Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:09

“Al-Qoidadan chetlatilgan Usama bin Ladin?”


Usama bin Ladin Abbotoboddagi qo‘rg‘onda televizor tomosha qilmoqda.
Usama bin Ladin Abbotoboddagi qo‘rg‘onda televizor tomosha qilmoqda.

Usama bin Ladinning Terrorchilikka qarshi AQSh kurash markazi tomonidan e‘lon qilingan maktublarini tahlil qilayotgan terrorizm bo‘yicha mutaxassislar shunday xulosani ilgari surmoqda.

AQSh dengizchilari Pokistonning Abbotobod shahrida Al-Qoida terror tarmog‘i yetakchisi Usama bin Ladinni o‘ldirganiga 2 may kuni bir yil to‘ldi.

Shu munosabat bilan AQShdagi Terrorchilikka qarshi kurash markazi mazkur amaliyot davrida qo‘lga kiritilgan bin Ladin yozishmalarining bir qismini jamoatchilikka e‘lon qildi.

Hozircha Usama bin Ladin tomonidan yozilgani aytilayotgan maktublardan 17 tasi ustidan maxfiylik tamg‘asi olib tashlandi va markaz Internet sahifasida chop etildi.

Asli arab tilida yozilgan bu maktublar 175 sahifadan iborat va ularda Al-Qoida tarmog‘i yetakchisining Abbotoboddagi maxfiy qo‘rg‘ondagi hayotining ayrim tafsilotlari aks etgan.

Mazkur yozishmalarni o‘rganib chiqqan terrorizm bo‘yicha mutaxassislar¸ o‘limidan oldin bin Ladinning dunyo bo‘ylab bolalab ketgan Al-Qoidaga aloqador turli jihodiy guruhlarning kundalik faoliyatidan uzilib qolganini qayd etmoqdalar.

Abbotoboddagi qo‘rg‘onda nihoyatda kuchli xavfsizlik choralari ostida¸ atrof-dunyodan ajragan holda yashagan bin Ladin¸ o‘z izdoshlari bilan na mobil telefon va na Internet orqali aloqa qila olgan.

Hozirgi tig‘iz texnologik dunyoda Usama tomonidan qo‘rg‘ondagi besh dona kompyuterda yozilgan maktub va yo‘llanmalar¸ flesh diskka ko‘chirilib¸ ishonchli chopar bilan dunyoning turli mamlakatlaridagi tegishli shaxslarga yetkazib turilgan. So‘ngra¸ uning murojaat va bayonotlari Internetga qo‘yilib¸ Al-Qoida a‘zolari va tarafdorlariga tarqatilgan.

Bu maktub va yozishmalarda¸ Usamaning Al-Qoida faoliyatini boshqara olmay qolgani¸ qolaversa¸ tarmoqning boshqa yetakchilari bilan mafkuraviy va tashkiliy ziddiyatda ekani oydinlashadi.

Xususan¸ e‘lon qilingan maktublardan¸ Usama bin Ladinning Al-Qoida tarmog‘ining asosan musulmon mamlakatlarida amalga oshirayotgan xudkushlik hujumlaridan norozi ekani ko‘riladi.

“Dindosh birodarlarimizga qarshi hujumlar qolgan musulmonlarni bizdan uzoqlashtirmoqda”¸ deya xavotir bildirgan bin Ladin¸ o‘z izdoshlariga¸ kurash strategiyasi markaziga AQSh ni qo‘yishni topshiradi.

Usama hozirlagan strategiyaga ko‘ra¸ Al-Qoidaning asos nishoni AQSh prezidenti Obama va Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlarining sobiq bosh qo‘mondoni¸ (hozirda Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari) general Petreus bo‘lmog‘i lozim.

Usama bin Ladin¸ o‘z izdoshlari Al-Qoida Obama va Petreus uchqichlarini urib tushirishi¸ Obama o‘lgach uning o‘rniga keladigan vitse-prezident Jon Bayden¸ bunday lavozimga tayyor bo‘lmagani bois¸ AQShni inqirozga boshlash orqali Al-Qoida bilan urushni yutqizishini ta‘kidlaydi.

“Aks holda¸ biz alohida olingan janglarda yutib¸ urushni yutqizishimiz mumkin¸ deb ogohlantiradi bin Ladin o‘z muridlarini.

Usama bin Ladinning jamoatchilikka oshkor qilingan maktublaridan¸ uning Al-Qoida tarmog‘ining turli mintaqaviy guruhlarni o‘z ichiga olish orqali kengayib¸ yagona maqsad va amaliyotga birlashtirish tobora qiyinlashib borayotganidan norozi ekani ko‘riladi.

Al-Qoidaning asl nomi Al-Qoida al-Jihoddan qisqartirilib¸ uning asl diniy-mafkuraviy mohiyati yo‘qolgani ham Usamani tashvishga solgan va shu bois u tarmoq nomini o‘zgartirishni taklif qilgan.

Ammo bu yozishmalarni tadqiq qilayotgan tahlilchilar¸ Al-Qoidaning allaqachon Usama bin Ladin yo‘l-yo‘riqlariga amal qilmay qo‘ygan o‘nlab¸ balki yuzlab kattayu kichik jihodiy guruhlarga aylanib qolgani va Abbotoboddagi uzlatdan turib¸ Usamaning bu guruhni yagona boshqaruv tizimiga qaytarishga muvaffaq bo‘la olmaganini aytmoqdalar.

Ta‘kidlanishicha¸ Usama bin Ladin Al-Qoida terror amaliyotlarining bosh muvofiqlashtiruvchisi Ayman al-Zavohiriy bilan ko‘p masalada kelishmagan.

Bin Ladin o‘limidan so‘ng Al-Qoidani boshqarish aynan Zavohiriyga o‘tgani aytilmoqda va bundan Usama bin Ladin o‘z izdoshlariga singdirishga uringan strategiyaning amalga oshish ehtimoli reallikdan yanada uzoqlashgani taxmin qilinmoqda.
XS
SM
MD
LG