Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:15

Toshkentda yuzlab uy-joy shirkati rahbari jazolandi


O‘zbekistonda 90-yillarda boshlangan ko‘p qavatli uylarni xususiylashtirish jarayonida JEK tugatilib¸ xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tuzildi.
O‘zbekistonda 90-yillarda boshlangan ko‘p qavatli uylarni xususiylashtirish jarayonida JEK tugatilib¸ xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tuzildi.

Toshkent shahar hokimligi tarqatgan xabarga ko‘ra¸ poytaxtdagi ko‘p qavatli uylarni boshqarishga mas‘ul bo‘lgan 206 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari ishdan bo‘shatilgan, 481 ta shirkat rahbariga nisbatan keskin chora ko‘rilgan.

Mazkur raqamlar Toshkent shahar hokimligida 2012 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma‘lum qilingan.

Mahalliy matbuotda 3 may kuni e‘lon qilingan xabarga ko‘ra, shahar hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tubdan o‘zgartirish zaruratiga urg‘u bergan.

Hokimlik rasmiysi ishdan olingan yoki jazoga tortilgan shirkat raislari “bugungi kun talabiga javob bermagani”, “kommunal to‘lov yig‘imlarini maqsadsiz sarflagani”ni ta‘kidlagan.

Mulkdorlarning nega hafsalasi pir bo‘ldi?


Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati bir paytlar JEK deb atalgan idoraning vorisi sanaladi.

O‘zbekistonda 90-yillarda ko‘p qavatli uylarni xususiylashtirish jarayoni boshlandi. Ushbu o‘zgarishlar davrida sobiq tuzumdan qolgan asorat sifatida JEK oshig‘ich tugatilib, umidbaxsh va‘dalar bilan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tuzishga kirishildi.

Xususiy shirkatlar yuzaga kelishi bilan turar joylarga dalxdor muammolar hal bo‘lib qolmadi. Tahlilchilarga ko‘ra, shirkatlar “eski hammom, eski tos” qabilida ish tutgani, kommunal muammolar yechimi turar joy egalari yelkasiga yuklanishi ortidan tez fursatda aholining hafsalasi pir bo‘ldi.

Amaldagi me‘yorlarga muvofiq, xususiy shirkat umumiy mulk sanalgan ob‘ektlar – issiq va sovuq suv, kanalizatsiya quvurlari, elektr tarmoqlari, yerto‘la va undagi muhandislik inshootlari, pod‘ezd, ko‘p qavatli uy tomi va liftlarining sozu butligi uchun javob beradi.

Ammo ko‘pdan shirkatlar ko‘rsatayotgan xizmat aholi talabini qondirmayotgani haqida aytiladi.

Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ma‘lumotiga ko‘ra, 2011 yilning yozida Yunusobod tumanida yashovchi V.Rudakovaning uyidan chakki o‘tib, yangi ta‘mirdan chiqqan xonalar abgor ahvolga keladi. Shirkat va fuqaro o‘rtasida tuzilgan shartnoma bo‘yicha kamchilikni shirkat bartaraf etishi kerak edi. Fuqaro V.Rudakova “Diana ta‘mirlash kommunalchi” shirkatiga murojaat qiladi. Ammo shirkat rahbari turli bahona bilan tomni ta‘mirlashdan bosh tortadi. Kvartira egasi bir million 980 ming so‘m sarflab tomni yamaydi. Cho‘ntagidan to‘lagan mablag‘ini qaytarib olish uchun esa kvartira egasi bir necha oy idorama-idora yugurishga majbur bo‘ladi.

O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman bir necha yil oldin Yakkasaroy tumanidagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarida monitoring o‘tkazgan. O‘rganishlardan keyin Ombudsman uy-joy mulkdorlari shirkati ko‘p hollarda aholining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etmayotir, degan xulosaga kelgan.

“Shirkat rahbarini hokimlik qo‘yadi”


2006 yil 12 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida” qonuni kuchga kirgan.

Qonun talabiga ko‘ra, shirkat raisi yilda kamida bir marta mulkdorlarga amalga oshirilgan ishlar, yig‘ilgan mablag‘ sarfi xususida hisobot berishi kerak.

Ozodlik muxbiri suhbatlashgan aksar toshkentliklar shirkat hisobot bermasligini, ayrim fuqarolar esa shirkat raisi kimligini ham bilmasligini aytdi.

Zikr etilgan qonunda qayd etilishicha, shirkat notijorat tashkilot bo‘lib, xususiy turar joy mulkdorlarining tashabbusi bilan tuziladi.

Toshkentdagi o‘z ismini oshkor qilishni istamagan mahalla faollaridan biri uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari ko‘pincha tuman hokimliklari tomonidan qo‘yilishini bildirdi.

– Shirkat rahbarini aholining o‘zi saylashi kerak. Qonunda shunaqa deyilgan. Keyin fuqarolarning o‘zi o‘sha rahbar faoliyatini kuzatib boradigan taftish komissiyasini tuzadi. Lekin to‘g‘risini aytganda, ko‘pincha shirkat raislarini tuman hokimligi qo‘yadi. Bu nomzodni odamlar xohlaganda ham bo‘shatolmaydi, deydi toshkentlik mahalla faoli.

“O‘zkommunxizmat” agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, mamlakatda 30 mingdan oshiq ko‘p qavatli uylar bor, ular 5000 ga yaqin xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga birlashgan. Mamlakatdagi birinchi uy-joy mulkdorlari shirkati 1999 yilda tashkil qilingan.
XS
SM
MD
LG