Линклар

Tojikistondagi Xatlon viloyati O‘zbeklar jamiyati raisi Salim Shamsiddinov noma‘lum shaxslar tomonidan kaltaklab ketilishini o‘z faoliyati, xususan O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari sha‘niga aytgan tanqidlari bilan bog‘lamoqda.

Ozodlik radiosi muxbiri bilan suhbatda Salim Shamsiddinovning o‘zi voqea o‘tgan shanba kuni kunduzgi soat 2O‘30 larda, Qo‘rg‘ontepadagi uyi oldida ro‘y berganini ma‘lum qildi. Shamsiddinovning aytishicha, uch nafar noma‘lum shaxs temir truba bo‘lagi bilan boshi va oyoqlariga urgan.

Ozodlik muxbiri Shamsiddinovdan xabar olgani uyiga borganida, uning boshi va oyog‘idan jiddiy jarohat olganiga guvoh bo‘ldi. 57 yashar Shamsiddinov hujumchilarni tanimasligi, lekin ular o‘zini uyi oldida kutib turganlarini ta‘kidladi. Shamsiddinov shifoxonada davolanish uchun qolmaganini u yerda qolish hayoti uchun xatarli ekani bilan tushuntirdi.

- Bu hujum buyurtma bo‘lgan, bunga shubham yo‘q. Chunki hech kim bekordan bekorga, kuppa-kunduzi KGB binosi oldida odamni do‘pposlamaydi. Uch nafar barzangi yigit meni truba bilan oyoqlarim va boshimga urganini voqea guvohlari ko‘rishdi. Meni o‘sha bergan intervьyuim uchun kattaroq odamlar buyurtmasiga ko‘ra, kaltaklashdi, deydi Salim Shamsiddinov Ozodlikning tojik xizmati muxbiri bilan suhbatda.

Salim Shamsiddinov boshi va oyoqlari jiddiy jarohat olgan.

Salim Shamsiddinov boshi va oyoqlari jiddiy jarohat olgan.

Shamsiddinovning so‘zlariga ko‘ra, uni kaltaklashayotgan paytda voqea joyidan tasodifan o‘tib ketayotgan militsiya xodimi o‘ziga yordamga oshiqqan va hujumchilar qochib qolgan.

Xatlon viloyati O‘zbeklar jamiyati raisi hujumni o‘z faoliyati bilan bog‘lamoqda. Xususan, uning fikricha, bunga O‘zbekiston va Tojikiston hukumatiga nisbatan bildirgan tanqidiy fikrlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Shamsiddinov aprel oyida mahalliy matbuotda e‘lon qilgan maqolasida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni “Sovuq urush” davriga qiyoslab, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovni Tojikistonga nisbatan bosim siyosatini o‘zgartirishga chaqirgan edi.

O‘tgan hafta esa, "Millat" gazetasiga bergan intervьyusida u Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonni O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlarning boshi berk ko‘chaga kirib qolgani sababchisi sifatida tanqid qildi. Jumladan¸ Shamsiddinov Dushanbe rahbari “ba‘zi millatchi tarixchilar gapiga kirib, rasmiy Toshkent bilan munosabatlarni keskinlashtirib, Tojikiston uchun muammolar yaratmoqda” qabilidagi fikrlarni ilgari surdi. Shuningdek, u O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi muammolarni xalqlar emas, ikki prezident o‘rtasidagi muammolar deya atadi.

Ayni gazetaning keyingi sonida Tojikiston Respublika O‘zbeklar jamiyati raisi Muharram Mirzaolimova bu fikrlariga raddiya e‘lon qilib, Shamsiddinovni “odobsizlik”da aybladi va uning nuqtai nazari Respublika O‘zbeklar jamiyatiga taalluqli emas, deya bayonot berdi.

Xatlon viloyati O‘zbeklar jamiyatiga 2004 yildan beri rahbarlik qilib kelgan Salim Shamsiddinov bir yil avval Respublika O‘zbeklar jamiyati raisi muovini vazifasiga ham tayinlangan edi.

Lekin 5 may - aynan u kaltaklangan kuni Respublika O‘zbeklar jamiyati navbatdan tashqari majlis o‘tkazib, Salim Shamsiddinovni jamiyat a‘zoligidan chiqardi.

Tojikiston O‘zbeklar jamiyati raisi Muharram Mirzaolimova Ozodlik bilan qisqa suhbatda, Shamsiddinovning jamiyat safidan aynan u kaltaklangan kunda chiqarilgani xususida izoh berishdan bosh tortdi.

- Hech kim uni kaltaklagani yo‘q. Hammasi yolg‘on. Hech kim kaltaklagani yo‘q. Uni kaltaklab bo‘ladimi? Ishonasizmi, uni kaltaklab bo‘lmaydi, dedi Tojikiston O‘zbeklar jamiyati raisi Muharram Mirzaolimiova.

Qo‘rg‘ontepa shahar ichki ishlar bo‘limi Salim Shamsiddinovning kaltaklangani yuzasidan surishtiruv boshlanganini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG