Линклар

logo-print

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tashkil qilgan¸ shou va media dunyosini qamragan Terra Group tuzilganiga 10 yil to‘ldi.

Terra Groupiga oid¸ yaltiroq “Jannatmakon” jurnali dizayner rassomining Ozodlikka aytishicha, 9 may kuni Turkiston saroyida bu sanaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda musiqa va kino yulduzlarining ishtirok etishi bildirildi.

Bundan 10 yil burun Terra Group uchta tashkilotdan iborat edi. Terra radiokanali va ovoz yozish studiyasi. "BellaTerra" jurnali va PanTerra prodyusserlik guruhi.

Suhbatdoshimiz oid bo‘lgan “Jannatmakon”jurnali keyinroq tashkil bo‘lgan.

Terra Group bag‘rida tashkil qilingan¸ "Ijrochilar gildiyasi" vakili Anna Chelpakovaning Ozodlikka bildirishicha, ayni kunlarda Toshkentdagi Fotografiya uyida "BellaTerra" jurnali yaltiroq muqovalarining ko‘rgazmasi o‘tmoqda.

Ko‘rgazmaning 7 maygacha ochiq bo‘lishi bildirildi.

BellaTerra jurnalining yaltiroq muqovalari.

BellaTerra jurnalining yaltiroq muqovalari.

3 may kuni Terra radiokanalining DJ Anastasia ishtirokida bayram tadbirini o‘tkazishi targ‘ib qilindi.

Anna Chelpakovaga ko‘ra¸ butun may oyi Terrani sharaflagan tadbirlar bilan to‘la bo‘ladi.

Bu tadbirlarda Bojalar¸ Ummon, Zarba, Sahro va Shod guruhlari ishtirok etish istagini bildirgan.

Gulnora - Terra Group doyasi


Internetdagi Kompromat.ru nashri 2002 yilda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova mamlakat media va shou dunyosini ishg‘ol qilish uchun Terra Groupni tashkil qilganini yozgan edi.

Bu guruhga oid "BellaTerra" jurnali dastlabki yillarda Gulnora Karimovaning bevosita faol ishtirokida chop qilingan edi¸ deb eslaydi o‘sha yillari "BellaTerra" bilan musiqashunoslik sohasida hamkorlik qilgan va hozir xorijda istiqomat qiluvchi bastakor.

Ovozi yozilishi va ismi aytilishini istamagan bu suhbatdoshga ko‘ra¸ "BellaTerra" jurnalidagi professional dizaynerlar doimo Gulnoraning noo‘rin aralashuvidan nolishgan.

Asosan xotin-qizlarga mo‘ljallangan yaltiroq (glamur) "BellaTerra" jurnali 2002 yildan boshlab Terra Group homiyligida nashr qilinib kelinadi.

Gulnora Karimova.

Gulnora Karimova.

Bu jurnalning bir varag‘ida Imom Buxoriy majmuasida fotihaga qo‘l ochgan Gulnora Karimovaning suratlari ¸keyingi varaqda esa bu xonimning son va ko‘kraklarni qisman oshkor qilgan suratlarini ko‘ramiz.

Ayni paytda "BellaTerra" jurnalining o‘zbek jamiyatining keng qatlamlariga yoyilmagani kuzatiladi.

Kuzatuvchilar "BellaTerra" dan ko‘ra “Darakchi” nashrining ommabop ekanini aytishadi.

"BellaTerra" ning o‘zbekcha egizi bo‘lmish “Jannatmakon” jurnali xodimining Ozodlikka aytishicha¸ bu jurnal jamiyatning badavlat va elita qismiga mo‘ljallangan.

Ozodlikka sim qoqqan toshkentliklardan biriga ko‘ra¸ ayni kunlarda Toshkentdagi magazinlarda olti shisha “Fanta” qopqog‘ini keltirganlarga bir dona "BellaTerra" bermoqda.

Ayni paytda¸ Farg‘ona.ru nashri poytaxtdagi o‘z manbalariga asoslanib¸ olti dona Fanta idishi beliga yopishtirilgan yorliqqa bir dona "BellaTerra" jurnali berilayotganini yozdi.

Demak¸ bugun har donasi 2300 so‘m turadigan olti dona bir litrlik “Fanta” ichishga qurbi yetgan o‘zbek sotuvdagi narxi qariyb 10 000 so‘m bo‘lgan "BellaTerra" o‘qish baxtiga noyil bo‘ladi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra¸ bunday barter qo‘ynidan to‘kilsa¸ qo‘njiga degan asosda amalga oshirilmoqda. Zotan¸ O‘zbekistondagi Coca-Cola va Fanta kabi salqin ichimliklar ishlab chiqarish shirkatlarining ham Gulnora Karimova nazoratida ekani taxmin qilinadi.

Terra Group ishg‘oli


Bundan 10 yil muqaddam shou dunyosini zabt qilish uchun ochilgan Terra Group bugun boshqa sohalarga ham nazarini tikkan.

Taksi va yuridik xizmatlar¸ ko‘chmas mulk savdosi Terra Groupga oid yangi sohalardir.

Ayni paytda¸Terra Group TVM va “SofTS” telekanali , Terra, Zamin FM i A’lo FM radiolarining sohibi.

Bolalar uchun BabyTerra, yoshlar uchun “Samoye novoye OB” jurnallari chop qilinmoqda.

PanTerra Studio va Zamin Film studiyalari esa shou biznes vakillarini tobora kengroq qamramoqda.
XS
SM
MD
LG