Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:29

D. No‘monova: "Bolalarim qidiruvdamas, IIV yerto‘lasida!"


Dilbar No‘monovaning bu ro‘yxatda suratlari keltirilgan o‘g‘li Mahmud Suyunov va kuyovi Zokir Xismatullinlar 3 yildan buyon bedarak.
Dilbar No‘monovaning bu ro‘yxatda suratlari keltirilgan o‘g‘li Mahmud Suyunov va kuyovi Zokir Xismatullinlar 3 yildan buyon bedarak.

3 yildan buyon o‘g‘li va kuyovi qidiruvda, deb e‘lon qilingan toshkentlik Dilbar No‘monova Ozodlik bilan suhbatda farzandlarining O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hibsxonasida saqlanayotganini iddao qilmoqda.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, 23 yoshli o‘g‘li Mahmud Suyunov va 36 yoshli kuyovi Zokir Xismatullinlar 2009 yilning 9 avgustida Uchtepa tumanidagi xonadonlardan biriga ustachilik qilish uchun borishgan.

- O‘sha kuni remontni tugatamiz, bugun oxirgi kun, deb ketishgan edi. Kechki soat 5 yarimlargacha telefoni ishlab turdi. Keyin telefonlari uzildi. Ertalabgacha kutdik kelishmadi. Keyin 02ga telefon qildik. Ikkita militsioner kelib, u yoq-bu yoqqa telefon qilib, oxiri Chilonzorda yuzdan ortiq odam qo‘lga olingan, lekin hali hammasi ro‘yxatga olinmagan, degan gapni aniqlab berishdi,- deydi Dilbar No‘monova.

Bu ayol o‘sha kuniyoq Chilonzor tumani IIBsiga borgani, ammo u yerdan o‘g‘li va kuyovining daragini topolmagach, yigitlar ustachilik qilgan Uchtepa tumanidagi xonadonga borganini aytadi.

- O‘sha yerda qo‘shnilar aytishdi: ikkalasiniyam boshiga qop kiydirib, qo‘llarini orqasiga qilib, mashinaga solib olib ketishdi, deb. Keyin ular remont qilgan uyning egasini topib, birga borsak, uyda chiroqlar yoniq, asboblar sochilib yotibdi, lekin bolalar yo‘q. Mashina ham yo‘q. Ikki-uch kundan keyin mashinani militsionerlar olib kelib berishdi. Lekin, o‘shandan beri bolalarimiz yo‘q,- deydi Dilbar No‘monova.

Unga ko‘ra, 2009 yil avgustdan buyon o‘g‘li Mahmud Suyunov va kuyovi Zokir Xismatullinlarni so‘rab qilgan murojaatlariga javoban IIB ularning qidiruvda ekanini aytib kelmoqda.

Ularning suratlari esa qidirilayotganlar ro‘yxatiga kiritilgan. Ammo, ayol buni yolg‘on da‘vo, deb hisoblamoqda va bunga bir necha asoslari borligini aytmoqda.

No‘‘monovaning bolalari g‘oyib bo‘lgan kuni - 2009 yilning 9 avgustida O‘zbekiston IIVning Terrorga qarshi kurash va korruptsiya bo‘limi xodimi, podpolkovnik Hasan Asadov o‘z uyida otib ketilgan. Bundan bir necha kun muqaddam - 31 iyulda esa Toshkent imom-xatibi Anvar qori Tursunovga suiqasd uyushtirilgan edi. O‘sha kuni kechqurun Chilonzor tumanida militsiya yuzdan ortiq yosh yigitlarni hibsga olgan.

Bundan tashqari, voqeadan bir hafta o‘tib, Dilbar No‘monovaning qizi ham Madina Xismatullina ham hibsga olingan.

- Bolalarimni yo‘q, yo‘q, deb o‘tirib, hokimiyatdan keldik, deb, hech qanaqa qog‘oz ko‘rsatmasdan, qizimning uyini tintuv qilishdi. Kompyuterlarni olib ketishdi. Keyin esa qizimni qaysidir bir ayolni haqorat qildi, degan soxta sabab bilan 15 sutkaga hibs qilib, so‘roq-savollar paytida faqat bolalarimni, ayniqsa, kuyovimni so‘rashdi. Shu Anvar qori domlaga suiqasdda bularam aybdorligi masalasida so‘roq qilishgan,- deydi Dilbar No‘monova.

Shundan buyon oradan 3 yil o‘tdi va No‘monova o‘shandan buyon bolalari bedarak ketganidan xavotirda yashamoqda.

No‘monova bu orada Mirzo-Ulug‘bek tumani, Toshkent shahri IIB va O‘zbekiston Respublikasi IIV, MXX, prokuraturaga takror-takror murojaat qilgani, ammo bolalarining qidiruvda ekanidan boshqa javob ololmayotganini aytmoqda.

- Men o‘rtada surishtirtirsam, o‘rtaga tushgan odamlar aytishdiki, MVDni podvalida o‘tirishibdi, deb. Bular esa tan olmayapti. 3 yildan buyon topardida bolalarimni. Men 25 yillik pedagogman. Bolalarimni yetimlikda katta qilganman va men terroristni tarbiya qilganim yo‘q. Ular usta edi xolos, begunoh. Lekin 3 yildan buyon arzimni tinglaydigan biror idora topa olmaganim uchun noiloj sizlarga murojaat qildim,- deydi Toshkent shahrining Bektemir tumanida istiqomat qiladigan 57 yoshli o‘qituvchi Dilbar No‘monova.

U 3 yildan buyon qidirayotgan 23 yoshli o‘g‘li Mahmud Suyunovning ma‘lumoti o‘rta, ustachilik bilan shug‘ullanib kelgan. 36 yoshli kuyovi, ikki farzandning otasi Zokir Xismatullin ham usta.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, bu yigitlar so‘nggi 2 yil ichida birgalikda xususiy uylarda ta‘mirlash ishlari bilan shug‘ullanib, tirikchilik qilishgan.

Dilbar No‘monova farzandlarining O‘zbekiston IIVning Terrorga qarshi kurash va korruptsiya bo‘limi xodimi, podpolkovnik Hasan Asadov hamda Toshkent shahri imom-xatibi Anvar qori Tursunovga uyushtirilgan suiqasdga qandaydir aloqasi borligini mutlaqo inkor qilmoqda.

Ammo, bu ayolning murojaati ostida 2010 yildan buyon yigitlarning ishi bilan shug‘ullanib kelayotgan O‘zbekiston Ekspertlar ishchi guruhi bu oilaga nisbatan huquq-tartibot idoralari tomonidan sodir etilgan qator qonunbuzarliklarni aniqlaganini ma‘lum qildi.

- Bu yigitlar g‘oyib bo‘lganidan so‘ng yollangan advokatlar, avvaliga, ularning Toshkent viloyati IIBning tergov izolyatorida saqlanayotgani, 16 avgustga uchrashuv belgilanganini aytgan. Lekin 2 kun o‘tgandan keyin ikkalasi birdan: "Adashibmiz, bular ayni familiyadagi boshqa odamlar ekan", deb aytishgan. Umuman, bu ishda qarama-qarshilik juda ko‘p. Misol uchun, ayrim rasmiy hujjatlarda yigitlar 14 iyulda, ayrimlarida 29 avgustda qidiruv e‘lon qilingan. Shunaqa qarama-qarshiliklar bois, bu yigitlar IIB yoki MXX qo‘lida, deya taxmin qilish mumkin, deydi O‘zbekiston Ekspertlar ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov.

Guruh ishni o‘rganish jarayonida bir necha qonunbuzarliklar, jumladan: bu yigitlarning ish joyidan o‘g‘irlanishi, yaqinlariga xabar berilmagani, tushuntirish berilmagan holda qidiruvga berilishi, ularga tegishli avtomobilning noqonuniy ravishda olib qo‘yilishi, Zokir Xismatullinga qarashli uch xonali uyning musodara qilinishi, bundan tashqari, Zokir Xismatulinning o‘zi va rafiqasi oilasining 3 yildan buyon huquq-tartibot idoralari tomonidan muttasil ta‘qibga olinishi kabi holatlar aniqlanganini sanab o‘tgan.

Tashkilot tarqatgan bayonotda aytilishicha, bu ish 2009 yilda davlat mulozimi va diniy ulamoga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar ortidan O‘zbekiston fuqarolariga tirkalgan soxta jinoiy ishlardan biridir.

Dilbar No‘monova bu holatning hammasini tasdiqlar ekan, shu kunlarda kuyovining nomida bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi uch xonali uy musodara qilib bo‘linganini ham aytadi.

- U yerda qizim 2 ta bolasi bilan, qaynonasi va qayin akasining oilasi yashardi. Davlatdan odam kelib, uyni bo‘shating, debdi. Qizim maktab bitguncha yashab turaylik, degan ekan, uyni sotib olgan odam mayli, 1 iyungacha yashab turing, debdi. Kuyovim hali qidiruvda, hali u sudlangani yo‘q, lekin uning uyini ham, mashinasini ham musodara qilib bo‘lishdi,- deydi Dilbar No‘monova.

Endilikda bu ayol yagona umidi inson huquqlarini himoya qiluvchi mahalliy va xalqaro tashkilotlar, xorij matbuotiga murojaat qilish orqali o‘z arzini dunyoga yetkazish va shuning ortidan najot topish ekanini aytmoqda.

Shu o‘rinda Dilbar No‘monova kabi huquq-tartibot idoralari qidiruvda, deb e‘lon qilgan yaqinlarining hibsxonalarda qolayotganini da‘vo qilib yurgan fuqarolar Ozodlikka bunga qadar ham murojaat qilganini eslatib o‘tish joiz.

Bunday fuqarolar yaqinlarining hibsda ekaniga oid ko‘plba norasmiy ma‘lumotlar va guvohlar ko‘rsatmalariga ega ekani, ammo huquq-tartibot idoralari buni inobatga olmasligidan noliydilar.

Huquq faollari va advokatlar, ba‘zi hollarda, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan noqnuniy ravishda o‘g‘irlab ketilgan shaxslarning tergov chog‘idagi qiynoqlar bois vafot etishi va buni yashirish maqsadida IIV xodimlari ularni qidiruvga berib, ishni bosti-bosti qilib yuborishi hollari mavjudligini aytib keladi.

2011 yilning 3 noyabrida "Farg‘ona" nashri "Jallodning pushaymoni" nomli videomaterialni e‘lon qilgan va unda o‘zini 1963 yilda Jizzaxda tug‘ilgan¸ to‘rt marta sudlangan Aleksandr Rahmonov deb tanishtirgan shaxs sobiq mahbuslar va hibsga olinganlarning yaqinlari hamda advokatlari gapirib kelgan qiynoqlar, qotilliklarga oid taxminlarni tasdiqlagan edi.
XS
SM
MD
LG