Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:40

O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylar rekonstruktsiyasiga hozirlik ko‘rilmoqda


Vazirlar Mahkamasi 2012-13 yillar oralig‘ida respublika shahar va tuman markazlarida ko‘p qavatli uylarni ta‘mirlash va qurish haqida qaror chiqardi.

Shu yil 30 aprelda "Mustahkam oila" yili munosabati bilan qabul qilingan qarorda 2012-2013 yillarda respublika bo‘ylab ko‘pqavatli turar-joy binolarini ta‘mirlash bilan birga yangi binolarni qurish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, yosh oilalarni quvvatlash maqsadida ularga imtiyozli kreditlar berish, "Mehribonlik uylari"da tarbiyalangan yoshlar qurayotgan oilalarni uy bilan ta‘minlash va ularga xayriya asosida uy jihozlarini berish chora-tadbirlari ham belgilangan.

Shuningdek, ayni paytda bo‘sh yotgan va qurilishi bitkazilmagan ko‘p qavatli uylarni rekonstruktsiya qilish va yashashga yaroqli ahvolga keltirish ham belgilangan.

Ma‘lumki, sobiq sovet davrida O‘zbekiston sanoati gurillab rivojlangani uchun hayot qaynagan, biroq hozirga kelib bo‘shab qolgan yoki turar-joy binolari o‘ta abgor holatga kelgan bo‘lsa-da, aholi hanuz istiqomat qilayotgan shaharlari bor.

Bunday shaharlar yoki shaharchalar respublikaning deyarli barcha viloyatlarida ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, Toshkent viloyatining Angren shahrida bo‘sh yotgan ko‘p qavatli binolarni ko‘zga tashlanadi va bu shahar shu kunlarga kelib aholi orasida "o‘lik shahar" nomini ham olgan.

"Mustahkam oila" yili munosabati bilan qabul qilingan hukumat qarorida mana shunday shaharlardagi uylarni rekonstruktsiya qilish orqali yashashga yaroqli ahvolga keltirish rejasi tilga olingan.

Ayni paytda, O‘zbekistondagi katta-kichik shaharlar aholisini hozirda o‘ylantirib turgan yana bir jiddiy masala - qurilganiga bir necha o‘n yillar bo‘lgan va kapital ta‘mirga o‘ta muhtojligidan to‘rt devoru, tomi qolgan bo‘lsa-da, aholi eplab-seplab kun ko‘rayotgan ko‘p qavatli uylar taqdiridir.

Ozodlikka bu borada tinglovchilardan bo‘lgan qator murojaatlarda bunday turar-joy binolarining, asosan, sanuzellari, kanalizatsiya tarmoqlari, tomi yaroqsiz holatga kelgani tilga olinadi.

Aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish shirkatlari olib borayotgan ta‘mirlar esa yillar davomida abgori chiqqan ko‘p qavatli uylardagi nosozlikni tugata olmayotgani aytiladi.

Ozodlik muxbiri hukumatning yangi qarorida aholining asosiy qismini o‘ylantirib turgan mana shu muammoni qanday hal etish ko‘zlangan, degan savol bilan, jumladan, Toshkent shahrining qaror ijrosiga mas‘ul qilingan hokimiyatlari, Kommunal tiklash, ta‘mirlash va avariya xizmatlari mutasaddilariga murojaat qildi.

Toshkent shahrining eski ko‘p qavatli uylari nisbatan ko‘proq bo‘lgan Chilonzor, Yunusobod tumanlaridagi mutasaddi tashkilotlardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozir yangi qaror bo‘yicha mahalliy hokimliklar navbatdagi dasturni ishlab chiqishga hozirlik ko‘rmoqda.

- "Mustahkam oila" yili munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 30 aprel kunidagi qarori bo‘yicha bizga topshiriq kelgan va shu qaror bo‘yicha loyiha kiritilsin, degan. Shahar hokimligidan ham bu borada o‘z ichki qarori kelgandan keyin bizda ham tumanning spetsifikasidan kelib chiqib, tuman qarori chiqariladi va shu bilan ish boshlanadi,- dedi Chilonzor tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qaror asosidagi loyihalarni ishlab chiqish uchun may oyining oxiriga qadar muddat belgilangan.

Keyin ana shu loyihalar asosida har bir tumandagi Kommunal tiklash, ta‘mirlash va avariya xizmatlari ta‘mir ishlarini boshlashi aytilmoqda.

Toshkent shahridagi tuman hokimiyatlari mutasaddilaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, aslida har bir tumanda yengil ta‘mir yoki kapital ta‘mirga muhtoj bo‘lgan ko‘pqavatli turar-joy binolariga oid ma‘lumotlar bazasi mavjud.

Ya‘ni, har yili maxsus komissiya turar-joy binolarining holatini o‘rganib chiqadi.

- Misol uchun, ba‘zi uylarning kapital, yana bir xilini yengil kosmetik ta‘mirlash kerak. Ba‘zilarining tomini qayta yopish kerak. Hozir shahar hokimligi o‘z rejasini ishlab chiqsa, u tasdiqlansa, shunga qarab qarab ish qilamiz, - deydi hokimlik mutasaddisi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, shu vaqtgacha ham ahvoli og‘ir uylar qaysidir darajada ta‘mirlanib kelgan va buning uchun mablag‘ning qariyb 70 foizi, odatan, homiy tashkilotlar, banklardan olingan. Qolgan qismi esa aholidan kommunal to‘lov hisobiga tushgan mablag‘ bilan qoplanmoqda.

Ammo, ahvoli o‘ta og‘ir holga kelgan va eskirib ketgan ko‘pqavatli binolar ta‘miri juda og‘irligi va bunday binolar taqdirini hal qilish hanuz o‘ta jiddiy muammoligicha qolayotganini mutasaddilar ham tan olmoqda.

Toshkent shahridagi Kommunal tiklash, ta‘mirlash va avariya xizmatlari xodimlari bunaqa uylarga oid ma‘lumotlar bazasi ham mavjudligini aytmoqda.

Ya‘ni, har bir tumanda avariya holatiga tushib qolgan uylar soni aholi murojaatlari va yil davomida olib boriladigan tekshiruvlar natijasida qayd etilgan va bunaqa uylar taqdiri xususida shu vaqtgacha aniq qaror bo‘lmagani aytilmoqda.

"Musthakam oila" yili munosabati bilan 30 aprel kuni qabul qilingan qaror ijrosi doirasida esa bunday avariya holatidagi ko‘p qavatli uylar masalasi qanchalik qamrab olinadi va bunday uylarda yashayotgan aholi taqdiri qanday hal qilinadi - hozircha bu noma‘lum qolmoqda.

Toshkent shahridagi qator mutasaddi tashkilot rasmiylari garchi bu masala yaqin yillar ichida hal etilishi juda mushkulligini tan olsalarda, shu yil may oyi oxiriga qadar barcha shahar, viloyat va tuman hokimliklari tomonidan ishlab chiqiladigan loyihalarda bu masala ham inobatga olinishi kutilayotganini aytmoqda.
XS
SM
MD
LG