Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:49

UZ milliy domeni 17 yoshda


1995 yilda tashkil etilgan UZ milliy domenida o‘tgan 17 yil mobaynida ro‘yxatga olingan domenlar soni 14 mingdan oshdi. Ayni paytda¸ O‘zbekistondagi Internet foydalanuvchilarining erkin va to‘siqsiz axborot olish imkoni cheklanganicha qolmoqda.

UZ milliy domeni ma‘muri bo‘lgan “Uzinfocom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi bosh direktori Jaliliddin Rahimovga ko‘ra, UZ makonida ro‘yxatga olingan domen nomlarining ko‘payib borayotgani milliy Internetning rivojlanayotganidan dalolat beradi.

- Shu yilni o‘zida o‘sish 700 dan ziyod domenni tashkil qildi, deydi Rahimov.

Payshanba kuni Toshkentda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi “Uzinfocom” markazi va “ infoCOM.UZ” jurnali hamkorlikda “UZ domen zonasining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish” mavzuida o‘tkazgan matbuot anjumanida UZ zonasida asosan Hi-Tech, madaniyat, ilm-fan, ko‘ngilochar o‘yinlar, sport, biznes yo‘nalishida veb-saytlar soni ortib borayotgani takidlandi.

"infoCOM.UZ” jurnali bosh muharriri Marfua Azizova Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bu haqda shunday dedi:

- Saytlar yildan-yilga oshib borayapti. UZ milliy domenidagi saytlarimizning ko‘pchiligi aholiga o‘zini uyida turib, hech qayoqqa bormasdan o‘sha saytlarga kirib o‘zini turmushiga oid, ish faoliyatida keng foydalana oladigan, xizmatlarni tavsiya qiladigan saytlar¸ ayniqsa¸ ko‘p. Misol uchun¸ men o‘zim shaxsan tibbiyotga oid saytlarga ko‘proq qiziqaman. Mayda-chuyda narsalar uchun doktorga yugurib yurmasdan shu saytlarga murojaat qilaman. Ayniqsa¸ pazandachilik va shunga o‘xshash saytlarga qiziqish katta, deydi Marfua Azizova.

“Uzinfocom” markazi va “infoCOM.UZ” jurnali hamkorlikda har yili milliy UZ domeni festivalini ham o‘tkazib turishadi.

- Faqat UZ domenida ro‘yxatdan o‘tgan saytlar shu festivalda qatnashadi. Oila, farzand tarbiyasiga oid, bolalarga turli o‘yinlarni tavsiya qiladigan, pazandachilik haqidagi saytlarimiz ko‘p, deydi "infoCOM.UZ” jurnali bosh muharriri Marfua Azizova.

UZ domeniga sayr!


O‘zbekiston milliy UZ makonini kezar ekansiz¸ yuzlab ko‘ngilochar saytlarga duch kelasiz. Moda, madaniyat, sport va yosh kelinlarga pazandalik, bolani qanday emizish haqida maslahat beruvchi o‘nlab saytlar bor. Bu saytlarga O‘zbekistonda kirish bemalol.

Shunday saytlardan biri www.generation.uz.

- 2008 yil 1 sentyabr kuni ochganmiz bu saytni. Biz bu saytda bola tarbiyasi, ularning sog‘ligi, bolaning homila paytidan balog‘at yoshiga bo‘lgan davrdagi tarbiyasi, reproduktiv salomatlikka oid tavsiyalarni berib boramiz, deydi generation.uz sayti aosochisi Anna Gritsenko.

O‘zbekistonning milliy UZ domenida qayd etilgan yana bir sayt www.krasota.uz deb nomlangan.

Sayt asoschisi va muharriri Oliya Abdunabiyevaning aytishicha, sayt asosan qizlar uchun mo‘ljallangan.

- www.krasota.uz ayollar uchun mo‘ljallangan elektron jurnal va biz buni O‘zbekistonda yashovchi ayollar uchun maxsus ochganmiz. Saytimizda qanday qilib chiroyli bo‘lish, o‘ziga zeb berish san‘ati, qanday kiyinish va hokazo savollarga javob topishingiz mumkin.

Shuningdek, moda shoulari, moda yangiliklari nafaqat O‘zbekistondagi, balki chet davlatlardagi moda yangiliklari haqida ma‘lumotlar beramiz. Saytimiz faqat bo‘yanish va moda bilan cheklanmagan. Bu yerda ayollarimiz kulinariya san‘ati, turli pishiriqlar qilishni o‘rganishlari ham mumkin, deydi Oliya Abdunabiyeva.

UZ milliy domenida duch kelganimiz yana bir sayt www.classicmusic.uz sayti bo‘ldi.

O‘zbek hofizlari qo‘shiqlari bu saytda jam bo‘lgan. Sayt asoschisi Husniddin Ato saytga kiruvchilar¸ asosan¸ chet davlatlarda yashovchi o‘zbeklar ekanini aytadi.

- Madaniy-milliy merosimizdagi ehtiëjni ko‘ra bilib sayt yaratganman. Mening saytim texnik ëki boshqa jihatlardan unchalik kuchli emas. Lekin o‘ylaymanki mumtoz musiqa ixlosmandlari uchun shunday sayt zarur, deydi Husniddin Ato.

Shahar bedarvoza emas


O‘zbekistonning UZ internet makonini kezib, mamlakatda sodir bo‘layotgan hodisalar haqida axborot beruvchi mustaqil saytlarni topa olmadik.

O‘z ismini aytishni istamagan o‘zbekistonlik Internet sohasi mutaxassisining aytishicha, UZ domenida mustaqil axborot yoki siyosiy saytlarning o‘zi yo‘q.

Siyosiy saytlar bo‘lgani taqdirda ham¸ ular hukumat nazoratidagi saytlardir.

- Shahar bedarvoza emas deyishadiku. Bu saytlarni barchasi kontrol qilinadi. Domen nomini sotib olib siz ham sayt ochishingiz mumkin. Lekin, u yerda hukumatga yoqmaydigan xabarlarni ëzishni boshlashingiz bilan¸ o‘zingizni xavf ostiga qo‘yasiz. Sizni lyuboy mahal ëpib qo‘yishi ëki O‘zbekiston sudlari jinoiy javobgarlikka tortishi mumkin, deydi o‘z ismini aytishni istamagan Internet sohasi mutaxassisi.

Bu yil O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni 9 millionga yaqinlashdi.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi keltirgan bu raqam rost bo‘lsa¸ mamlakatda qariyb har uch odamning biri Internetdan foydalanadi.

O‘zbekiston behayo saytlarni to‘sish, konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan axborotni to‘xtatish vaji bilan qator xalqaro ommaviy axborot vositalari veb-saytlariga to‘siq qo‘ygan.

Toshkent hukumati yillardan beri xalqaro maydonda "Internet dushmanlari" ro‘yxatiga kiritib kelinadi.
XS
SM
MD
LG