Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:56

AQShdagi o‘zbeklar Shukurdan nega xafa?


Ozodbek Nazarbekov va Shukrullo Isroilovning AQShdagi kontserti afishasi.
Ozodbek Nazarbekov va Shukrullo Isroilovning AQShdagi kontserti afishasi.

O‘zbekistonlik taniqli qiziqchi Shukrullo Isroilovning AQShga kontsert safari chog‘ida u yerdagi o‘zbeklarga gastarbayterlar deb murojaat qilgani muxlislariga biroz og‘ir botgan ko‘rinadi. Internetda bu yuzadan qiziqchi sha‘niga e‘tirozlar yog‘ilmoqda.

O‘zbekistonlik qiziqchi Shukrullo Isroilov o‘tgan hafta taniqli xofiz Ozodbek Nazarbekov bilan AQShga kelganida Nyu Yorkning Jon Kennedi aeroportida muxlislarni kontsertga taklif qila turib, ularni "gastarbayterlar" deya atadi va so‘z ohangida biroz kesatiq sezilgani Amerikada yashab ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarga yoqmadi chog‘i.

“Ish-pishlarni yig‘ishtiringla, Sizlani deb keldik. Ish topiladi, pul ham topiladi, biz topilmaymiz, kelinglar kontsertimizga, hurmatli gastarbayterlar”,- dedi Shukrullo Isroilov.



Shu o‘rinda aytish joiz, AQShdagi o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi u yerga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganlardan iborat.

Biz kim ekanligimizni va bu yerda nima uchun yashayotganimizni odamlar aniqroq anglab yetsa yaxshi bo‘lar edi, deydi Nyu Yorkning Beth Israel kasalxonasida shifokor bo‘lib ishlaydigan Sardor Ilxomov.

- Kontsertiga bilmasdan borib qo‘yibman. Hozir borganimga afsuslanyapman. Gastarbayterlar emish. Amerikada qanaqa gasterbayter, do‘stim. Biz doktor bo‘lib gospitalda ishlasak, shuncha yil o‘qib, odamlarga yordam bersak biz gastarbayter bo‘ldikmi,- deya kontsertga borganidan afsuslanadi Sardor.

Gastarbayter yomon so‘z emasku


Gasterbayter nemischa so‘z bo‘lib, mehmon ishchi yoki mehnat muhojiri ma‘nosini beradi. Gastarbayter yomon so‘z emasku, deya so‘raymiz asli o‘zbekistonlik shifokordan.

- To‘g‘ri yomon so‘z emas. Lekin u so‘zni boshqa yo‘nalishda ishlatdi-da. Bizga nisbatan hunuk ma‘noda aytgan-da buni, huddi biz yerdan chiqqan qo‘ziqorindek hammamiz qora ishchi. Axir uni o‘zi gastarbayter deb atayotgan odamlarning pulini olgani kelganku bu yerga,- deydi Sardor Ilxomov.

Shukrullo Isroilovning Nyu York aeroportida aytganlari tushirib olingan videotasvir Internetdagi Youtube videoportaliga qo‘yilgan. AQShdagi o‘zbeklar qiziqchidan xafa ekanliklarini video ostiga qo‘yilgan o‘nlab izohlardan ham payqash mumkin.

"Shukur aka, siz aytayotgan o‘sha gastarbayterlar nima kasb qilishidan qat‘iy nazar nonini halol topayapti, buni unutmang",- deb izoh qoldirgan o‘zini Nargiz deb tanishtirgan Internet foydalanuvchi.

O‘zbekistonlik xofiz Ozodbek Nazarbekov va qiziqchi Shukrullo Isroilovning “Xush keldingiz” deb nomlangan kontserti 26-29 aprel kunlari AQShning Bruklin, Kuinz va Filadelfiya shaharlarida o‘tkazildi.

Bruklindagi “Millenuim Theatre” zalida o‘tkazilgan kontsertga yig‘ilgan tomoshabinlar soni 300dan oshmagan.

“Nazarbekovning Toshkentdagi “Istiqlol” san‘at saroyida 15 kun davomida bergan kontsert dasturi muxlislar bilan to‘lib toshgandi. Hatto chipta yetmay qolgan. Lekin nima uchun xonanda O‘zbekistondan AQShdagi o‘zbeklar uchun kontsert bergani keladiyu zal to‘lmay qoladi? Yo bunga qiziqchi Shukrullo Isroilovning o‘ylamay aytgan gapi sabab bo‘ldimikin?”,- deya xabar berdi UzTV New York xususiy kanali.

"Shukur akamning gapini og‘ir olishmasin"


Shukrullo Isroilovning o‘zidan izoh olish uchun kun bo‘yi qo‘ng‘iroq qilib o‘zini topa olmadik. Oxiri, telefon go‘shagini Shukrullo Isroilovning ukasi oldi.

- Akmni gapiga xafa bo‘lishmasin. U gapni Shukur akam ularga emas, Ozodga aytganla hazillashib. Og‘ir olishmasin. Biza xalqimizni yaxshi ko‘ramiz, qayerda bo‘lishidan qat‘iy nazar yaxshi ko‘ramiz. Shukur akam ham sizlani yaxshi ko‘radila, sizlani yaxshi ko‘rganliklari uchun Amerikaga bordila kontsert bergani,- dedi qiziqchining ukasi.

Shukrullo Isroilovning o‘zi AQShdagi kontserti arafasida Ozodlik muxbiri bilan suhbatda:

- Endi biz ko‘p dunyo kezganmiz. Ko‘p mamlakatlarga bordik. Lekin o‘zimizning O‘zbekistonga teng keladigan yurtning o‘zi yo‘q. Har bir insonning o‘zining tug‘ilgan joyi yaxshi, deydi-ku. Chet elga borsak, uzog‘i bilan bir haftaga bo‘lsa, bo‘ldi. Jonga tegadi. Odam uyiga ketgisi keladi. Avvalo O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin. Chet davlatlarda yurgan yurtdoshlarga niyatimiz sog‘-salomat bo‘lishsin. O‘zbekligini unitishmasin,- degan edi.
XS
SM
MD
LG