taksi haydovchisi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG