Линклар

logo-print

Namangan viloyatida zo‘ravonlik va fahshni targ‘ib qiluvchi, shuningdek, diniy ruhdagi videoroliklar tarqalishiga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda.

Bu haqda O‘zbekistonda chop etiluvchi “Novosti Uzbekistana” gazetasi xabar qildi. Viloyatning turli shahar va tumanlarida soliq idorasi bosh-qoshligida uyushtirilayotgan taftishlarda uyali aloqa vositalari uchun audio va video materiallar yozib beruvchi shoxobchalar nishonga olingani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, nomaqbul deb topilgan videoroliklarni tarqatgan bir qator shaxslar aniqlangan.

Toshkentdagi soliq idorasining o‘z ismini ochiqlashni istamagan rasmiysi hududlarda noqonuniy videoroliklarga qarshi reydlar vaqti-vaqti bilan o‘tkazilib turilishini tasdiqladi.

Soliq mulozimiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab axloqsizlik va zo‘ravonlik tegirmoniga suv quyayotgan videoroliklar telefondan telefonga ko‘chib yuribdi.

– Uch-to‘rt kishi bo‘lvolib bitta kishini tepkilayotgan roliklar bor. Yo bo‘lmasa, odamni tiriklay so‘yayotgan, erkagu ayol qip-yalang‘och holda tasvirlangan roliklar bor. Reydlardan maqsad shunga o‘xshash videomateriallarni tarqatayotganlarga qarshi kurashish,– deydi soliq rasmiysi.

Soliq vakili mamlakatda pornografiyaga qarshi qonunchilik kuchaytirilishi ortidan bunday reydlar yanada ko‘payishini ta‘kidladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13 apreldan O‘zbekistonda pornografik mahsulotlarni tayyorlash va tarqatish uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun kuchga kirdi.

Yangi qonunga muvofiq, axloqsizlik va zo‘ravonlik targ‘ibotiga xizmat qiladigan mahsulotlarni tarqatish uchun eng kam ish haqining 400 barobaridan 600 barobarigacha jarima, axloq tuzatish ishlari, 6 oylik qamoq yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazolari ko‘zda tutilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, uyali aloqa vositalari pornografiyani tarqatuvchi vositaga aylanib borayotgani aholining katta yoshli qatlami orasida xavotir uyg‘otmoqda.

– Hozir bir qarich bolaning qo‘lida ham telefon. Nazorat qilib bo‘lmaydi. Bir-biri bilan shahvoniy videolarni almashlagani-chi! Aktrisani nima qilsa qilgan rejissyor, nomi chiqqan xonanda ayolga ko‘z olaytirgan sozanda – hammasi video bo‘lgan deyishadi. Mayli, ularni nomma-nom sanash shartmas. Insofni o‘ziga bersin. Xullas, uyali telefon katta ma‘naviy tahdidga aylanyapti, – deydi toshkentlik o‘qituvchi Kozim aka.

Rasmiy matbuotda olib borilayotgan “antitelefon” kampaniyasi Kozim aka kabi ziyolilarni uyali aloqa vositalaridan xavotirini yanada o‘stirmoqda.

“Tadqiqotlar shaxsni badnom qiluvchi yoki jinsiy erkinlikka qaratilgan huquqbuzarliklar ko‘pincha telefon orqali sodir etilayotganini ko‘rsatmoqda. Dast¬lab odamlar uchun eng qulay aloqa vositasi sifatida namoyon bo‘lgan telefondan endilikda ko‘cha-ko‘yda, boshqa joyda xohlagan kishi yashirin tarzda foydalanib, ruxsatsiz axborotni qo‘lga kiritishi, uni uzatishi yoki sanoqli daqiqa ichida kimnidir badnom qilishi mumkin”, deb yozadi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaning “Huquq va burch” jurnali.

Biroq mahalliy huquq faollarining xavotir bilan qayd etishicha, uyali aloqa ustidan nazorat kuchaygan bir paytda dindor yoshlarni mobil telefondagi diniy material uchun ham qamash ko‘paymoqda.

Toshkentda faoliyat yurituvchi Ekspert ishchi guruhiga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon mamlakatning turli viloyatlarida mobil telefonlaridagi ma‘lumotlar uchun 25-35 yosh oralig‘idagi dindor fuqarolar qamoqqa olingan.

– Ma‘lumotlar saqlash, bo‘lishish, ularni tomosha qilish ëki eshitish ham, agar ular diniy mavzuda bo‘lsa, hozirgi paytda Jinoyat kodeski bilan jazolanadigan harakatga aylanib ulgurayapti, – deydi Ekpert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab kollej va litseylarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda yoshlar mobil telefon orqali diniy roliklar, ma‘ruzalar bilan tanishish yoki tarqatishdan saqlanishga chaqirilmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda uyali aloqa vositalari orqali axborot almashuvini nazorat qilish kuchaygani aytiladi.

2011 yil martdayoq “Yaqin Sharqdagi inqiloblardan saboq chiqargan” O‘zbekiston hukumati ommaviy tarzda SMS yozishmalarini nazorat qilishga urinayotgani haqida xabarlar tarqalgan.

Joriy yilning 19 aprelida esa O‘zbekistondagi uyali aloqa operatorlaridan biri – Ucellning nazorat aktsiyalariga egalik qiluvchi TeliaSonera shirkati xavfsizlik idoralari bilan hamkorlik qilinishini tan oldi.
XS
SM
MD
LG