Линклар

G‘arbda asosan shou biznes namoyandalari orasida keng qo‘llaniladigan plastik operatsiyalar oddiy o‘zbek ayollari orasida tobora urf bo‘lib bormoqda.

"Go‘zallik me‘morlari" Toshkentda


Toshkentda 3-5 may kunlari markaziy osiyolik plastik jarrohlarning 3-konferentsiyasi o‘tkazilmoqda.

“Sen yolg‘iz emassan” bolalar jamg‘armasi va O‘zbekiston plastik jarrohlar jamiyati tomonidan tashkillashtirilgan “Plastik jarrohlikning dolzarb muammolari” nomli anjumanda yuzida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar reabilitatsiyasiga doir tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi.

Plastik xirurgiya muammolariga bag‘ishlangan anjumanning Toshkentda uchinchi marta o‘tkazilayotgani O‘zbekistonda bu sohaga alohida e‘tibor qaratilayotgani dalolatidir, demoqda mutaxassislar.

Ayni paytda, estetik sabablarga ko‘ra plastik jarrohlarga murojaat qilayotganlar sonining ko‘payishi ham bu fikrning yana bir tasdig‘idir.

Plastik jarrohning qo‘li-qo‘liga tegmaydi...


Toshkentdagi eng yirik plastik jarrohlik klinikasi xo‘jayini va bosh vrachining Ozodlikka aytishicha, o‘z muassasasida “odam tanasining yuzidan tortib, tovonigacha bo‘lgan qismlarida, barcha turdagi operatsiyalar qilinadi”.

Ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz, shu kunlarda O‘zbekistonda plastik jarrohlarning bozori chaqqon, deydi. Bunday xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj oshib borayotganiga izoh sifatida plastik xirurg bunday dedi:

- Aniq aytomaymanu, lekin Toshkent bo‘yicha kamida o‘nta rasman ro‘yxatga olingan plastik jarrohlik klinikasi bor. Hammasida ishi boshdan oshib yotibdi. Masalan, mening klinikamda haftada besh kun operatsiya o‘tkaziladi. Men o‘zim kunda kamida uchta, bo‘lmasa sakkiztagacha operatsiya qilaman, deydi jarroh.

Bundan tashqari palstik jarrohlik muammolariga bag‘ishlangan konferentsiyaning O‘zbekistonda uchinchi marta o‘tkazilayotgani bu sohaning qanchalik rivojlanganini ko‘rsatadi, deya qo‘shimcha qiladi jarroh.

O‘zbek ayollari ham "plastik mo‘‘jiza" sehriga tortilmoqda


Toshkentlik 41 yoshli Farida ismlik ayol, plastik va estetik xirurgiya xodimlari yordamidan bir necha marta foydalangan. Hozir nafaqat Toshkent, balki viloyatlarda ham plastik xirurgiya xizmatlaridan foydalanish istagida bo‘lganlar ko‘paymoqda, deydi u.

- Ehe, hozir bu ommaviy tus oldi. Masalan, mening vrachimni butun respublikadan chaqirtirishadi, u Farg‘ona, Andijonlarga borib, bir necha kunlab operatsiyalar qiladi. O‘zi bu arzon emas, lekin yosharmoqchi bo‘lgan va cho‘ntagi ko‘taradigan ayollar hozir ko‘p. Xullas, talab juda katta, deydi Farida.

Lekin, deya qo‘shimcha qiladi u, plastik operatsiyani, masalan, oddiy o‘qituvchi yoki hamyoni oriqroq bo‘lgan ayollar o‘ziga ep ko‘ra olmaydi.

- Yo‘q, o‘qituvchi yoki oylikka qaragan ayol qildira olmaydi, albatta. Masalan, yuzning yuqori qismini torttirish 250 dollar, pastki qismi ham 250 dollarga tushadi. Bu endi odamlar uchun katta pul, deydi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan Farida.

Toshkentdagi xususiy klinika bosh vrachining aytishicha, O‘zbekistonda plastik operatsiya narxlari Yevropa yoki Rossiyaga solishtirganda ancha arzon va plastik “mo‘‘jizasidan” foydalanib yasharmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ayollarga ko‘proq yuzlaridagi ajinlarini torttirish muolajalari qilinadi. Lekin, tananing boshqa qismlarini “to‘g‘rilash” operatsiyalari ham tez-tez o‘tkazib turiladi, deydi jarroh.

Farida hozircha plastik xirurg qo‘lini faqatgina yuzlariga tekkizgan. Lekin dugonalari orasida ko‘kragi, hatto dumbalari shakli va kattaligini o‘zgartirganlar ham bor.

- Bir dugonam bundan to‘rt yil avval 1500 dollarga ko‘kragini kattalashtirdi. Hozir juda xursand. Endi, ayollarning bunday radikal choralarga borishining turli sabablari bor. Kimnidir eri majbur qiladi, yana kimdir yosh o‘tgan sari eriga yoqmay qolishdan cho‘chib¸ shunday qiladi. Darvoqe, bir dugonam Dubayga borib, dumbasini kattalashtirib keldi. U biroz semiz bo‘lib, jussasi ancha katta, lekin dumbasi shunga yarasha bo‘lmagani bois, operatsiya qildirib moslashtirib oldi. Kattalashtirish uchun o‘sha yeriga silikon gel quydirib keldi Dubayda. U ham vrachlar ishidan juda xursand, deydi Toshkentlik 41 yoshli Farida opa.

Toshkentda 3 may kuni boshlangan ikki kunlik anjuman prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva homiyligidagi “Sen yolg‘iz emassan” bolalar jamg‘armasi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Plastik jarrohlar jamiyati tomonidan tashkillashtirilgan. Unda turli davlatlardan kelgan o‘nlab plastik jarrohlar qatnashayotgani aytilmoqda.

“Plastik jarrohlikning dolzarb muammolari” nomli anjumanda asosiy mavzulardan biri sifatida yuzida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar reabilitatsiyasiga doir tadbirlarni amalga oshirish masalalarining muhokama qilinishi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG