Линклар

Bu haqda Ozodlikka so‘zlagan da‘vogarlar amaldorlar jazolanishi bilan birga o‘z haqlarining to‘liq undirilishini ham so‘ramoqda.

Toshkent viloyat prokuraturasida “Chinni bozor”dagi do‘konlarni qurish chog‘idagi qonunbuzarliklar aniqlanishi ortidan yana bir necha amaldor hibsga olingan va ular ustidan tez kunlarda mahkama boshlanishi kutilmoqda.

Ushbu ishda da‘vogar sifatida ishtirok etgan Shoira Sodiqbekovaga ko‘ra, "Chinni bozor" ishi ortidan Toshkent viloyati Soliq boshqarmasining Bozorlar va savdo komplekslarini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Rustam Tursunboyev ham ayni damda hibsda saqlanmoqda.

Bunga qadar Toshkent viloyati Jinoiy ishlar sudi hukmiga binoan, avvaliga, “Chinni bozor”dagi do‘konlarni qurish ishlarida prorab bo‘lib ishlagan birgina amaldor — Farhod Abdurazzoqovga 15,5 yillik qamoq jazosi berilgan edi.

- Hozirgi kunda bozor rahbari Rahim Ahmedov va uning kuyoviga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda. Ish yaqin kunlarda sudga chiqishi haqida biz da‘vogarlaga xabar berishdi. "Chinni bozor" ishi bo‘yicha hozir viloyat va respublika soliq qo‘mitasining Bozor va savdo komplekslari bo‘yicha nazorat bo‘limlarining rahbarlari ham tergovga tortilganini aytishdi. Ya‘ni, bular jinoiy zanjir bo‘lib ketganda, deydi Shoira Sodiqbekova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bitta jinoiy zanjirga tizilayotgan mulozimlarning “TATIKO” nomli soxta firma tashkil qilib, davlat g‘aznasidan olingan 4 milliard so‘mning o‘zlashtirgani aniqlangani birinchi sud hukmida ko‘rsatilgan.

Ayblov xulosasida sudlanuvchilarning “Chinni bozor”dagi qurilish ishlari uchun , davlat byudjetidan ajratilgan 4 milliard so‘m pulni o‘zlashtirib yuborgani qayd qilingan.

Toshkent viloyati Soliq boshqarmasi bu jinoyatga aloqadorlikda ayblanayotgan Bozorlar va savdo komplekslarini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Rustam Tursunboyevning hibsda saqlanayotganiga oid ma‘lumotlarga oydinlik kiritmadi.

- Telefonda bunaqa ma‘lumotlar berilmasligini yaxshi bilasizku, dedi Ozodlik murojaatiga javoban soliq boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Ammo o‘zaro suhbatdan aniq bo‘lishicha, Tursunboyev bundan bir necha oy muqaddam ishdan bo‘shatilgan.

"Chinni bozor" va Toshkent viloyat soliq idorasi mulozimlariga nisbatan davom etayotgan bu mahkamalarni diqqat bilan kuzatayotgan tadbirkorlardan yana biri Rasuljon aka bu jarayonni juda adolatli, deb baholadi.

- Haqiqatda asos bu yerda. To‘g‘ri qilingan, deb hisoblayman. Aslida aybi bo‘lmasa, birov uni hibsga ham olmasdiku. Bizdan har kuni har xil pul yig‘imlari bo‘lardida. Endi yaxshi bo‘lib qolar¸ balki, deya umid qiladi Rasul aka.

"Chinni bozor"da savdo qiladigan suhbatdoshlarga ko‘ra, yaqinda bozor rahbari vazifasini bajaruvchi yangi rahbar ishga tayinlangan. Ammo, bozor tadbirkorlari bu kishi bilan yaqindan tanishish imkoniga hozircha ega bo‘lmaganini aytmoqda.

- Biroq, bozorda katta o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Pattachilar, qo‘riqchilar ko‘rinmay qolgan edi, yana paydo bo‘lib qolishdi. Oldingiday pul yig‘imlari ham davom etayapti. Shu hozircha, ishimiz normal, deydi Rasul aka.

Ammo o‘g‘li "Chinni bozor" da tadbirkorlik qilgan¸ o‘zi esa ayni bozorda do‘konga ega bo‘lgan Shoira Sodiqbekova o‘zi kabi da‘vogarlarning asosiy talabi hanuz to‘liq qondirilmaganidan norozi.

- Sud jarayonidan keyin bizning do‘kon uchun 2008 yilda to‘laganimiz summaning o‘zini qaytarib berdi. U paytda bitta do‘kon 24 million so‘m edi. Lekin, hozir bu pulga bitta do‘kon olishning iloji yo‘q, qimmatlab ketdi. Shuni men bankdagi o‘sish darajasi bilan so‘radim, lekin bermadi. Ya‘ni, moddiy-ma‘naviy zarar undirilmadi, faqat o‘zimiz bergan pulni o‘sha 2008 yilgi qiymatda undirib berishdi, xolos, deydi Shoira Sodiqbekova.

Shoira Sodiqbekova to‘rt xonalik kvartirasini sotib, ikki o‘g‘liga “Chinni bozor”dan ikkita do‘kon sotib olish uchun bozor ma‘muriyatiga pul to‘lagani, biroq Sodiqbekovlar oilasiga bozordan faqat bitta do‘kon berilganini aytib, mahkamaga murojaat qilgan edi.

Endilikda Sodiqbekovlar oilasi o‘ziga yetgan moddiy-ma‘naviy zararning ham qoplanishini talab qilmoqda.

Asosan, xo‘jalik va maishiy texnika mollari bilan savdo qilinadigan "Chinni bozor" ma‘muriyati, soliq inspektsiyasi va SES xodimlaridan iborat jami 20 dan ortiq shaxs korruptsiya va davlat mulkini o‘zlashtirishga oid 10 ga yaqin jinoyatda ayblanib, shu yilning 19 yanvar kuni hibsga olingan edi.

2010 yilning fevral oyida Toshkentdagi eng katta ulgurji bozorlaridan yana biri bo‘lgan “Karvonbozor” ma‘murlari ham iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingan edi.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, “Karvonbozor” rahbariyati 30 million AQSh dollari miqdoridagi pulni o‘zlashtirganlikda ayblangan.

Ba‘zi norasmiy manbalar Toshkent shahri va viloyati hududidagi shu kabi bozorlarda sodir bo‘lgan jinoyatlar ortidan ayni kunlarda Respublika Davlat Soliq qo‘mitasining Bozor va savdo komplekslarini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i ham tergovga tortilganini aytmoqda.

Ammo hozircha bu xabar rasmiy tasdig‘ini topgani yo‘q.
XS
SM
MD
LG