Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:55

Bolasini pullayotgan muhojirlar qo‘lga olindi


Moskvada yangi tug‘ilgan chaqaloqni sotayotgan Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari hibsga olindi.

Moskva politsiyasi tomonidan 3 kunlik go‘dakni sotayotganlikda ayblanayotgan qirg‘izistonlik ayol va o‘zbekistonlik erkak hibsga olindi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Shimoliy Chertanovo bo‘yicha 6- bo‘limi navbatchi inspektorining Ozodlikka aytishicha, qo‘lga olingan bolafurushlar er-xotin ekani aniqlangan.

- Ha, 150 ming rublga sotayotganida qo‘lga olindi. Bola Avliyo Vladimir nomidagi Moskva shahar bolalar klinik shifoxonasiga olib ketilgan va o‘sha yerga vaqtinchalik joylashtirilgan. Bolaning onasi 27 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi, otasi 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlandi, deya ma‘lum qildi inspektor Godjayev.

Politsiyachining so‘zlariga ko‘ra, bu ikki shaxsning hali tug‘ilmagan bolani sotishga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risida operativ ma‘lumot bir necha hafta oldin olingan. O‘zlarini bepusht oila deya tanishtirgan operativ xodimlar chaqaloqni sotuvga qo‘ygan shaxslar bilan muloqotga kirgan va narxini kelishib olgan.

Qiz bola Moskva shahridagi tug‘ruqxonalardan birida 4 may dushanba kuni dunyoga keldi. 7 may kuni soat 15:50 larda Janubiy ma‘muriy okrug Chertanovo ko‘chasidagi “Ashxobod” kinoteatri yonida bolafurush er-xotin endi tug‘ilgan go‘dak uchun 150 ming rubl pul olayotganida huquq muxofazasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Bola savdosida gumonlanayotgan qirg‘izistonlik va o‘zbekistonlik er-xotin hozircha 48 soatga hibsga olingan.

Mazkur hodisani o‘z nazoratiga olgan Moskva shahar Tergov qo‘mitasi Bosh boshqarmasi ikkovlonga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 217- moddasi 2 qismi “a” bandi (odam savdosi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma‘lum qildi.

Ozodlik muxbiri 4 kunlik go‘dakning ahvolidan xabar olish maqsadida Avliyo Vladimir nomidagi Moskva shahar bolalar klinik shifoxonasiga qo‘ng‘iroq qildi.

O‘zini Irina Anatolyevna deb tanishtirgan pediatriya bo‘limi navbatchisi, 7 may kuni kechqurun bolalar shifoxonasiga keltirilgan bolaning familiyasi Xasanova D.ekanini ma‘lum qildi.

- U Xasanova ekan. Onasi yo O‘zbekiston, yo Turkmaniston fuqarosi ekanini aytishdi. Avvaliga onasi bir ko‘rsatma, keyin boshqa ko‘rsatma bera boshlagan. Ona bolaga deyarli qaramagan hisob, chunki hozirda u klinika bo‘limida saqlanmoqda. Olib kelinganida bolaning harorati 36,7 bo‘lgan, hozir 36,6 darajaga tushib qoldi. Hozircha go‘dak Bolalar uyiga berib yuborilishidan oldin bizda saqlanadi, dedi qizchaning ahvoli birmuncha yaxshilanganini aytgan Irina Anatolyevna.

Pediatriya bo‘limi xodimi so‘nggi yillarda ota-onasi tashlab ketayotgan bolalar orasida ayniqsa rus bo‘lmaganlar ko‘payib borayotganini aytadi.

- Bizda turli rus bo‘lmagan familiyalilar juda ko‘p, juda ko‘p! Axir biz bolalar uchun tez yordam vazifasini bajaramiz. Shu yerda ishlaganimdan beri men bunaqa voqealarga, afsus, ko‘nikib ham qoldim. Nahot odamlarning yuragida biror his-tuyg‘u qolmagan, deya kuyinadi Ozodlik bilan suhbatlashgan avliyo Vladimir nomidagi shahar bolalar shifoxonasi pediatri Irina Anatolyevna.

Suhbatimiz so‘ngida Irina Anatolyevna 4 kunlik bolaga nisbatan maxsus qaror chiqarilsa Xasanova D. yangi ota-onaga berib yuborilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

2011 yilning 22 martida soat 11 larda Krasnogorsk shahrida joylashgan “Ashan” gipermarketidagi oziq-ovqat aravachasida 7 oylik Amirjon To‘xtayev tashlab ketilgani, Leningrad viloyati Roshchino qo‘rg‘onida o‘zbek millatiga mansub erkak axlat konteyneriga bir oylik chaqaloqni tashlab ketgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.
XS
SM
MD
LG