Линклар

logo-print

Hollivud aktyorlari 6 may kuni AQShning Santa Monika shahridagi Broad Stage Theatre sahnasida Islom Karimov rejimi va inson huquqlari uchun kurashga oid tomosha ko‘rsatishdi.

"Qalb hayqirig‘i: ozodlik ovozga muhtoj" deb nomlangan spektakl taniqli Hollivud stsenaristi Jonaton Feldman tarafidan sahnalashtirildi.

Sahna asari O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari shavqatsiz toptalishi haqidadir.

O‘zbekistonlik huquq faoli, hozirda ruxiy shifoxonaga tashlangan Yelena Urlayeva rolini Kerolayn Aaron, prezident Islom Karimov rolini esa Reno Vilson o‘ynadi.

Mazkur spektakl Hyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkiloti tashabbusi bilan sahnalashtirildi.

Hollivud akterlarini qanday qilib bu spektaklga ko‘ndirdingizlar, -deb so‘raymiz Hyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tadqiqotchisi Stiv Sverdlovdan:

- Aslida bu g‘oya ularni o‘zlaridan chiqdi. O‘zbekistondagi inson huquqlari uchun jon kuydiradigan akterlar edi ular. Spektaklni men ham tomosha qildim, juda ta‘sirli tomosha bo‘ldi. Men aktyorlarga O‘zbekiston inson huquqlari jamiyati nomidan guldasta va ularni xatini ham topshirdim, - dedi Sverdlov.

Teatr sahnasida aktyorlar 2011 yilda O‘zbekistondan Human Rights Watch filialining chiqarib yuborilishini ham namoyish qilishdi.

- Men madaniyat va san‘at dunyoni o‘zgartirishi mumkinligiga ishonadigan odamlar qatoriga kiraman. 19 asrda AQShdagi qulchilik haqida yozilgan bir qator kitoblar qulchilikka qarshi kurash yo‘lini boshlab berdi, - deydi Stiv Sverdlov.

6 may kuni Hollivud saxnasida namoyish etilgan spektakl O‘zbekiston haqidagi birinchi sahna asari bo‘ldi.

Hyuman Rayts Uotch tashkiloti bu sahna asarining yaqin kunlarda DVD disklarga ko‘chirilib¸ jamoatchilikka tarqatilishini ma‘lum qildi.

Bosh qarorgohi AQSh da joylashgan HRU bundan avval ham Amerikadagi turli nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda inson haqlari toptalishi¸ xususan bolalarning majburan paxta terimiga haydalayotganiga oid teatrlashtirilgan norozilik tadbirlari o‘tkazgan edi.

HRU hamkorligida Nyu Yorkda uyushtirilgan shunday norozilik tadbirlari oqibatida prezident Islom Karimovning to‘ng‘iz qizi Gulnora Karimovaning 2011 yilgi Nyu York moda haftaligi doirasida belgilangan Guli brendi shousi rasmiy dasturdan olib tashlangan edi.
XS
SM
MD
LG