Линклар

Prezident Islom Karimov erkin matbuot kushandalari ro‘yxatida qoldi. Qarorgohi Parijda jyolashggan Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti matbuot erkinligi kuni munosabati bilan e‘lon qilgan ro‘yxatga 41 davlat rahbari kiritilgan.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘limi rahbari Yoahim Birsning Ozodlikka aytishicha, prezident Karimovning “kushandalar” ro‘yxatida qolishi O‘zbekistondagi vaziyat mantig‘idan kelib chiqqan.

- Haqiqatan, afsuski, Islom Karimovning bu ro‘yxatda qolishi hech kim uchun kutilmagan hol emas. Chunki O‘zbekistonda matbuot erkinligiga oid vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarish u yoqda tursin, shu darajada yomonlashib bormoqdaki, mamlakatda mustaqil jurnalistika mutlaq imkonsiz bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonda barcha matbuot vositalari hukumatning bevosita nazorati ostida qolmoqda. Hozirda kamida 10 nafar jurnalist qamoqqa tashlangan, deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakili.

Yoahim Birs, shuningdek O‘zbekistonning o‘z fikrini erkin bildirishga harakat qilgan jurnalistlar, huquq faollari va boshqa fuqarolar qamoqqa yoki ruhiy kasalliklar shifoxonalariga tashlanib, qiynoqqa solinayotgan, umuman tanqidiy fikrlarni bo‘g‘ish uchun barcha vositalar qo‘llanadigan mamlakatga aylanganini qayd etadi.

Bu vaziyat uchun, deydi matbuot erkinligi himoyasi bilan shug‘ullanadigan tashkilot vakili, bevosita Islom Karimovning o‘zi mas‘uldir.

- O‘zbekistonda shafqatsiz dikatatorlikni o‘rnatib, yakka hukmron bo‘lgan Islom Karimovning so‘nggi qarorlaridan biri Internet ustidan davlat nazoratini yanada kuchaytirish bo‘ldi. Hozirda O‘zbekistonda axborot oqimi to‘laligicha nazorat ostiga olingan. Mamlakatda qolgan mustaqil jurnalistlar yashirincha faoliyat olib borishga va mamlakat tashqarisida joylashgan matbuot vositalari bilan bekitiqcha hamkorlik qilishga majbur qolmoqda, deydi Yoahim Birs.

Islom Karimovning "erkin matbuot kushandasi" maqomiga loyiq deb topilishiga, Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti, Toshkent rejimining nafaqat O‘zbekiston, balki xorij matbuoti ovozini o‘chirishga uringanini asos qilib keltiradi. O‘tgan yili Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillayevaning o‘z otasini “diktator” deya atagani bois Frantsiyada chiqadigan Rue89 nashrini sudga bergani bunga misol, deydi tashkilot vakili.

- Islom Karimov qizining O‘zbekistonda amal qilgan tsenzurani xorij matbuotiga qo‘llashga uringanidan ham dahshatga tushdik, ham hayron qoldik. Otasini “diktator”, deb ataganidan xafa bo‘lgan Lola Karimova frantsuz nashrini sudga berdi, lekin Parij sudi kutilganidek har qanday matbuot vositasi Karimovni “diktator”, deb atashga haqli, degan hukm chiqardi. Bu holat ham Karimov rejimining tanqidga toqatsiz ekanini ko‘rsatadi. Karimovning diktatorlik usullar bilan davlatni boshqarishiga hech kim shubha qilmaydi. Lekin uning qizi bu haqda erkin fikr bildirish mumkinligini aqliga sig‘dira olmasligi yana bir marta namoyon bo‘ldi, deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘limi rahbari Yoahim Birs.

Erkin matbuot kushandalari ro‘yxati 3 may – Matbuot erkinligi kuni munosabati bilan e‘lon qilindi. Unga O‘zbekiston rahbaridan tashqari, Rossiyaning yangi saylangan prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Qurbonquli Berdimuhammedov, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un kabilar ham kiritilgan.

Ayni sanaga bag‘ishlab Freedom House – Ozodlik uyi tashkiloti hafta boshida e‘lon qilgan “Matbuot erkinligi” bo‘yicha 2012 yilgi hisobotida O‘zbekistonni matbuot mutlaq bo‘g‘ilgan mamalakat sifatida 197 davlat ichida 195 o‘ringa qo‘ydi.

Chorshanba kuni esa, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekistonni matbuot eng kuchli tsenzura qilinayotgan o‘n davlat ro‘yxatiga kiritdi.
XS
SM
MD
LG