Линклар

O‘zbekistonda qizlar uchun erta nikoh yoshini 17 dan 18 yoshga ko‘tarish tashabbusiga munosabat bildirgan suhbatdoshlar, asosan, shu fikrni bildirmoqda.

Nikoh yoshini ko‘tarish tashabbusi ma‘qullanmoqda



Hozir O‘zbekiston parlamenti hamda respublikadagi ta‘lim muassasalari, jamoat tashkilotlari va mahallarida O‘zbekistonda "O‘zbekiston Respublikasi oila kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasining muhokamasi davom etmoqda.

O‘zbekistonda mavjud qonunchilikka binoan belgilangan ayollar uchun eng erta nikoh yoshini 17 dan 18 ko‘tarish tashabbusi, umuman olganda, deyarli bir ovozdan quvvatlanayotgani kuzatilmoqda.

Hozir o‘zbek qizlarning nikoh yoshi va ularning bu yoshdan ertaroq turmushga berilishi muammosi bilan yuzma-yuz kelayotganlar ta‘lim sohasi xodimlari bo‘lmoqda.

Boisi, 17 yoshda ham, bundan buyon qonun bilan minimal nikoh yoshi qilib belgilanishi kutilayotgan 18 yoshda ham qizlar majburiy ta‘lim muassasalarida o‘qiyotgan bo‘ladi.

Maqsad nikoh va ta‘lim yoshini muvofiqlashtirishda



Toshkentdagi akademik litseylardan birida dars berdigan o‘qituvchi Hilola Mansurova ayni kunlarda akademik-litsey yoki kasb-hunar kollejining ikkinchi, uchinchi kurslarida o‘qiyotgan qizlarning kamida 10 foizi turmush qurgan yoki homilador o‘quvchilar ekanini aytmoqda.

- Akademik litseyning 3-kursida o‘qiyotgan o‘quvchi 18 yosh bo‘ladi. Shu yoshda ba‘zi o‘quvchilarimiz tuqqan bo‘ladi. Bolasini qaynonasiga tashlab, birrovga imtihonga kelib-ketadi. O‘tgan yili shunaqa hollar ham bo‘ldi litseyimizda,- deydi Hilola Mansurova.

O‘qituvchiga ko‘ra, qizlarni 16-17-18 yoshdan turmushga berish hollari ko‘proq Toshkent shahrida kuzatiladi.

- 19-20 yoshga kirsa, bu qiz o‘tirib qolgan, hisoblanadi. Shuning uchun ota-onalari vahima qilib, tengi chiqsa 16-17 yoshdan ham berib yuboradi. Mana hozir litseylar va kollejlarda o‘qiyotgan o‘quvchi qizlarning qariyb 10 foizi homilador holda o‘qishga qatnayapti. Lekin, viloyatlarda kam bunaqa narsa. Kollejini bitirgandan keyin aksar qizlar o‘qishni davom ettirmaydi. Shuning uchun, odatan, bitirguncha kutishadi,- deydi bu o‘qituvchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aslida mamlakatda qizlarning nikoh yoshini 17dan 18 yoshga ko‘tarish tashabbusi ortida bu ko‘rsatkichni mamlakatdagi majburiy ta‘limni tugatish yoshiga tenglashtirish maqsadi turgan bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, litsey va kollejlarning 3-kursida o‘qiyotgan o‘quvchilar orasida turmushga chiqqan qizlar soni oshib bormoqda va shu bois, o‘quvchilarning davomati susaymoqda.

- Uyiga telefon qilib: "Tekshiruv kelyapti, jurnalda bor o‘quvchi darsda yo‘q, iltimos, qizingizni jo‘nating" desak, qaynonasi: "Jo‘natmayman, diplomam, boshqasiyam kerakmas", deydi. Litsey rahbariyati, o‘qituvchi hech narsa qilolmaydi. Qaysi yuridik hujjat asosida biz ularga o‘quvchimizni erga bermang, deb ayta olamiz,- deydi bu suhbatdosh.

Ikkinchidan, bugun o‘zbek jamiyatida qizlar erta "etilyapti", degan xavotirli mulohaza ham ildiz ortib bormoqda.

- Darsda qizlar telefonda chatlashib (mobil telefon orqali SMS yozish nazarda tutilmoqda-tahr.) o‘tirishadi. Hammasining qo‘lida telefon, hammasining "Odnoklassniki"ga o‘xshagan saytlarda sahifasi bor. Erta-kech internetda. Mart oyida birdan shu masala qattiq olindi va ta‘lim boshqarmasidan kelishib, tekshiringlar, deyishdi. Qarashsaki, 16-17 yoshli o‘quvchi qizlar kechasi soat 3 da ham Internetda. Shuning orqasidan ertasi kuni uxlab qolib, 1-2 paraga kechikish hollari, davomat susaygani hollari kuzatilyaptida,- deydi Hilola Mansurova.

O‘quvchi qizlar "Odnoklassnikiga" kirmasin!



Toshkentda oliy o‘quv yurtlaridan birida yaqin kunlargacha dars berib kelgan yana bir suhbatdoshimiz Dildora Hakimova bu taqiqda jon bor, deb hisoblaydi.

U Toshkent Islom instituti qoshidagi Akademik litsey bilan bog‘liq bir voqeani hikoya qilib berdi.

- Yaqinda hamkasblarimizdan eshitib qoldim, ularning pedsovetida litseydagi qizlarning "Odnoklassniki"dagi sahifalari muhokama qilinibdi. Qarashsa, o‘quvchi qizlarning 90 foizga yaqini a‘zo emish va o‘ta kalta yupkalardagi rasmlarini yuklab, har xil yoshdagi yigitlar bilan gaplashib yurishganmish. 16-17 yoshli o‘quvchi qizlar. O‘qituvchilari shu yoshdagi qizlarning telefonlaridagi uyatsiz videolarni topib, ota-onasiga qo‘yib beribdi. Ota-onasi bilmas ekan,- deydi bu o‘qituvchi.

Agar Islom instituti litseyida o‘qiyotgan qizlarning holi bu bo‘lsa, boshqa litseydagi qizlarni qo‘yavering, deydi suhbatdosh.

Unga ko‘ra, hozir informatsion texnologiyalar rivojlanib ketgan bir davrda o‘quvchi qizlarning ahloqi salbiy ko‘rinishi olishi mumkinligidan tahlikaga tushib qolgan ota-onalar chiqqan qizlarni 16 yoshdanoq turmushga berishga rozi bo‘lmoqda.

Muammo nikoh yoshi emas, ta‘lim yoshining kechikkanida



Dildora Hakimova shu fikrni ta‘kidlar ekan, aslida muammo ta‘lim yoshida, deydi.

- Bola 7 yoshga to‘lish arafasida maktabga chiqadi, 6 yoshdan 7 yoshga o‘tgandamas. Ta‘lim yoshi juda kech. 8 yoshda maktabni boshlasa, 19 ga to‘lib, 20 yoshga o‘tganda maktabni bitiradi. Men, masalan. 21 yoshda oliy o‘quv yurtini bitirganman. Hozirgi yoshlar 16 yoshda pasport olsa ham, 20 yoshgacha ota-onasiga moddiy qaram o‘quvchi bo‘lib qolayapti,- deydi Dildora Hakimova.

Dildora yoshlar qo‘liga pasport olgach, keyingi hayotiga oid mustaqil qaror qabul qilish imkoniga ega bo‘lish darajasida bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.

- Hozir pasport olgan inson o‘zini mustaqil shaxs, deb his qilolmaydi. Tushligi, yo‘lkirasi uchun sizdan pul olib, litsey yoki kollejga borib keladi. Mustaqil hayotga kira olmaydi. Buning o‘sha shaxsning psixologiyasi, kelgusi hayot rejasiga juda qattiq ta‘sir qiladi, - deydi Dildora Hakimova.

Zamona zayliga moslanayotgan qizlar



Dildora Hakimovaning fikriga ko‘ra, o‘zbekistonliklar ta‘lim yoshining kechikkani va nikoh yoshining yana bir yilga uzaytirilganiga qarab jamiyat ham moslashib bormoqda, degan fikrda.

Ma‘lumki, hozir O‘zbekistonda nikohini FHDYo bo‘limlarida qayd ettirmagan yoshlarga nikoh o‘qish imomlarga taqiqlangan.

- Keyingi bir yil ichida bu tartib deyarli to‘liq kuchga kirgan. Chunki, bu ishni yashirib bo‘lmaydi. Mahalla kuchda darrov isi chiqadi. Nikohsiz oila esa bo‘lmaydi. Ya‘ni, mana shu tartib 17dan yosh qizlarning erga berib yuborish holatini keskin kamaytirdi, - deydi Dildora.

Ayni paytda ota-onalar ta‘lim va nikoh yoshining qonun yo‘li bilan kechikayotganiga moslashib ham bormoqdalar.

- Qarashsaki, qiz majburiy ta‘limni tugatgunga qadar 20 yoshga kirib qolayapti. aksar oilalar shu yoshda qizni turmushga berishga tayyor. Shuning uchun, ko‘pchilik qizlarini akademik litseyda emas, kollejda o‘qityapti, chunki majbur. Bu vaqt oralig‘ida hozir qizlar ommaviy ravishda tikish, pazandalik va shunaqa boshqa hunarlarga o‘qitilyapti. Ya‘ni, majburiy ta‘lim bitguncha, qiz ham hujjatli ham hunarli. Tamom, keyin erga berishyapti,- deydi Dildora Hakimova.

Ammo, o‘zbekistonlik ziyolilarni bu borada o‘ylantirib turgan asosiy masala qizlarning ilm-fan sohasidan uzilib qolayotganidir.

- Ta‘lim yoshining kechikayotgani qizlarning ilmiy izlanishga bo‘lgan yo‘lini kesmoqda. Chunki, bakalavrni tugatgan kezda talab qiz 24 yoshni qoralagan bo‘ladi. Magistrni tugatguncha 26ni qoralaydi. Aspiranturaga kiraman desa, 30ni qoralab qoladi. Quda tomon esa uning o‘qishiga pul to‘lashga rozi bo‘lmaydi. Tushunyapsizmi?! Oilami, ilmmi, degan tanlov tursa, tabiiyki, o‘zbeklar oilani tanlaydi,- deydi Dildora.

Aslida rasmiy xabarlarda "O‘zbekiston Respublikasi oila kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning o‘zbek millati o‘ziga xosligi va ana‘analari, oila qonunchiligiga oid xalqaro qonunchilik meyorlariga tayangani aytilmoqda.

Ushbu loyihada ayollar uchun nikoh yoshini 18 yoshga ko‘tarish va bu yoshni tushirish mumkin bo‘lgan konkret holatlarni aniqlash, u holda ham bu ko‘rsatkichni faqatgina bir yilga tushirish mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Ayni paytda amalda bo‘lgan "Oila kodeksi"da ayollar uchun minimal nikoh yoshi 17, erkaklar uchun esa 18 qilib belgilangan.
XS
SM
MD
LG